Serbiyada temiryo‘l vokzalida tom qulashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi

Jahon 08:47 / 02.11.2024 1917

Serbiyada Novi Sad shahridagi temiryo‘l vokzalida beton tom yopgichning qulashi natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi yaralandi, deb xabar berdi Serbiya Ichki ishlar vazirligi 1 noyabr, juma kuni.

Avvalroq Serbiya ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachich vayronalar ostidan sakkiz kishining jasadi topilganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, qutqaruvchilar hali ham vayronalar ostida qolayotgan bir ayol va 14 yoshli qiz bilan aloqada.

Hodisa sabablariga oydinlik kiritilmoqda. Stansiya yopiq. Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchich bu voqea «Novi Sadning urushdan keyingi tarixidagi eng og‘ir kunlardan biri» ekanini aytdi. U qulash sabablari o‘rganilib, aybdorlar jazolanishiga va’da berdi. Tergovga Serbiya Bosh prokuraturasi rahbarlik qilmoqda.

Uch kunlik motam

Novi Sad rasmiylari uch kunlik motam e’lon qildi. 2 noyabr kuni ham bir kunlik milliy motam e’lon qilingan. Qulash 1 noyabr kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Tom ostida skameykalar bo‘lgan va qulash vaqtida ko‘plab odamlar o‘tirgan, deya xabar beradi mahalliy OAV.

Serbiya poytaxti Belgraddan 70 kilometr uzoqlikdagi yirik shahar Novi Saddagi temiryo‘l vokzali 1964 yilda qurilgan. Yaqinda u katta ta’mirdan o‘tkazildi va 2024 yil iyul oyida qayta ochildi. Serbiya temir yo‘llari infratuzilmasi departamentining aniqlik kiritishicha, qulab tushgan beton soyabon rekonstruksiya qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: