Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2024 yil dekabr oyida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi (YeXHT TIVK) majlisida ishtirok etish uchun Maltaga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Vedomosti» gazetasi 1 noyabr, jumaga o‘tar kechasi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga tayanib xabar berdi.
«Ushbu ssenariyda Lavrov Ukrainada maxsus operatsiya (Rossiya Federatsiyasi rasmiy ravishda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumini shunday ataydi), boshlanganidan beri birinchi marta Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan davlatga tashrif buyuradi » deb ta’kidlaydi nashr. Zaxarova ta’kidlaganidek, «ushbu tadbirga mezbonlik qilayotgan mamlakat YeXHTga a’zo barcha mamlakatlarga ishlash imkoniyatini berishi kerak».
Maltaning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi nashr so‘roviga javoban YeXHT Vazirlar kengashi yig‘ilishini 5-6 dekabr kunlari ushbu mamlakatda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror «barcha a’zolarga, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasiga tegishli ekanligini tasdiqladi». Malta elchixonasi Yevropa Ittifoqi tomonidan Sergey Lavrovga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermadi. O‘z navbatida, YeXHT Kotibiyati Malta elchixonasi ma’lumotlariga qo‘shadigan hech narsasi yo‘qligini aytdi.
Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi. «Afsuski, Anqara «Kiyev rejimi» bilan harbiy-texnik sohada hamkorlikni davom ettirmoqda, turk qurollari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan rossiyalik harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillarini o‘ldirishda qo‘llanmoqda», — dedi Lavrov 1 noyabr kuni Turkiyaning Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida.
Uning fikricha, Turkiyaning bunday harakatlari Ukrainadagi «harbiy mojaro»ni hal etishda vositachilik qilishga tayyorligiga zid keladi. Shu bilan birga, u Rossiya Federatsiyasi «Turkiyaning Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini» ta’kidladi va 2022 yil bahorida Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarni, shuningdek, Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvni esladi.