Archazordan topilgan odam boshi – Qo‘shtepadagi qotillik tafsiloti

Jamiyat 19:20 / 02.11.2024 87297

Bundan 2 yil oldin Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida sodir bo‘lgan jinoyat ko‘pchilikni hayratdan yoqa ushlashga majbur qiladi. Negaki, qotillik tafsilotini eshitganlar nahotki ovqat uchun tortishuv shu qadar vahshiylikka sabab bo‘lgan bo‘lsa, degan o‘yga borardi. Ammo jinoyat ildizi, unga sabab bo‘lgan omillar ancha chuqurroq edi: ovqat ustidagi tortishuv esa shu holdayam limmo-lim to‘lgan piyolaga so‘nggi tomchi bo‘lgandi xolos.    

To‘y

Rasul Imomov 2011 yilda o‘zi bilan birga yashaydigan uchinchi farzandi Husniddinni yaxshi niyatlarda Gulmira ismli qizga uylantirib qo‘yadi. Qo‘l-oyog‘i chaqqon kelin yelib-yugurib qaynona va qaynotaning xizmatini qila boshlaydi. U Oltiariq tumani Fayziobod qishlog‘idagi bolalar sog‘lomlashtirish sanatoriyasida kutubxonachi vazifasida ham ishlardi.

To‘y o‘tganidan bir yildan keyin negadir qaynona va kelin o‘rtasiga sovuqchilik tushadi: Gulmira qaynonasi bilan salomlashmaydigan, gap qaytaradigan odat chiqaradi. Turmush o‘rtog‘i bilan ham goh-gohida janjallasha boshlaydi. Albatta, har doim bo‘lgani kabi bu yerda ham qars ikki qo‘ldan chiqqan.

Kelinning uyga qaytishi

Arzimas ko‘ringan bu janjallar bora-bora oilaviy kelishmovchilikka aylanadi hamda kelin farzandli bo‘lgach ota uyiga ketib qoladi. Uning ortidan borgan turmush o‘rtog‘i o‘sha yerda biror oy birga yashaydi va so‘ngra ishlash uchun Rossiyaga ketadi. Biroq Rossiyada Husniddinning ishlari yurishmaydi, 1,5 oyda deport bo‘lib ortga qaytadi.

U uyiga emas, to‘g‘ri ota uyida yashayotgan turmush o‘rtog‘ining oldiga borib, o‘sha yerda yashay boshlaydi. Bir oy o‘tgach esa xotinini olib, o‘z uyiga keladi.

Shu tariqa, Gulmira goh ota uyiga ketib, goh kelinlik uyiga qaytib yashab yuradi. 2022 yilning 1 oktyabr kuni u yana g‘oyib bo‘ladi. Ammo bu safar u achchiqlab ota uyiga ketmagandi.

Adirlikdan topilgan murda

2022 yilning 2 oktyabr kuni Rasuljon Imomov mahalla raisi hamda profilaktika inspektoriga kelini ketib qolganini aytadi. Ko‘p o‘tmay kelinning ota uyiga bormagani oydinlashadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, Gulmiraning yaqinlari oyoqqa turadi va uni izlay boshlashadi. Qidiruv ishlari ko‘pga cho‘zilmaydi: Oltiariq tumani Fayziobod mahallasidagi fermer xo‘jalik yerlariga tutash maydondan tanadan ajratilgan bosh topiladi. Kelin mudhish qotillik qurboni bo‘lgan edi.

“Ovqatni mazaliroq pishiring, kelin”

Gulmiraning qotili aslida mahalla raisi va profilaktika inspektoriga uning ketib qolgani haqida xabar bergan qaynotasi, 1958 yilda tug‘ilgan Rasul Imomov edi.

2022 yilning 1 oktyabr kuni soat 15:00 larda ko‘chadan uyga qaytgan qaynota oshxonada kelini Gulmira ovqat pishirayotganini ko‘rib, unga taomni mazaliroq pishirishni buyuradi. Bunga javoban kelin jahl qilgan holda ovqatni qo‘lidan kelgancha tayyorlashini, qanday bo‘lsa-da, baribir uni yeyishini aytadi.  

Bundan g‘azablangan qaynota uyda ulardan boshqa hech kim yo‘qligidan foydalanib, oshxonaga kiradi hamda qo‘li bilan Gulmira Qosimovaning bo‘ynidan uradi. Zarbadan kelin yerga yiqilib, hushini yo‘qotadi.

Adirlikdagi qotillik

Rasul Imomov hushsiz yotgan kelinini Matiz mashinasining orqa o‘rindig‘iga yuklab, Farg‘ona tumani Oqbilol qishlog‘idagi adirlik maydoniga olib boradi. Atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, Gulmirani mashinadan tushirib, pichoq bilan kesgan holda boshini tanasidan ajratib oladi. 

 So‘ngra qotil qaynota kelinining boshini tselofan paketga solib, mashinaga qo‘yadi. Tanasini esa qo‘l va ko‘krak sohalaridan bo‘laklarga ajratib, adirlik yaqinidagi chiqindi tashlash joyiga uloqtirib yuboradi. Kesib olingan boshni esa Oltiariq tumani Fayziobod mahallasidagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonining chetidagi archa daraxti orasiga yashirib ketadi.

“Kelinlik vazifasini bajarmagani uchun o‘ldirdim”

Rasul Imomov suddagi ko‘rsatmasida voqeani shunday hikoya qilib bergan: 

 “O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim uy ro‘parasida joylashgan bog‘da o‘t o‘rishayotgandi. Nevaralarim esa ko‘chada o‘ynab yurishgan ekan. Ovqat pishirayotgan kelinimga yaxshiroq pishirishni, yo‘qsa oshqozonda hazm bo‘lishi qiyinligini aytdim. Kelinim menga gap qaytarib, nima qilsa ham iste’mol qilishlarini aytdi. Shundan so‘ng kelin oshxona eshigini qattiq yopishi oqibatida eshikning oynasi sindi.

Bundan jahlim chiqib, kelinning oldiga bordim va o‘ng qo‘lim bilan bo‘yin sohasiga urdim. Kelin betonga boshi bilan yiqilib, hushidan ketdi va xirillay boshladi. Uni o‘lyapti deb o‘yladim.

Hovli darvozasini berkitib, ikkala qo‘ltig‘idan ko‘targan holda kelinni mashina oldiga sudrab bordim va orqa o‘rindiqqa yotqizdim. Mashina boshqarib, katta yo‘lga chiqdim. Farg‘ona tumaniga qarashli Oqbilol mahallasidagi adirlik tomonga borib, biroz dam oldim. Bu vaqtda soat 18:15 lar bo‘lgandi.

Doimo mashinada pichoq olib yurardim. Kelinni mashinadan pastga tushirib, yuzini pastga qaratgan holatda sochidan ushladim va bo‘yin qismidan kesdim. Pichoq o‘tkir bo‘lgani sababli bo‘yin tez kesildi. Boshni tanadan suyaklarni sindirish yo‘li bilan ajratdim. Tanani jarlikka tashlab yubordim. Boshni esa o‘zim bilan birga “Farg‘ona-Qo‘qon” yo‘liga qadar olib keldim va Farg‘ona tomonga taxminan 1 km yurib, yo‘l bo‘yidagi archaning orasiga joylashtirib qo‘ydim.

Shundan so‘ng uyga keldim. O‘g‘lim, turmush o‘rtog‘im va nevralarim choy ichib o‘tirgan ekan. Turmush o‘rtog‘im menga kelin yo‘qligini aytdi.

3 oktyabr kuni soat Oltiariq tumanidan ayol kishini boshi topilgani haqida xabarga asosan meni IIBga olib borib, kelinim haqida so‘rashdi. Shunda barchasini aytib berdim”.

Rasul Imomov ko‘rsatmasida jinoyatni bir o‘zi sodir etganini, niyati qilmishini yashirish bo‘lganini bayon qilgan. Shuningdek, u Gulmira Qosimovani qasddan o‘ldirishiga asosiy sabab oilaviy kelishmovchilik bo‘lganini, kelini uni, turmush o‘rtog‘ini, o‘g‘lini hurmat qilmaganini, kelinlik vazifasini bajarmaganini ma’lum qilgan.

“Eng og‘ir jazoni berishsin”

Sudda so‘ralgan marhumaning otasi N.Qosimov ushbu jinoyatda nafaqat Rasul Imomov, balki uning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘ining ham aloqasi va qo‘li bor deb hisoblashini bildirgan.

Qizim turmushga chiqqach kuyovim uni ko‘p uradigan, ishlaridan kamchilik axtaradigan bo‘lib qoldi. Qizim ko‘p marotaba farzandlarini olib uyga kelganida turmush o‘rtog‘im unga bolalari borligini, hali hammasi o‘z iziga tushib ketishini tushuntirardi.

Qizim Gulmiraxonga uning qaynotasi Rasul Imomov ham ruhiy tazyiq o‘tkazgan holda uy yumushlarini yaxshi bajara olmayotganini, ovqatni shirin pishirmayotganini gapirib, asabiga tegib kelgan. Qizim tabiatan to‘g‘ri so‘z, haqiqatni gapiradigan, mehnatkash, bolalariga mehribon va ularni yaxshi parvarish qiladigan, o‘zi ishlab, bolalari va o‘zini ta’minlay oladigan ayol edi.

2022 yil 3 oktyabr kuni IIB va prokuratura xodimlari kelib, qizim Gulmirani qidirib topish bo‘yicha surishtiruv harakatlarini o‘tkazishganini, izlash ishlari Qo‘shtepa, Oltiariq va Farg‘ona tumanlarida ham amalga oshirilganini bildirishdi. Shu kuni kechga yaqin qarindoshlarim, qo‘shnilarim uyga kelib, qizimning jasadi Oltiariq va Farg‘ona tumanlari hududlaridan topilganini, u vafot etganini ma’lum qilishdi”, degan u.

Jazo

Rasul Imomovning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar bilan to‘liq o‘z isbotlangan. 

Sud hukmiga ko‘ra, Rasul Imomov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi va 134-moddasi (qabrni tahqirlash) 1-qismi bilan aybdor deb topilgan. Unga 13 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiali asosida tayyorlandi

Ko‘proq yangiliklar: