The New York Times gazetasi 2024 yil avgust oyi boshida ukrain qo‘shini bostirib kirgan Kursk oblastida tinch aholi vakillari o‘ldirilganiga bag‘ishlangan surishtiruvini e’lon qildi. Materialda nashr ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoyozuvlar, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hamda ushbu regionda yashovchi qariyb 20 nafar rossiyalikning guvohliklariga tayangan.
Jurnalistlar xususan Korenevo posyolkasida nimalar ro‘y berganini aniqlashga harakat qilishgan. Bu yerda dron yo‘lda kamida yetti jasad yotganini videoga olgan — ularning aksari fuqarolik kiyimlarida bo‘lgan. Jasadlar Korenevodan sharqdagi Krepna daryosi ustidan o‘tuvchi ko‘prik yaqinida uchratilgan.
Jasadlarni o‘likxonaga olib borishda yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan ko‘ngilli Marina Skrob The New York Times bilan suhbatda bu joyda 15 kishining jasadi topilganini aytib bergan. Nashr bu raqamlarni tasdiqlovchi mustaqil manba yo‘qligini qayd etgan. Skrobning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jasadlar issiqda shu qadar chirib ketganki, ularning shaxsiga faqat tishlari orqali aniqlik kiritilgan. U ukrain harbiylari Korenevoni tashlab qochgan aholi vakillarini o‘qqa tutganini aytgan. Gazeta ushbu ayol o‘z so‘zlariga dalil keltirmaganini qayd etgan. Ukraina bu ayblovlarni rad etgan.
«Bu hududda Rossiya va Ukraina qo‘shinlari orasida shiddatli jang kechgan, ikki yo‘nalishda ham o‘t ochilgan, shu tufayli mavjud ma’lumotlar asosida odamlar o‘limida kim aybdorligini aniq aytib bo‘lmaydi», — deya yozadi NYT. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga ko‘ra, jasadlarning ko‘pchiligi Korenevodagi ko‘chada 10 avgustdan 14 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida paydo bo‘lgan. «Bular bitta epizod natijasidagi o‘limlar» bo‘lgani yoki yo‘qligi noma’lum, deya qayd etadi jurnalistlar. Skrob qurbonlar 11 avgust kuni pistirmaga duch kelishganini bildirgan.
Sudja rayonidagi Kurilovka qishlog‘ida yashovchilar ham ukrain harbiylari qochayotgan odamlarga qarata o‘q otganini aytishgan. The New York Times harbiy harakatlar davom etayotgani tufayli bu ma’lumotni «tekshirish qiyinligi»ni yozgan
Mahalliy aholi va ularning qarindoshlarining hikoyalariga ko‘ra, Kurilovkada ukrain yurishining ilk soatlarida avtomobil o‘qqa tutilishi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Qurbonlardan biri — 28 yoshli homilador ayol Nina Kuznetsova. Uning singlisi va turmush o‘rtog‘i u zarbaga uchragan avtomobilda bo‘lganini aytishgan. Erkak o‘qqa tutilgan boshqa mashinada bo‘lgan va omon qolgan. Bundan bir necha daqiqa oldin xuddi shu yo‘lda portlash oqibatida 28 yoshli Aleksey Trubitsin ham halok bo‘lgan. Uning singlisi Kristinaning so‘zlariga ko‘ra, ularning onasi Alekseyning jasadini mashina parchalari orasidan chiqarib olishga urinayotganida uning oldiga ukrain askarlari kelishgan va mashina tankka qarshi minani bosib, portlab ketganini aytishgan. Ular portlovchi qurilmani yo‘lga kim o‘rnatganiga aniqlik kiritishmagan.
Jurnalistlarning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yurish boshlaganidan keyin mahalliy aholi bilan «qo‘pol muomila qilish» holatlari uchragan. NYT haqiqiyligini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan videolardan birida ikki nafar ukrain harbiysi Sudja rayonida keksa yoshli kishini tahqirlayotganini ko‘rish mumkin. «Sen — rus cho‘chqasan», — deydi harbiylardan biri nemis tilida. Xuddi shu videodagi ikkinchi ukrainalik askar Ikkinchi jahon urushi davridagi natsistlar ramzi tushirilgan kaska kiyib olgan, deya yozadi The New York Times.
A potom ded budet vsem rasskazyvat, chto videl nemetsko-fashisskix nayomnikovhttps://t.co/xkLNlFImid #KurNR #vsu pic.twitter.com/SzD23HAECP
— Necro Mancer (@666_mancer) August 14, 2024
Ukrain harbiylari e’lon qilingan va haqiqiyligi NYT tomonidan tasdiqlangan boshqa bir videoda Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi aholi yashash kvartallariga ham zarba berayotgani aks etgan. Ayrim videoyozuvlarda rossiyalik harbiylar binoga kirishi ortidan zarba kelgani ko‘ringan. Ko‘p holatlarda bu binolarda tinch aholi bo‘lgani yoki bo‘lmaganini aniqlab bo‘lmaydi, deya qayd etadi gazeta. Jurnalistlar videoyozuvlarga ko‘ra, Rossiya qo‘shini ham Kursk oblastidagi qarshi hujumi chog‘ida aholi turar joylariga zarba bergan.
Ukrainadagi inson huquqlari bo‘yicha komissar Dmitro Lubinets Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari gumanitar huquqqa amal qilishini aytadi. «Biz — boshqamiz. Bu xalqaro hamkorlarimiz yordam ko‘rsatishi uchun asosiy argumentimiz», — degan u NYT uchun izohida. Gazeta havola bergan ukrain harbiylari bayonotida Kursk oblastida Jyeneva konvensiyasini «buzish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagani» aytiladi. Jurnalistlar «o‘z bayonotlarini dalillash uchun» ukrain rasmiylari Ukraina qurolli kuchlari okkupatsiya qilingan hududlar aholisiga oziq-ovqat va suv yetkazib berayotgani videosini namoyish etganini ta’kidlashgan.
The New York Times Kursk oblasti aholisi hikoyalari Ukraina qurolli kuchlarining regiondagi faoliyati to‘g‘risida «aniq tasavvur hosil qila olmasligi»ni qayd etadi. Ulardan ayrimlari o‘zi yashaydigan aholi yashash manzillarini emin-erkin tark etishgani va yo‘lda uchragan ukrain harbiylari ularga tegmaganini aytib berishgan. Okkupatsiya qilingan hududlarda qolgan qarindoshlariga tayanib ma’lumot bergan yana uch kishi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan «ancha g‘amxo‘rlik bilan munosabat» ko‘rsatilayotganini bildirishgan. Keksa yoshli bir kishi ukrain askarlari unga yangi non va go‘shtli konservalar keltirganini aytadi.
Oktyabr oyi boshida Rossiya TIVning alohida topshiriqlari bo‘yicha elchisi Rodion Miroshnik Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishi boshlanganidan buyon tinch aholi vakillaridan 70 ga yaqin kishi halok bo‘lib, 300 dan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qilgandi. 20 sentabr kuni Kursk oblasti Sudja rayoni rahbari Aleksey Bogachev janglar maydoniga aylangan hududlarning o‘zida 1350 nafar atrofidagi tinch aholi vakillari qolayotganini bildirgan. Sudja shahri va Sudja rayonida yashovchilarning qarindoshlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga murojaat qilingan maktub yo‘llashgan. Ular tinch aholini olib chiqish uchun gumanitar yo‘lak ochishni so‘rashgan. Moskva va Kiyev tomonining javoblarida bu imkonsizligi, chunki ikkinchi tomon aloqaga chiqmayotgani aytilgan.