RE/MAX Europe ko‘chmas mulk agentligi tomonidan tayyorlangan New Housing Trend Report 2024 hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida har o‘n nafar yevropalikdan ko‘prog‘i uy-joyga pul to‘lash uchun oziq-ovqat va kundalik ehtiyojlariga sarflaydigan xarajatlarini qisqartirishga majbur bo‘lgan, deb yozadi Euronews.
Minglab odamlar ishtirok etgan so‘rovnomadan ma’lum bo‘lishicha, oxirgi 12 oy ichida Yevropadagi uy-joy narxlari o‘rtacha 54 foizga oshgan. Yevropaliklarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i (37 foiz) uy-joy uchun to‘lov qilishga qodir bo‘lsa-da, ularning moliyaviy ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Deyarli beshdan bir qismi (19 foiz) esa yashash uchun zo‘rg‘a pul topayotganini aytadi.
O‘rtacha hisobda Yevropa uy xo‘jaliklari o‘z daromadlarining 38 foizini ijara yoki ipoteka to‘lovlariga hamda kommunal xizmatlarga sarflaydi. Bu ko‘rsatkich Sloveniyada eng yuqori bo‘lib 43 foizni, Portugaliyada esa 42 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, Shveytsariya aholisi bu borada nisbatan kamroq yuklama (30 foiz) borligini ta’kidlamoqda.
So‘rov ishtirokchilarining 80 foizi uy-joyga pul to‘lash uchun kundalik xarajatlarini kamaytirishni boshlaganini aytgan. 41 foizga yaqini ijtimoiy tadbirlarga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish, 40 foizi esa dam olish va hashamatli buyumlarga ketadigan xarajatlarni qisqartirishga qaror qilgan.
So‘rovda qatnashganlarning taxminan 16 foizi oziq-ovqat xarajatlarini qisqartirganini aytdi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Avstriya va Finlyandiyaga to‘g‘ri keldi — 26 foiz.
Xarajatlarni qisqartirish yetarli bo‘lmaganda
Bu hali hammasi emas. Yevropaliklarning 15 foizi uy-joy xarajatlarini qoplash uchun u yoki bu shaklda qarz olishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. Bu tendensiya ayniqsa Turkiya (32 foiz), Bolgariya (22 foiz) va Ruminiyada (20 foiz) yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Krediti bor aholining uchdan bir qismi uy-joy xarajatlarini kredit kartalari yordamida moliyalashtiradi, undan biroz kamroq, ya’ni 27 foizi esa zarur mablag‘larni qarindosh-urug‘lari va do‘stlaridan so‘raydi. So‘rovda qatnashganlarning to‘rtdan bir qismi overdraftdan (muayyan bankning vaqtinchalik mablag‘ga ehtiyoji bor mijozi foydalanishi mumkin bo‘lgan kredit) foydalangan va undan ham kamrog‘i (23 foiz) uy-joy xarajatlarini qoplash uchun ta’minlanmagan bank kreditiga murojaat qilishga qaror qilgan.
Noaniqlik sharoitida butun Yevropa bo‘yicha so‘rovda qatnashganlarning deyarli yarmi (48 foiz) kelgusi 12 oy ichida uy-joy narxlari yanada oshishini kutmoqda.
Salbiy prognozlarga javoban, yevropaliklarning sezilarli qismi hayotini tubdan o‘zgartirish haqida o‘ylamoqda: 32 foizi moliyaviy jihatdan qulayroq hayot kechirish uchun kichikroq shahar yoki qishloqqa ko‘chishga tayyor, 24 foizi esa xuddi shu sababga ko‘ra chet elga ketish istagida.
Barqaror rivojlanish aholi uchun asosiy masala emas
So‘rovda ishtirok etgan yevropaliklarning 18 foizi elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qiyinchilik bilan amalga oshirayotganini ma’lum qilgan. Ayniqsa, Gretsiyada bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lib, u yerda aholining 36 foizi bu kabi xarajatlarni boshqarishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Yuqori xarajatlar tufayli, ko‘plab oilalar xonadonlardagi ekologik yaxshilanishlarga ikkinchi darajali masala, deb qaraydi. Chunki ular uzoq muddatli barqarorlikdan ko‘ra, eshik qoqib turgan to‘lovlarni amalga oshirishni ustuvor vazifa deb biladi.
Respondentlarning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i (27 foiz) quyosh batareyalarini o‘rnatish, undan biroz kamroq qismi (25 foiz) esa qo‘sh oynali derazalar o‘rnatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yomg‘ir suvini yig‘ish moslamalari va issiqlik nasoslariga e’tibor kam — so‘rovda qatnashganlarning atigi beshdan bir qismi ularni uyiga o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishini aytdi.
Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning deyarli yarmi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yoki subsidiyalarning ko‘paytirilishi ularni energiyani tejaydigan tizimlarni o‘rnatishga undashi mumkinligini ta’kidlagan.
Yevropaning qaysi qismida odamlar uy-joy narxidan mamnun?
Uy-joy narxidan xavotirlarga qaramay, Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida undan qoniqish darajasi hamon yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Niderlandiya va Ruminiya aholisi o‘z uy-joylaridan eng ko‘p darajada mamnun: so‘rovda qatnashganlarning 84 foizi bundan qoniqishini bildirgan. Ushbu mamlakatlarda shaxsiy uy-joyga egalik qiluvchilar soni nisbatan yuqori va uy-joylarning sifati yaxshi bo‘lgani sababli, shunday natija kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
O‘rtacha 76 foiz yevropaliklar uy-joylaridan mamnunligini aytgan. Malta, Chexiya, Sloveniya, Vengriya, Turkiya, Gretsiya va Irlandiya aholisi esa boshpanalaridan ancha kamroq qoniqish bildirmoqda.
Norozilikka sabab bo‘luvchi muammolar turlicha. Ulardan biri — kattaroq maydonga bo‘lgan ehtiyoj. Ayniqsa, Polshada aholining 58 foizi buni o‘z sharoitlaridan qoniqmaslikka sabab qilib ko‘rsatmoqda. Yevropada esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 37 foizni tashkil etadi.
Narx — yana bir muhim muammo: norozi respondentlarning uchdan bir qismi (33 foiz) uy-joyi juda qimmatligini aytgan. Bu ko‘rsatkich Maltada 53 foiz, Irlandiyada 48 foiz, Finlyandiyada ham 48 foizga yetadi.
Bundan tashqari, Portugaliyadagi norozi aholining deyarli yarmi namlik yoki mog‘or bilan bog‘liq muammolarni, Niderlandiyadagilarning beshdan bir qismi esa gigiyena va zararkunandalarni asosiy muammo deb atamoqda.