Yevroittifoq Gurjistonda saylovlardagi qonunbuzarliklarni tekshirishga chaqirdi

Jahon 09:25 / 28.10.2024 1445

Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Gurjistondagi parlament saylovlari vaqtidagi qonunbuzarliklarni tekshirishga chaqirdi. «Biz Gurjiston Markaziy saylov komissiyasi va boshqa tegishli organlarni saylovdagi qonunbuzarliklar va da’volarni tezkor, oshkora va mustaqil ravishda tekshirish hamda ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z burchlarini bajarishga chaqiramiz», — deyiladi Yevropa tashqi harakatlar xizmati 27 oktyabr, yakshanba kuni e’lon qilgan bayonotda.

«Qonunbuzarliklar aniqlanishi va tuzatilishi kerak, bu qadam saylov jarayoniga ishonchni tiklash uchun zarur», — deyiladi unda. So‘nggi oylarda Gurjiston xalqi «demokratik qadriyatlarga va o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqiga yo‘liga sodiqligini namoyish etdi», deya qo‘shimcha qilindi Bryusselda.

Yevropa Ittifoqi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT/DIIHB)ning yakuniy hisoboti va tavsiyalarini kutmoqda, ular imkon qadar tezroq amalga oshirilishi kerak. Ayni paytda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Gurjiston masalasini Yevropa kengashining norasmiy sammiti kun tartibiga kiritish niyatida. Uchrashuv noyabr oyi boshida Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.

Tbilisida Yevropa tarafdorlari mitingida o‘n minglab kishilar qatnashdi

O‘n minglab gurjilar Yevropa tarafdorlari namoyishida ishtirok etdi. Bu haqda 20 oktyabr kuni AFP xabar berdi.

Tbilisining markaziy Ozodlik maydonida namoyishchilar Yevropa Ittifoqi va Gurjiston bayroqlarini ko‘tarib oldi, ba’zilari «Gurjiston Yevropa Ittifoqini tanlaydi» degan bannerlarni ushlab turishgan.

Avvalroq, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ham aksiyaga qo‘shilish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi: «Ishonchim komilki, ertaga sizlar ko‘p bo‘lasizlar va ertaga sizlar bilan birga bo‘laman».

Miting Gurjistonning bir qancha nodavlat tashkilotlari, jumladan, «Gurjiston Yevropa orbitasi» va «Mening ovozim Yevropa Ittifoqi uchun» koalitsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: