Berlin Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlagani uchun KXDRga sanksiyalar bilan tahdid qildi

Jahon 09:43 / 31.10.2024 2125

Germaniya tashqi ishlar vazirligi KXDR askarlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashsa, KXDRga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini tan oldi. «Agar KXDR askarlari Rossiya Federatsiyasi tomonida janglarda qatnashayotgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlansa, biz ikki tomonlama munosabatlarda keyingi qadamlar, jumladan, qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish huquqini o‘zida saqlab qolamiz», — dedi 30 oktyabr, chorshanba kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Sebastyan Fisher DW nashri savoliga javoban.

Unga ko‘ra, Berlinning pozitsiyasi avvalroq Germaniya tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan Shimoliy Koreyaning muvaqqat ishlar vakiliga yetkazilgan. «Biz uni Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzini qo‘llab-quvvatlamaslikka va Rossiyaga tegishli yordamni to‘xtatishga qat’iy chaqirdik», dedi Fisher.

Berlindagi matbuot anjumanida Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili, shuningdek, Germaniya Xitoy bilan Shimoliy Koreya askarlarini Rossiyaga o‘tkazish bo‘yicha NATO va AQShning xulosalarini muhokama qilganini aytdi.

Kiyev va Seul KXDRga qarshi turish uchun aloqalarni faollashtirmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy janubiy koreyalik hamkasbi Yun Sok Yol bilan Kiyev va Seulning Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ishtirok etishi kutilayotgani fonida telefon orqali muloqot qildi. «Biz Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga aloqadorligini muhokama qildik, faqat bitta xulosa bor – bu urush xalqaro tus olmoqda va ikki davlat chegarasidan tashqariga chiqmoqda», — deb yozgan Zelenskiy 29 oktyabr kuni Telegramʼda.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Janubiy Koreya prezidentiga «3 ming Shimoliy Koreya harbiylarini jangovar zonaga yaqin hududdagi Rossiya poligonlariga o‘tkazish va ularning sonining taxminan 12 mingga ko‘payishi kutilayotgani haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etgan».

«Biz razvedka ma’lumotlari va tajriba almashishni kuchaytirish, keskinlashuvga javoban harakatlar strategiyasi va qarshi choralar ro‘yxatini ishlab chiqish, shuningdek, umumiy hamkorlarni jalb qilish uchun barcha darajalarda, jumladan, eng yuqori darajadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib oldik», dedi u. Zelenskiy ushbu kelishuvlar doirasida Kiyev va Seul yaqin orada harakatlarni muvofiqlashtirish uchun delegatsiyalar almashishini qo‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: