TIV ma’lumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi afg‘on yo‘nalishidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Niderlandiyaning yuqori martabali diplomati Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatishda O‘zbekistonning muhim roli va rasmiy Toshkentning qo‘shni mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash borasidagi sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Indiana universiteti (AQSh) antropologiya va Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari kafedrasi professori Nazif Shahroniy bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi, bu mamlakatda barqarorlikni o‘rnatish yo‘llari yuzasidan fikr va baholar almashdilar.
Nazif Shahroniy o‘z vatanidan tashqarida yashayotgan afg‘onlar O‘zbekistonning afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish va umuman Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatishdagi faol ishtirokini yuksak qadrlashini ta’kidladi.