Rossiyada sariyog‘ va tuxumdan keyin kartoshka ham qimmatlashdi

Jahon 08:47 / 01.11.2024 3183

Rossiyada sariyog‘ va tuxumdan keyin yana bir asosiy oziq-ovqat mahsuloti — kartoshka sezilarli darajada qimmatlashdi. Uning qiymati ketma-ket uchinchi hafta o‘sib bormoqda, deb yozadi «Izvestiya» gazetasi 31 oktyabr, payshanba kuni.

8 oktyabrdan 14 oktyabrgacha kartoshka narxi 1,3 foizga, 15 oktyabrdan 21 oktyabrgacha – 2 foizga, 22 oktyabrdan 28 oktyabrgacha yana 3,1 foizga oshdi, deb yozadi nashr Rosstat ma’lumotlariga tayanib. Joriy yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 54,7 foizga oshgan.

Kartoshka hosili kamaygan

Boshqa narsalar qatorida, bu tendensiya hosilning qisqarishi bilan izohlanadi. Joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga kam kartoshka yig‘ib olindi, bunga noqulay ob-havo sharoiti va ekin maydonlarining qisqarishi sabab bo‘ldi. «O‘tgan yili rekord darajadagi kartoshka hosili yig‘ib olindi – 8,6 million tonna kartoshkaning ulgurji narxi joriy yilning may oyigacha 1 kg uchun 11-12 rubl oralig‘ida edi», — dedi Kartoshka ittifoqi rahbari Aleksey Krasilnikov. Unga ko‘ra, 2024 yilda rentabelsizlik natijasida ekin maydonlari qisqartirilgan. «Shu bilan birga, biz kartoshka taqchilligini kutmayapmiz, garchi narxlarning 2023 yil darajasiga tushishini ham kutmasligimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Chakana savdo kompaniyalari assotsiatsiyasi «Izvestiya» nashriga bergan izohida kartoshka narxining yanada oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini bildirdi.

Rossiyada mahsulotlar narxi 2025 yilda 20 foizga oshishi mumkin

2025 yilda Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda o‘rtacha 8-20 foizga qimmatlashishi mumkin, dedi Eksportchilar va importchilar uyushmasi vitse-prezidenti Artur Leyer. «Prognozlarga ko‘ra, sutning o‘rtacha narxi litri uchun 90 rublgacha oshishi mumkin, bu hozirgi qiymatdan 10-15 foizga yuqori: mol go‘shti — kilogramm uchun 700-800 rublgacha (o‘sish 12 foizga)», — deya 29 oktyabr kuni ekspert so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Praym» agentligi.

Leyer, shuningdek, import qilinadigan meva va sabzavotlarning tanqisligiga e’tibor qaratdi, bu esa ularning narxini 15-20 foizga oshishiga olib kelishi mumkin. «Masalan, kartoshkaning o‘rtacha narxi kilogrammi uchun 40 rublgacha, pomidor esa 150 rublgacha oshishi mumkin», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat tomonidan mamlakatda inflatsiyani jilovlash, jumladan, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va ichki bozorda raqobatni yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, mahsulotlar narxining oshishi muqarrar.

Ko‘proq yangiliklar: