«Eronni yechintirishdi» - sharqshunos nega forslar Isroilga qarshi chiqolmayotgani haqida

Jahon 11:20 / 29.10.2024 40632

Endi Isroilning 140 dan ortiq qiruvchi samolyotlari Suriya va Iroq uzra 1600 km masofani bosib o‘tib, uch soat davomida Eron obektlarini bombalagani, garchi 40 yildan buyon Isroilni yo‘q qilishga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa-da, Eron aytarli javob bera olmagani da’vo qilinmoqda.

Isroilning aholisi 10 milliondan kamroq. Eronda esa 80 mln odam yashaydi. Isroilda odam jon boshiga YaIM 52 ming dollar, Eronda esa 7,5 ming dollar.

Bir paytlar bu mamlakatda yashagan sharqshunos va eronshunos Mixail Krutixin 1979 yilgi islom inqilobini kuzatgan. «Novaya gazeta» bilan suhbatda u Eron qanday qilib islom respublikasiga aylangani va nega jangovar rejim «Isroil harbiy mashinasi»ga qarshi tura olmaganini tushuntirdi.

— Eron Isroil o‘z hujumi bilan unga «minimal talafot» yetkazganini ta’kidlamoqda. Siz bunga ishonasizmi?

— Albatta, bunga ishonib bo‘lmaydi. Shak-shubhasiz, ular yolg‘on gapirishmoqda. Fikrimcha, bir necha kundan so‘ng mustaqil manbalar va Isroil sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni ko‘rsatsa, talafot jiddiy bo‘lgani oydinlashadi. Ko‘plab sharhlovchilar aytganidek, Eronni yechintirishdi: endi unda mamlakatni qo‘riqlashi mumkin bo‘lgan adekvat havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi yo‘q. Ularda Rossiyada ishlab chiqarilgan mashhur S-400 tizimlari bo‘lgan, biroq isroillik uchuvchilar shu qadar bezbetlashib ketishganki, bu qurilmalardan ikkitasini raketa ishlatmasdan, samolyotdagi pulemyotdan o‘t ochib, yo‘q qilishgan.

Eronliklar hech qanday qarshilik ko‘rsata olmagan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, isroilliklar radioelektron kurash vositalaridan foydalanishgan va Eron raketalari soxta nishonlarga qarab uchishgan. Boshqacha qilib aytganda, Eron o‘zining to‘liq himoyasizligini namoyish etgan, endi esa uning barcha HHM tizimi yo‘q qilindi. Isroil esa istalgan daqiqada osmondan turib Eronda xohlagan ishni qila olishini e’lon qilib bo‘ldi. Eron havodan mudofaa tizimidan ayrildi.

— Siz so‘zlayotgan va Isroil matbuoti yozayotgan gaplarga qarasak, bunday mudofaaning o‘zi avvaldan bo‘lmagan.

— Chindan ham, Eronning biror samolyoti havoga ko‘tarilmagan. Lekin Eron uzra Isroilning 140 ta samolyoti parvoz qilgan. Isroilliklar Eron samolyotlarini harbiy eksponatlar deb atashadi. Bu mashinalar Isroil aviatsiyasiga bas kela olmaydi.

Bundan tashqari, raketa va pilotsiz parvoz qurilmalari yasalayotgan zavodlar, uchirish qurilmalari va raketa omborlariga jiddiy talafot yetkazilgan. Zarba nafaqat havo hujumidan mudofaa tizimiga, shuningdek, Eron harbiy sanoati yuragiga ham berilgan. Talafot juda ulkan. Bundan ikki-uch kun avval Eron rahbariyati bayonotlari haddan tashqari jangovar edi.

— Ha, javob zarbasi yuz bersa, Isroilga mingta raketa uchirishni va’da qilishayotgandi.

— Ha, ha, Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) rahbari Hussayn Salomiy «Isroil — shunchaki yo‘q narsa» ekani, baquvvat va kuchli Eron u bilan istalgan narsa qila olishini aytgandi. Hozirgacha Isroildagi muxolifat kanallari Salomiyning bu bayonotlarini aylantirib yotishibdi.

— Isroilga 40 yildan buyon qarshilik qilib kelayotgan Erondek katta va jangovarligi yuqori davlat nega bu qadar ojiz bo‘lib qoldi? Nega u zarbalarni qaytarishga tayyorgarlik ko‘rmagan?

— Siz bir narsaga e’tibor bering: bu Eron-Iroq urushi tugaganidan buyon Eron hududiga ilk marta bostirib kirish, yana havodan. 1988 yildan buyon o‘tgan 36 yil ichida Eronga hech kim hujum qilmagan.

— Lekin Eronning o‘zi Isroilni yo‘q qilishni rejalashtirib kelgan-ku? Nahotki Isroldan himoyalanishni o‘ylamagan?

— Eron — bu texnologik rivojlangan davlatlar ichra o‘zini ihotalagan davlat. U normal armiya, normal havo hujumidan mudofaa tizimi qurishdan umid qila olmagan, u faqat o‘zi kabi diktatorlik rejimlaridan yordam so‘ragan. Va biz bilamizki, bunday davlatlarning ayrimlarida ishlab chiqarilgan HHM tizimlari bir tiyinga qimmatligini ko‘rsatib bo‘lgan.

1979 yilgi islom inqilobigacha shoh davrida Eron armiyasi g‘arb davlatlaridan ham yaxshiroq qurol-aslahaga ega edi. Masalan, Eronda havo yostiqli desant kemalari shu kemani ishlab chiqaruvchi Buyuk Britaniyanikidan ham ko‘proq edi. Eronning ajoyib uchuvchilari bor edi va ular amerikalik yo‘riqchilar tomonidan o‘qitilgandi. Eron armiyasi juda kuchli edi.

— Lekin Eronning ritorikasi hozirgidek jangovar emasdi-ku?

— Nima bo‘landa ham, bu mamlakat birovga hujum qilishni o‘ylamasdi. U mintaqada barqarorlik yalovbardori edi. Na falastinliklar, na boshqa arablar Eron armiyasini xabardor qilmasdan mintaqada bir ish boshlardi.

— Eronda bu «o‘zgarishlar» qachon boshlandi?

— 1979 yil fevralida shoh Pahlaviy taxtdan qulatilgach.

— Tushunarli. Lekin shoh Muhammarizo Pahlaviy rejimi g‘arbparast bo‘lsa ham, juda yoqimsiz edi va inqilob ro‘y berishi tabiiy edi. Nega aynan teokratiya o‘rnatildi, nega shoh rejimi o‘rniga qandaydir progressiv tuzum o‘ylab topilmadi?

— O‘sha vaqtda mamlakatda ikkita nazariy yo‘l bor edi. Shoh Muhammadrizo Pahlaviy chindan ham qattol zolim sifatida tanilgandi, uning qamoqxonalarda qiynoq kameralari bo‘lgan, muxolifatni bostirgan. Birinchi yo‘l — o‘sha aksildemokratik unsurlarni yo‘q qilish, mamlakatni jahon iqtisodiyotiga qo‘shish, demokratlashtirish yo‘lidan borish edi. U texnologik va sanoat rivoji uchun zarur edi. Mamlakatni ochish kerak edi.

Alal-oqibatda ikkinchi yo‘l tanlandi. Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy tanlagan harakat butun mamlakat bo‘ylab o‘z yacheykalariga ega bo‘lgan yagona siyosiy kuch edi: joylardagi istalgan mulla orqali ular aholiga ta’sir o‘tkaza olishardi. Birorta tashkilotda bunday tarmoq mavjud emasdi. Natijada, inqilobdan so‘ng islom respulikasi e’lon qilindi va uning maqsadi mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish yoki demokratiya bo‘lmadi. Maqsad sifatida ular shia islomini imkon qadar kattaroq hududlarga yoyish, Isroilni davlat sifatida yo‘q qilish va barcha yahudiylarni genotsid qilishni belgilab olishdi.

— Bu maqsadlarning qay biri muhimroq edi: shia islomini yoyishmi yoki Isroilni yo‘q qilish?

— Ular birgalikda ketyapti. Bu holatda Amerika oddiy bir qo‘riqchi tayoqdek tasvirlangan, Eron Amerikaga hujum qilishni maqsad qilmagan. U shunchaki, nafratga loyiq Isroilga yordam berayogan uzoqdagi dushman. Ya’ni, mamlakat rivojlanish o‘rniga mafkurani asosiy maqsad qilib olib, barcha kuch va vositalarini shu maqsad yo‘liga sarflay boshladi, aholining yashash tarzini yaxshilashga emas.

Bu yo‘lda Eron aholisining qariyb yarmini kuchishlatarlar armiyasiga aylantirishdi. Ikkinchi armiya — Islom inqilobi muhofizlari korpusini yaratishdi. Ikkita qurolli kuchlar paydo bo‘ldi: armiya va IIMK. Parallel ravishda Basij nomli yarimharbiy yollanmalar guruhini tashkil etishdi, fors tilidan bu «mobilizatsiya» deb tarjima qilinadi. Ular armiya, politsiya, jandarmeriya va boshqalar qatorida mamlakat ichidagi osoyishtalikni nazorat qilgan. Bularni sovet vaqtidagi xalq drujinachilari otyardiga qiyoslash mumkin.

— Ular an’anaviy qadriyatlarni himoya qilishganmi?

— To‘ppa to‘g‘ri! Ular shariat me’yorlariga rioya qilinishini kuzatishgan. Har bir eronlik ortidan bir necha shunday «nazoratchi» kuzatib turadi. Bularning barchasi jamiyatni rivojlantirish o‘rniga qilingan.

— Isroilni yo‘q qilish nega kerak bo‘lgan? Hattoki Eron bilan umumiy chegarasi bo‘lmagan Isroil ularga nima xalaqit qilgan? Yo‘q qilishdi ham deydik, bu muvaffaqiyat bilan keyin nima qilishmoqchi bo‘lgan?

—Humayniyning g‘oyasi shu bo‘lgan. Aynan uning uning g‘oyasi. Shunaqa tentakona g‘oya.

— Lekin bu g‘oyani keng omma qo‘llab-quvvatlagan. Demak, kimdir ularga Isroilni nega yomon ko‘rish kerakligini tushuntirganda? Shoh Eroni va Isroil ittifoqchi bo‘lishgan va mintaqada totuv yashashgan-ku?

— Eronda keng omma ularga tepadan aytilgan har qanday narsani qo‘llab-quvvatlaydi. Tasavvur qiling: Eronda miting bo‘lmoqda, unga xalq quvib chiqarilgan, yoki katta zalda yoki maydonda hamma yerda o‘tiribdi. Minbarda kimdir nutq so‘zlamoqda, pastdagilar u nima deyayotganini ham tushunishmaydi. Eronliklarda shunday moyillik bor: ular ona tilining ohangini «shirin forsiy»ni juda yaxshi ko‘rishadi. Agar inson chiroyli gapirayotgan bo‘lsa, uning mazmuniga tupuriladi. So‘zlayotgan insonning ortida yana bittasi turib oladi va vaqti-vaqti bilan olomonga qarata kerakli so‘zlarni baqirib turadi.

Olomon avvaldan yodlagan iboralarni baqirib aytishi kerak. Avvaliga uch marta «Allohu akbar», keyin «Humayniy dohiy», so‘ng «Amerikaga o‘lim», «Isroilga o‘lim». Bir paytlar «Sovet ittifoqiga o‘lim» deb ham baqirishgan. Hozirgi shiorlar orasida bir nechta yangilari bor.

Olomon mutlaqo some’, chunki mafkuraviy yo‘riq shunday: mamlakatdagi insonlar aynan shunday bo‘lishi kerak. Bu mafkuraviy yo‘riqni Humayniyning «Buyruqlar traktati»da ham topish mumkin. Unga ko‘ra, har bir musulmon kishi ikkita yo‘ldan biridan yurishi kerak. O‘zini qanday tutishni, nimalar qilishni biladigan musulmonlar bor, ular mujtahidlar deb ataladi. Bular barcha muqaddas kitoblarni o‘qigan, Qur’onga qarab xulosaga keladi. Agar musulmon kishisi oyatullohlar tomonidan mujtahid deya topilish darajasigacha o‘qiy olmasa, u mujtahid topib, uning yo‘riqlariga amal qilishi kerak, chunki uning o‘zi mustaqil fikrlashga, miyasini ishlatishga haqli emas. Bu Humayniyning jamiyat ideali. Bu ideal Eronda muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.

— Baribir siz 40 yil avvalgi jamiyat idealini tasvirlab beryapsiz. O‘tgan yili va avvalgi yillarda biz Eronda norozilik namoyishlarini ko‘rdik, jamiyat qanchalik o‘zgarganiga guvoh bo‘ldik.

— Jamiyat o‘zgarmagan. Men hozir Eronga oid yuzlab materiallarni ko‘rib chiqyapman, mitinglardagi minglab odamlar o‘zlarini xuddi men tasvirlagandek tutishmoqda. Mulla ularga nima desa, o‘shani qilishadi.

— 2022-23 yillardagi namoyshlar-chi? Odamlar «Diktatorga o‘lim» va «Eron ozod bo‘ladi» degan shiorlar bilan chiqish qilishdi, ayollar hijoblarini yoqishdi?

— Ha, Eronda hanuz demokratik, liberal va g‘arbparast qarashlardagi insonlar qatlami bor. Lekin ularning soni 80 millionlik aholi fonida juda kam. Bunaqa eronliklar ham bor va ular rejimning dushmanlari hisoblanadi.

— Chet el agentlarimi?

— Shartli aytganda, ha — chet el agentlari. So‘nggi yillarda Erondagi rejim biroz kuchsizlashdi va bu odamlar o‘zini namoyon qila boshlashdi. Agar Eron ko‘chalaridan xronikaga qaralsa, u yerda bugun musiqa ham yangramoqda, raqs ham tushilmoqda. Liberal va g‘arbparast qarashdagi insonlar ommasi bor, biroq ular inqilobiy kuch emas, ular bilan inqilob qilib bo‘lmaydi. Vaqti-vaqti bilan qandaydir noroziliklar chaqnab turadi, biroq Eronda siyosiy muxolifat yo‘q. Eng yaxshi holatda, ularning barchasi Eron chegarasidan tashqarida. Mamlakatni tark eta olmaganlarni to‘liq o‘ldirib yuborishgan.

So‘nggi katta mahkama, adashmasam, 1983 yilda ro‘y bergan edi va o‘shanda 600 kishi o‘limga hukm qilingan. O‘shanda muxolifatning payi qirqilgan. Ularni hukumatga sovet elchixonasi va KGB xodimi, inglizlar tomonga qochib o‘tgan Vladimir Kuzichkin topshirgan. O‘shandan buyon Eronda butun muxolifat qirilgan deb hisoblanadi.

— Nega sanksiyalarga qaramasdan neft savdosida katta daromad olayotgan, tabiiy resurslarga boy davlat o‘zini yaxshi qurollantirmasdan ko‘p sonli proksilariga qurol-yarog‘ ulashgan?

— Eronning proksilari juda ham ko‘p emas. Bularning birinchisi iroqlik shialar, ularni nafaqat qurollantirish, ularning safiga o‘z agenturasini qo‘shish ham kerak edi. Keyingisi diktator Asad boshchiligidagi Suriya. U yerda rejim Rossiya bilan ittifoqlikda qo‘llab-quvvatlanadi. Undan keyingisi, albatta, Livandagi shialar — ularga ham mamlakatni rivojlantirish o‘rniga, neft savdosidan kelayotgan katta pullar sarflangan. Pullar shia islomini bir qator mamlakatlarga yoyish uchun ishlatilgan. Yaman ham shu mamlakatlar orasiga qo‘shildi.

— Agar Isroilni yo‘q qilishdek vazifa turgan ekan, Erondagilar bu dahshatli agressorga qanday qarshi turishni o‘ylashmaganmi? Nega mudofaa uchun qurollanishmagan?

— Eron, albatta, qurollangan, biroq buni juda yomon amalga oshirgan. Eronliklar atom sanoatini rivojlantirishga intilmoqda, biroq ularda doktrina bor: atom bombasi yaratmaslik. Qachonlardir oliy bosh rahnamo bu islom me’yorlariga zid, deya chiqish qilgan. Eronliklar uranni boyitishmoqda, biroq ekspertlar fikricha, hozircha bomba yaratishmagan.

— Ha, yaratishmagandir, lekin shu yil fevralida istashsa «ertagayoq» yasashi mumkinligini e’lon qilishgandi.

— Bunga birgina doktrina emas, obektiv shart-sharoitlar ham monelik qiladi: ular hanuz yadroviy qurol yaratish uchun ayrim uskuna va texnologiyalarni qo‘lga kiritishmagan. Hamma pullar qurol-yarog‘ sotib olishga sarflanmoqda.

— Eron o‘zini himoya qila olmasa ular qanday sarflanmoqda?

— Yomon xarjlanmoqda. Men xizmat qilganimda shahanshoh davrida qanday generallar bo‘lganini eslayman: juda bilimli, tez mushohada qiladigan, ko‘rkam, madaniyatli va uzoqni ko‘ra biladigan odamlar edi. Hozir IIMK va «Hizbulloh» rahbariyatiga qarang. Bozordan kelib qolgan odamlarga o‘xshashadi.

— Lekin faqat IIMK emas, armiya ham bor-ku? Islomiy davlatlarda ular ko‘pincha jamiyatning dunyoviy qismi vakillari bo‘lishadi. Eronda unday emasmi?

— Ularda birinchi o‘rinda IIMK turadi, muntazam armiya ancha kuchsiz. Armiya o‘z ta’sir kuchini yo‘qotgan, men hozir u harbiylar kimligini ham bilmayman. Yana unutmang, Basij ham bor — u milliy gvardiya rolini bajaradi.

— Isroil ekspertlari Eron aholisining 70 foizi oyatullohlar rejimini qo‘llamasligini ta’kidlaydi. Rostdan ham shunday malumotlar bormi?

— Unchalik emas. 70 foizdan ziyodroq aholi aynan o‘sha lom-mim demaydigan, kimni qo‘lla deyilsa qo‘llab ketaveradigan insonlar. Bu odamlar o‘z shaxsiy siyosiy qarashlari va fikrlaridan mahrum odamlar, ularga fikrlash taqiqlangan. Islomiy donolik manbalari ularga kimga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini tushuntiradi. Usiz siz – bo‘sh o‘rinsiz, fikr bildirishga haqqingiz yo‘q. Shu sababli bu insonlar oyatullohlar rejimiga qarshi yoki uni qo‘llaydi, deyishdan ma’ni yo‘q. Bir oyatulloh tarafdorlarini to‘plab, ularga nimanidir singdira boshlaydi. Boshqasi bunga mutlaqo zid tushunchani singdirishi mumkin. Lekin, ekspertlar bir narsada haq: Eron aholisining asosiy qismi u qadar Isroilga qarshi kayfiyatda emas.

Bilimli ommaga kelsak, ular aynan isroilparast va amerikaparast kayfiyatda. Lekin bunday insonlar mamlakatda hech narsani hal qilmaydi va hech kim ularni qaror qabul qilishga yoki mamlakatning siyosiy hayotiga ta’sir o‘tkazishga qo‘yib bermaydi.

— Ular ta’qib ostidami?

— Juda o‘zidan ketib qolishsa ta’qib qilinadi, albatta. Biroq, hozir muxolifatga daxldor deb hisoblash mumkin bo‘lgan qariyb barcha eronliklar o‘z mamlakatidan tashqarida yashaydi.

— Modomiki Eron Isroilga qarama-qarshilikda yengilayotgan ekan, buni mahalliy aholiga hattoki mahalliy matbuot orqali ham g‘alaba sifatida taqdim etishning imkoni yo‘q. Bu mamlakatdagi vaziyatga qanday ta’sir qiladi?

— Vaziyat o‘zgarsa, masalan AQShdagi saylovlardan so‘ng Isroilning yo‘lini to‘sishmasa, ular Fors ko‘rfazi sohilidagi neftni qayta ishlash korxonalariga zarba berishi mumkin. Mamlakatda hozir muammolar juda ko‘p, men yaqinda bozorlardan kelgan tasvirlarni ko‘rib, qashshoqlikka guvoh bo‘ldim. Agar muammolar chuqurlashsa, ular faqat mullalarning irodasini bajarish kerakligini unutishlari, o‘zlarining iqtisodiy huquqlarini talab qila boshlashlari mumkin. Masalan, Isroil Xorg oroliga zarba berib, u yerdagi Eronning import tovarlar, jumladan oziq-ovqatlar tushiradigan terminalini yo‘q qilsa, aholi isyon boshlashi mumkin.

— Lekin biz boshqa davlatlardagi urushlardan guvoh bo‘lmoqdamizki, dushman tarafidan yaratilgan qiyinchiliklar bunday jamiyatlarda norozilik kelib chiqishiga emas, aksincha, diktator atrofida yanada jipslashuvga sabab bo‘lmoqda. Nega endi Eronda boshqacha bo‘lishi kerak?

— Eronda baribir vaziyat boshqacha-da: yetakchilar odamlar nimani qanday qilishlari kerakligini buyurishadi, shu narsaga chek qo‘yish kerak. Vaziyat juda yomon bo‘lgandan so‘ng isyonchilar paydo bo‘ladi.

— Axir ularni darrov tutib o‘ldirishadi-ku?

— Shoh taxtdan qulatilgan inqilob chog‘larida, ishchilar masalan ish tashlashlar e’lon qilishgan. Avval aholining o‘qigan qismi, ziyolilar ishchilarga maosh to‘lamay qo‘yishgan va ular isyon qilishgan. Hammasi iqtisodiyotga borib taqaladi.

— Hozir ham iqtisodiyotdan boshlanadi, degan fikrdamisiz?

— Hozir buyog‘iga qanday bo‘lishini bilmaymiz. Hozir Eronning qisqichlari birin-ketin chopib tashlanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz: avval Hamas yo‘q qilindi, endi esa «Hizbulloh»ning harbiy qudrati so‘ndirilmoqda. Hozir «Hizbulloh»ni butunlay yo‘q qilish qiyin, chunki Eronning pullari sharofati bilan bular Livandagi eng yirik siyosiy partiya. Biroq, Eronning bu qisqichlari yulib olinadi va forslar barcha kuchlari va mablag‘larini sarflab o‘tkazayotgan siyosatini davom ettirishi tobora qiyinlashadi. Keyin nima bo‘ladi? Rejim baribir ortgan pullarni aholining ehtiyoji uchun sarflamaydi. Mamlakat allaqachon moxovdek ajratib qo‘yilgan, u sanksiyalar ostida, turli embargolar ostida, ular jahon iqtisodiyotiga qo‘shila olishmayapti. O‘zlarining avariyaviy mafkurasi bilan o‘zlari o‘zlarini rad etilgan davlatga aylantirishgan.

— Eronga sanksiyalar qanday ta’sir qilmoqda? «Bizni kaltaklashmoqda, biz esa kuchayyapmiz» prinsipi bo‘yichami yoki insonlarni o‘ylanishga majbur qilmoqdami?

— O‘ylanishga juda majbur qilmoqda, gap nima haqida o‘ylanishda. So‘nggi yillarda, ayniqsa Bayden prezidentligi davrida eronliklar bu sanksiyalar va embargolardan hayiqmasdan, yuzlab tankerlar bilan o‘z neftini Xitoyga jo‘natmoqda va qandaydir qilib evaziga dollar olmoqda va yana qandaydir yo‘llar bilan ularni tasarruf etmoqda. Ular shunday qilib jon saqlashmoqda. Agar G‘arb davlatlarida bu vaziyatni yanada chuqurlashtiradigan va kontrabandani yo‘q qiladigan yetakchi kelsa, Eronga juda yomon bo‘ladi. Shunda Eron jangari guruhlarni qo‘llash siyosatidan biroz tiyilishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, Oq uyga Eronni jilovlash kayfiyatidagi radikalroq rahbar kelishi Yaqin Sharqdagi jangari guruhlar faolligi jiddiy tarzda susayishga olib kelishi mumkin.

— AQSh general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilgan davrlarga taqqoslanganda, Eronda hozir shimolda qudratli va jang qilishga qodir ittifoqchi bor. Bu Eronning istiqbollariga qanday ta’sir qiladi?

— Aslida, Eronning ikkita ittifoqchisi bor, degan qarash mavjud. Biroq, Turkiya bilan ularning rasmiy ittifoqi yo‘q, Rossiya bilan esa umumiy iqtisodiy manfaatlari yo‘q. Eronning o‘zi o‘z gazi va nefti uchun bozorlar izlashdan manfaatdor, uning raqobatchilariga yordam berishidan ma’ni nima? Biroq bu ikki davlat o‘rtasida ko‘p borada mafkuraviy bog‘liqlik bor. Masalan, har ikki davlatda hokimiyat aholi manfaatlarini ko‘zlab emas, mutlaqo ahmoqona mafkura nomidan harakat qiladi. Eronda, masalan, bu mafkura qo‘shnilarini o‘ldirishga chorlaydi.

— Lekin Rossiya va Eron Amerikaga qarshi do‘stlashishgan. Ularning umumiy dushmani bitta.

— Ular Amerikaga qarshi qanday do‘stlashishlari mumkin? Shunchaki, Eronda allaqachon hokimiyatdagi ayrim arboblar G‘arb va AQSh bilan konstruktiv muloqot o‘rnataylik, deya shama qila boshlagandi. Buning uchun ular yon berishdan tashqari yana qaranglar, bo‘lmasa Rossiya bilan ittifoqchilik qilamiz, deb ko‘rsatishlari ham kerak bo‘ladi. Ular Rossiyadan daladagi qo‘riqchi sifatida foydalanishmoqda.

— Baribir Rossiya bilan do‘stlik Erondagi vaziyatga ta’sir o‘tkazishi mumkinmi?

— Hech qanaqa ta’sir o‘tkazmaydi. Rossiya hech qanday jiddiy qurolni Eronga bermaydi. Agar bersa ham, Isroil samolyoti bitta zarbada parchalab tashlaydigan S-400 kabi qurilmalar bo‘ladi. Rossiya Eronga yana nima berishi mumkin?

— Balki Eronga juda yetishmayotgan yadroviy texnologiyalar bo‘lsa-chi?

— Bunga shubham bor. Eronda uranni boyitish emas, atom bombasi tomon harakatni anglatuvchi birorta obekt paydo bo‘lsa, uning boshiga ham Iroq va Suriyadagi yadroviy obektlar kuni tushadi. Aniq ishonamanki, Isroil tomonidan zudtar hujumdan qochib qutila olishmaydi.

— Balki Eron 5 noyabrda — AQShda saylovlar o‘tib olganidan so‘ng Isroilga javob zarbasi berishga jazm qila oladimi?

— Fikrimcha, yo‘q. Hozir Eronda propaganda yo‘rqnomasi ishga tushgan — biror jiddiy talafot yetmaganini ko‘rsatish. Buning uchun mojaro tugadi dab hisoblash kerak: ortiq bunday zarbalar bilan almashmaylik, deb. Eronga mojaro avj olishi mutlaqo kerak emas.

— Isroil ham katta urushni istamayotganini ko‘rsatib bo‘ldi.

— Mutlaqo to‘g‘ri. Ular Isroil tinchgina yashashi uchun dunyoga oyatullohlar rejimi popugini pasaytirib qo‘yishni taklif etishmoqda. Agar Eron Isroilni Hamas va «Hizbulloh» orqali qiynashni bas qilsa, Isroil tinchishi mumkin. Ular qachonlardir, shoh davrlarida Eron bilan totuv yashash mumkinligini ko‘rsatib bo‘lishgan.

— Axir u paytlar Isroil va Eron ittifoqchi bo‘lishgan-ku, bugun bu qanchalik g‘alati eshitilmasin?

— Albatta. Ular birgalikda Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish uchun juda ko‘p ishlashgan.

— Eron o‘zining eng faol proksilaridan mosuvo bo‘lsa, Isroil uchun naqadar xavfli bo‘lib qoladi?

— Fikrimcha, u qadar xavfli bo‘lmay qoladi. Hammasi Islom respublikasi rejimi kuchsizlashayotganiga qarab ketmoqda. Oliy bosh rahnamo atrofidagi kallasi ishlaydigan insonlar ham buni bilib, tushunib turishgandir. Oliy bosh rahnamo hali ko‘p ahmoqgarchiliklarni qilmoqda, lekin u aniq kuchsizlashib bormoqda. Oyatullohlar sekin-asta mamlakatdagi vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotmoqda.

— Muxolifat bo‘g‘ilgan, rejimning hamma ishlari joyida bo‘lsa, nega bunday bo‘lmoqda? Nega u kuchsizlanishi kerak?

— Eronda shariat va boshqa narsalarni istamaydigan o‘qigan sinf baribir aholining boshqa qismiga mafkuraviy ta’sir o‘tkazadi. Bundan tashqari, eronliklar bir paytlar Humayniy chorlagan narsalarning barchasi amalga oshgan qo‘shni Afg‘onistonni ko‘rib turishibdi. U ham Eronda shaxmat, musiqa va ashulani taqiqlamoqchi bo‘lgan. Afg‘onistonda bu ishlar amalga oshdi. U yerda ayollar — uy hayvoni darajasida. Eronliklar «to‘laqonli» islom sharoitida Afg‘onistondagilar qanday yashayotganini ko‘rib turishibdi va bundan qochishga harakat qilishadi.

Eng asosiysi, Eronda qarshilikning alohida kuchi borligini unutmaslik kerak. Bu qadimiy madaniyat, o‘tmishda 25 asrlik buyuk sivilizatsiya vorislari. Arablar bir paytlar qadami yetgan joyda islomni tarqatishganida ham Eron bilan bu oson kechmagan. Birinchidan, Eronda islomning ko‘rinishi ham o‘ziga xos bo‘lib chiqdi — shia mazhabi. Ikkinchidan, forslar misrliklar kabi arab tilini qabul qilishmadi. Ular arab bo‘lish uchun Misrning buyuk tarixidan, sivilizatsiyasidan voz kechishdi. Eronliklar esa hech qachon arab bo‘lishmaydi, bu mutlaqo ilojsiz. Madaniyat va sivilizatsiya — ertami-kechmi o‘zini ko‘rsatadi.

— Qay tarzda ko‘rsatadi?

— Bu Uyg‘onishning qandaydir varianti sifatida yuzaga chiqishi mumkin. Hattoki zamonaviyroq oyatullohlar otilib chiqishi mumkin. Inqilob chog‘ida mullalar o‘rtasida juda katta ta’sir kuchiga va u yoki bu darajada liberal ko‘zqarashlarga ega oyatullohlar bo‘lgan.

— Shartli Eron Gorbachyovi kerak bo‘lar ekan-da?

— Juda shartli. Men o‘zgarishlar Eronning «ichidan» boshlanishi mumkin yoki yo‘qligini bilmayman. U yerdagi «lochin»larning barchasida kuch-qudrat juda katta. Lekin norozilik vaqti-vaqti bilan oyatullohlar o‘rtasida ham yuz berib turadi. Xorijdagi muxolifat ularning aytgan gaplarini rejim manziliga e’tiroz sifatida tarqatadi va Eronda nimadir pishib yetilyapti, degan tus beradi. Lekin hozircha «lochin»lar juda kuchli.

Ko‘proq yangiliklar: