Nyu-Yorkdagi Morgan muzeyidan polshalik bastakor Friderik Shopenga tegishli ekani taxmin qilinayotgan yangi musiqiy asar topildi, deb xabar beradi BBC.
Qayd etilishicha, noyob qo‘lyozma 1830-1835 yillarda yozilgan bo‘lib, yangi kolleksiyalarni tartibga keltirayotgan xodim Robinson Makkellan tomonidan topilgan. Shundan so‘ng u partituraning haqiqiy ekanini tasdiqlash maqsadida Shopen ijodi bo‘yicha yetakchi mutaxassislar bilan ish olib borgan.
«Bir narsani aytish mumkinki, ushbu musiqani Shopen o‘z qo‘llari bilan yozgan. Buni tinglagan insonlarning 98 foizi Shopenni his qilishlariga ishonchim komil», — deydi Makkellan.
Asosan fortepianoda ijro etiladigan musiqalarni bastalagan Shopen 1849 yili Fransiyada, 39 yoshida vafot etgan. Ispaniyalik tadqiqotchilarning taxminicha, u qisqa umri davomida tutaqanoqdan aziyat chekib kelgan.
Avvalroq Germaniyada Motsartning ilgari noma’lum bo‘lgan asari topilgandi. Asar Leypsig kutubxonasida saqlangan va Motsart asarlarining to‘liq ro‘yxatini qayta nashr etishga tayyorgarlik paytida tasodifan topilgan.