Turkiya parlamenti yaqin kunlarda «chet el ta’siriga qarshi» qonun loyihasini ko‘rib chiqadi, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining fikricha, undan noroziliklarni bostirish uchun foydalanish mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Qonun, hokimiyatning fikricha, xorijiy davlat yoki tashkilotning ta’siri ostida yoki buyrug‘i bilan «davlat xavfsizligi yoki uning ichki yoki tashqi siyosiy manfaatlariga qarshi ish olib boruvchi» shaxslarning faoliyatini cheklash uchun mo‘ljallangan. Qoidabuzarlar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Hujjat hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u joriy yilning bahorida qabul qilinishi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan Gurjistondagi qonun va Rossiyadagi xuddi shunday mexanizmni eslatadi, deb ta’kidlamoqda nashr. «Chet el agenti» to‘g‘risidagi qonun birinchi marta Rossiya qonunchiligiga 2012 yilda kiritilgan, keyinchalik choralar bir necha marta kuchaytirilgan.
Bloomberg hujjat tafsilotlarini keltirmadi, biroq Turkiyaning BBC xizmati avvalroq ushbu loyiha haqida yozgan edi. Materialda aytilishicha, deputatlar josuslik va davlat xavfsizligi bilan bog‘liq hujjatlarni saqlash bo‘yicha jinoiy moddalarni kengaytirishni taklif qilishgan. «Xorijiy davlatning strategik manfaatlari yoki ko‘rsatmalariga muvofiq» harakat qilganlar qamoq jazosiga hukm qilinadi. Agar qoidabuzarlik urush paytida yoki strategik korxonalar xodimlari tomonidan sodir etilsa, jazo yanada qattiqroq bo‘ladi.
Mutaxassislar va jurnalistlar qonunning noaniq matnidan xavotirda, muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi deputati Inon Oqgun Alp bu hujjat «juda repressiv muhitga» yo‘l ochadi, deb hisoblamoqda. O‘nlab OAV vakillari loyihani ko‘rib chiqishni to‘xtatishga chaqirmoqda.
«Biz qonun loyihasini so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyatiga tahdid deb hisoblaymiz. Noaniq matnli qonun kundalik jurnalistik va fuqarolik faoliyatini jazolanadigan jinoyatga aylantirishi mumkin», dedi Mustafo Kuleli, Yevropa jurnalistlar federatsiyasi vitse-prezidenti.