Donald Trampning mitingida chiqish qilgan komik Puerto-Rikoni «suzuvchi chiqindi orol» deb atagani demokratlar qatori respublikachilarning ham g‘azabnok reaksiyalariga sabab bo‘ldi.
Komik Toni Hinchkliff Trampning Nyu-Yorkdagi Medison-skver-gardenda o‘tkazilgan saylovoldi mitingiga taklif etilgan yulduzlardan edi.
O‘z chiqishida Kill Tony taxallusi bilan tanilgan Hinchkliff shunday dedi: «Ko‘p narsa bo‘lib o‘tmoqda. Bundan xabaringiz bormi bilmayman, ammo hozirda okean o‘rtasida tom ma’noda chiqindi oroli suzib yuribdi. Uni Puerto-Riko deb atashadi».
Puerto-Riko haqidagi luqmadan tashqari, u irqchilikka yo‘g‘rilgan bir necha hazillar qilgan va lotin amerikaliklar «bola tug‘dirishni yoqtirishi»ni aytgan.
Bu kelib chiqishiga ko‘ra puertorikalik reper, shou-biznes olamidagi eng mashhur lotin amerikaliklardan bo‘lmish Bad Bunny prezidentlik saylovlarida Harrisning nomzodini qo‘llashi ortidan ro‘y berdi.
Trampning maslahatchisi Puerto-Riko haqidagi hazilni o‘zidan soqit qilgan, buni Trampning Demokratik partiyadan bo‘lgan raqibi Kamala Harris ham qoralagan. Uning o‘zi ham Trampning mitingida chiqish qilgan boshqa orator nishoni bo‘lgandi.
Kelib chiqishiga ko‘ra Puerto-Rikodan bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Florida shtatidan bo‘lgan ikki nafar respublikachi kongressmen ham hazilni qoralaganlar orasida va ular bu bilan demokratlarga qo‘shilishdi.
Kongressvumen Mariya Elvira Salazar «irqchilik ruhidagi so‘zlar»dan «ko‘ngli behuzur» bo‘lganini aytgan. Uning aytishicha, bu «Respublikachilar partiyasi qadriyatlarini ifodalamaydi». Shuningdek, Salazar Amerika armiyasida xizmat qiluvchi minglab puertorikaliklar haqida eslatgan.
AQSh senatori Rik Skott X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozgan: «Bu hazil bejiz muvaffaqiyatsizlikka uchragani yo‘q. U kulgili va yolg‘on». Va «puertorikaliklar — ajoyib odamlar va ajoyib amerikaliklar» ekanini qo‘shimcha qilgan.
Puerto-Riko — AQShning Karib dengizidagi orol hududi. Uning aholisi AQSh prezidentligi saylovlarida ovoz berolmaydi, ammo AQShda puertorikaliklarning katta diasporasi mavjud va ularga ovoz berish huquqi taqdim etilgan.
Tramp mitingida chiqish qilgan boshqa notiqlar ham o‘z luqmalari bilan olovga moy sepishgan. Trampning bolalikdagi do‘sti Devid Rem Harrisni «iblis» va «dajjol» deb atagan, Trampning sobiq advokati Rudi Juliani Demokratik partiya nomzodi G‘azodagi mojaroda «terrorchilar tomonida» ekanini aytgan (bu esa to‘g‘ri emas).
Taklif etilgan spikerlarning so‘zlari ko‘proq shov-shuv ko‘targan bo‘lsa-da, Tramp ham e’tiborga molik gaplar aytdi, xususan, ota-onasi yoki yaqin kishilariga g‘amxo‘rlik qiluvchilar uchun soliq imtiyozlari joriy etish rejasini e’lon qildi. Shuningdek, «yovuz va qonxo‘r jinoyatchilar» tomonidan «egallab olingan va zabt etilgan» joylarni «qutqarish» uchun noqonuniy migrantlarni yoppasiga deportatsiya qilishini aytgan.
Kamala Harrisning shtabi Trampning mitingida chiqish qilganlarning gaplarini «ajratuvchi va kamsituvchi» deb atagan.
Yakshanba kuni Harris Puerto-Riko aholisiga yordam ko‘rsatish choralarini e’lon qilib, ota-onasi xuddi Bad Bunny bilan bo‘lgani kabi puertorikalik bo‘lgan Jyennifer Lopesning qo‘lloviga erishgandi. Uni shou-biznesning boshqa ko‘plab namoyandalari ham qo‘llab-quvvatlagan.
«Mana ular biz haqda nima deb o‘ylaydi», — degan puertorikalik qo‘shiqchi Riki Martin respublikachilar hamda Hinchkliffning hazilini nazarda tutgan holda va o‘z muxlislarini Harrisga ovoz berishga chaqirgan.
Pew Research tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ispan tilli aholi soni 36 millionni tashkil etadi. Ularning ko‘pchiligi demokratlarni qo‘llaydi, ammo respublikachilar so‘nggi vaqtlarda ularning bir qismini o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lmoqda.