Tayvanga «Kong-rey» superto‘foni yopirildi — u orolda oxirgi 30 yil ichida kuzatilgan eng kuchli tabiiy ofatdir, deb xabar beradi BBC.
Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, to‘fon oqibatida kamida 205 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan, bir kishi halok bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, tog‘li va sohil bo‘yidagi hududlarda yashovchi 11,9 ming kishi evakuatsiya qilingan.
1996 yildan beri kuzatilgan to‘fonlar orasida eng kattasiga aylangan «Kong-rey» Tayvanning sharqiy sohillariga mahalliy vaqt bilan 13:40 larda yetib kelgan. Rasmiylar 31 oktyabrni ishlanmaydigan kun deb e’lon qilgan, ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar bekor qilingan, favqulodda xizmatlar esa kuchaytirilgan ish rejimiga keltirilgan.
Bundan tashqari, orolda 500 dan ortiq aviareyslar hamda qariyb 140 ta paromli qatnovlar bekor qilingan.
Tayvan Mudofaa vazirligi 36 ming askarini qutqaruv operatsiyalariga jalb etishga shay. Tayvan prezidenti Lay Tsinda to‘fon munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda odamlarni uyda qolishga va plyajlar kabi xavfli joylarga bormaslikka chaqirdi.
Tayvan meteorologlarining ma’lumotlariga ko‘ra, superto‘fon markazidan 150 kilometr uzoqlikda ham shamol tezligi soniyasiga 25 metrga yetmoqda. Orolga oxirgi marta bunday ko‘lamdagi tropik siklon 1996 yilda yopirilgan — bu «Xerb» to‘foni edi. O‘shanda 51 kishi halok bo‘lgan, 460 dan ortiq inson jarohat olgan edi.