Tepalikka qo‘lbola liftda, baliq oviga qayiqda: qorajiydalik 90 yoshli otaxon hikoyasi

O‘zbekiston 17:03 / 31.10.2024 19448

Tojiali ota chorbog‘iga yog‘ochdan lift yasagan. Bahavo tepalikka liftda ko‘tarilib oshna-og‘aynilari bilan suhbat quradi. Qayiqda suzib baliq ovlaydi, asalari, uzum parvarishlab yaxshigina daromad oladi. “Inson doim harakatda bo‘lishi, hayotdan zavqlanishni bilishi kerak”, – deydi anchagina tetik otaxon.

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani Qorajiyda qishlog‘ida yashovchi Tojiali ota Nortojiyev bilan suhbatlashsangiz dilingiz yayraydi. Otaxon liftni nima maqsadda yasagani, kichikkina baliqchilik ko‘li, asalari haqida so‘zlab berdi.

Tojiali Nortojiyev

“Mana shu hovuzni 20 yil avval baliq boqish maqsadida qaziganman. Har yili baliq ko‘paytirish uchun urug‘ tashlayman. Kuz oylarida tayyor bo‘lib yetilgan baliqlarga qarmoq yoki to‘r tashlab tutib qarindoshlarga, mahallaga savob uchun tarqatamiz.

Baliq ovlayotgan odam bor diqqatini bir ishga qaratib faqat shu bilan mashg‘ul bo‘lar ekan. Boshqa dunyo mashg‘ulotlarini unutib faqat baliq ovlashga asosiy e’tiborini berarkan. Shuning uchun ham baliq tutish umrni uzaytiradi. Asablarining tinchlanishiga olib keladi.

Niyat qilganman, Xudo xohlasa 100 yoshga kirsam ham baliq boqish, asalari ko‘paytirish bilan shug‘ullanaman.

Asalarining inson sog‘lig‘iga katta foydasi bor, hatto zahri ham shifo odamzodga. Ibn Sino bobomizning tayyorlagan ko‘p dorilari tarkibida asal bor. Asalari boqish ham kunlik yumushim. Ulardan olingan asalni savdo uchun ishlatmaymiz, tijorat bilan shug‘ullanmaymiz. Asalni yo‘qsil oilalarga ham xayriya qilamiz.

Alloh quvvatimizni berib tursa har kuni ko‘lga kelib baliqlarni ovqatlantirib turaman. Bog‘imizda 3-4 xil uzum navlari bor. Rizqqa yarasha har yili hosil berib turibdi. Bu uzumlarni 13-14 yil avval ekkanman va yaqinda boshqa xil navlarni ham olib kelish niyatimiz bor.

Har kuni dehqonchilik, bog‘dorchilik, asalariga yemish berish, baliq boqish-xullas, harakatim ko‘p bo‘lgani uchun ham Allohga shukur sog‘lig‘imdan shu paytgacha muammo bo‘lmagan. Mehnatimning rohatini ko‘rib ancha quvonaman. Aslida tog‘ni talqon qiluvchi ishlarni bajarmayman, lekin ozgina mehnatidan kichik bir natijani ko‘rsam ham rohatlanib ketaman. Shunday qilib yashab yuribmiz Allohga shukur.

Inson dunyoga kelib qilayotgan ishidan zavq olishi, rohatlanishi kerak. O‘zi umr qisqagina bo‘lsa. Biz ham shu maqsadda u-bu qilishga, baliq boqishga harakat qilganmiz. Bu ishlar faqat zavq olish uchun aslida.

Bog‘ ichidagi liftni ham o‘zim yasaganman. Ikkita liftni qurganmiz: biri keksalar, bolalar, bolali ayollar tepalikka ko‘tarilishi uchun, ikkinchisi esa oziq-ovqat olib chiqish uchun. Tepaga chiqqan mehmonlarga ovqat yetkazishda biror kim ovqatdan kuyib qolmasin degan maqsadda ham qurilgan. Bu ham yumushlarni osonlashtirib beradigan narsa-da.

Besh qiz, uch o‘g‘il otasiman. Nabiralarining soni juda ko‘p. Hattoki ikki nabiram ham nevaralik bo‘lgan. Allohga shukur, har kuni jismoniy mehnat qilaman, badantarbiyani kanda qilmayman.

Shu sababli ham yoshim 90 ga yaqinlashayotgan bo‘lsa ham belimda quvvatim bor”, – deydi otaxon.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: