Iqtisodiyot | 21:33 / 29.10.2024
5637
2 daqiqa o‘qiladi

Oltinga qiziqishning oshayotgani dollar dominantligiga soya soladi - FT

Dunyo markaziy banklari yana oltinga qayta e’tibor qaratmoqda, go‘yo oltin barqarorlikning asosiy kafolati bo‘lgan davrlariga qaytayotgandek. Uzoq vaqt zaxira valutalari orasida yetakchilikda sobit bo‘lib kelgan AQSh dollari yangi reallik qarshisida: mamlakatlar Amerika moliya tizimlaridan borgan sari ko‘proq mustaqil bo‘lishga intilishmoqda, deb yozadi Financial Times.

Foto: Bloomberg

So‘nggi yillarda, ayniqsa 2022 yilgi voqealardan keyin AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaga sanksiyalar kiritganda, oltinga bo‘lgan qiziqish keskin ortdi. Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi mamlakatlar iqtisodiyotni tashqi ta’sirlardan himoya qilish maqsadida o‘z oltin zaxiralarini jadal sur’atda ko‘paytirmoqda.

Oltinning jozibadorligi shundaki, uning jismoniy zaxirasini siyosiy ta’sirlardan xoli ravishda, ishonchli tarzda saqlash imkoniyati bor.

Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika (BRICS guruhi) kabi iqtisodiyotlar esa xalqaro hisob-kitoblarni dollarsiz amalga oshirish usullarini ishlab chiqishmoqda. To‘liq mustaqil to‘lov tizimlariga o‘tish uchun ular o‘rtasidagi ishonch va hamkorlik darajasi hali ancha oshishi kerak, lekin dastlabki qadamlar allaqachon qo‘yilgan.

Albatta, dollar hamon asosiy zaxira valutasi ekaniga, uning maqomiga bir zumda putur yetkazish mumkin emasligi shubhasiz. Lekin oltin va muqobil valutalarga asta-sekinlik bilan o‘tish – bu AQSh uchun ogohlantiruvchi signal hisoblanadi. Kelajakda tobora ko‘proq mamlakatlar dollardan mustaqillikka intilishi ehtimoli bor, bu esa jahon iqtisodiyotida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid