Davlat rahbari Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga yerni, yerosti boyliklarini asrab qolishga hamda muhofaza qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.
Qonunga asosan Jinoyat kodeksi 196-1 hamda 196-2-moddalar bilan to‘ldirildi.
196-1-modda foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish, bundan yerosti suvlari va daryolar o‘zanlarida joylashgan foydali qazilmalar mustasno, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hamda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.
O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
196-2-moddada esa foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Unga ko‘ra, foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz kazib olish, bundan yerosti suvlari va daryolar o‘zanlarida joylashgan foydali qazilmalar mustasno, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar o‘sha harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda va bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek yer berish tartibini buzish bilan bog‘lik huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan.
Oldinroq 2023 yilda respublikada qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish bilan bog‘liq 100 dan ziyod holat aniqlangani, Jizzax, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida jami 79 nafar jismoniy shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani aytilgandi.