Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, odamlar COVID-19 pandemiyasi boshlanishidan oldingi davrga nisbatan kuniga 51 daqiqa kamroq vaqtini ko‘chada o‘tkazmoqda. Shuningdek, yurish vaqti ham kuniga 12 daqiqaga qisqargan. Mutaxassislarning fikricha, bu pandemiyaning barqaror oqibati hisoblanadi.
34 ming amerikalik ishtirok etgan so‘rovnoma davomida, tadqiqotchilar ilk bor uyda va undan tashqarida o‘tkazilgan vaqt o‘rtasidagi muvozanat qanday o‘zgarganini batafsil tahlil qildi. Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, 2003 yildan boshlab uydan tashqarida o‘tkazilayotgan vaqt asta-sekin qisqarib kelgan, ammo pandemiya bu jarayonni sezilarli darajada tezlashtirgan.
Bunga asosiy sabab texnologiyalarning keng qo‘llanilishi va pandemiya tufayli odatlar o‘zgarishi deb ta’kidlamoqda tadqiqot mualliflari. Internetga ulanish kengayib, yangi aloqa vositalari paydo bo‘lgach masofadan ishlash, onlayn xarid va uyda dam olish ommalashdi. Bu esa odamlarning biror joyga borish, umuman uydan chiqish ehtiyojini kamaytirdi.
Tashqaridagi faollikning pasayishi nafaqat shaxsiy odatlarga ta’sir ko‘rsatadi, balki shaharni rejalashtirish usullarini qayta ko‘rib chiqishni ham taqozo etadi. Olimlar bo‘sh turgan ofis va savdo binolarini turar joyga aylantirish, shuningdek, internet-xaridlar ommalashishi natijasida rivojlanayotgan kurerlik xizmatlari uchun hududlarni kengaytirishni tavsiya qilmoqda. Transport masalasida esa, piyodalar va velosipedchilar uchun sharoitlarni yaxshilashga, aholining himoyaga muhtoj qatlamlari uchun qulay harakatlanishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarur.
Masofaviy ish va dam olish shakllariga o‘tish transport xarajatlarini va zararli moddalarning atmosferaga ajralishini kamaytirishi mumkin, bu ekologiya uchun foydali hisoblanadi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor: real hayotda muloqot cheklanib, odamlar orasida ijtimoiy yakkalanish kuchayishi mumkin.
AQSh Aholini ro‘yxatga olish byurosi tomonidan o‘tkazilgan American Time Use Survey so‘rovi doirasida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiyadan keyin uydan tashqaridagi faollik biroz tiklanganiga qaramay, 2023 yil holatiga ko‘ra ko‘rsatkichlar 2019 yilga nisbatan pastligicha qolmoqda. Masalan, 2021 yildan beri uydan tashqarida o‘tkazilgan vaqt atigi 11 daqiqaga ko‘paygan bo‘lsa-da, bu hali ham pandemiyadan oldingi davrga nisbatan 53 daqiqaga kam.
Shuningdek, an’anaviy xarid turlari onlayn xaridlar bilan almashtirilmoqda, biroq umumiy hisobda, xaridlarga sarflanadigan vaqt kamaygan. Pandemiya davrida uy sport jihozlarini sotib olish oshgan. Bundan tashqari, ko‘pchilik ko‘proq uxlay boshlagan, bu esa mualliflarning fikricha, qo‘shimcha tahlilni talab qiladi, chunki ilgari uyqu vaqtining bu darajada ko‘payishi kuzatilmagan.
Tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, “uy hayoti”ga o‘tish jarayoni pandemiyadan ancha oldin boshlangan bo‘lsa-da, 2020 yildan bu jarayon yanada tezlashdi. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi innovatsiyalar bunda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biroq, zamonaviy turmush tarzidagi o‘zgarishlarni chuqurroq tushunish uchun hali o‘rganiladigan omillar ko‘p.