Kerchen bo‘g‘ozida harbiy vertolyot halokatga uchradi. Bu haqda Rossiya Harbiy-havo kuchlariga yaqin bo‘lgan Fighterbomber kanali xabar berdi.
Avvaliga, xabarda dengiz aviatsiyasiga tegishli «Ka-27» halokatga uchragani, bunga texnikaning ishdan chiqqani sabab bo‘lgani aytildi. Keyinroq xabar ikki marotaba tahrirlandi. Dastlab model «Ka-52»ga o‘zgartirildi, ko‘p o‘tmay muallif «vertolyot rusumi hozircha noma’lum» ekanini ma’lum qildi. Ekipaj taqdiri to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.
«Ka-27» — suv osti va suv ustidagi nishonlarni aniqlash, ta’qib hamda yo‘q qilishga mo‘ljallangan ko‘p funksiyali vertolyot. «Ka-52 Alligator» tanklar, zirhli va oddiy jangovar texnikalar hamda havo nishonlarini yo‘q qilishga qodir. U 30 millimetrli avtomatik qurol bilan jihozlangan, boshqarilmaydigan aviatsiya raketalari va ko‘plab boshqariluvchi qurollarni tashiy oladi.
«Ka-52» — katapulta tizimiga ega dunyodagi yagona vertolyot. ORYX hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Rossiya kamida 61 ta shu kabi harbiy texnikasidan ayrilgan.
Shuningdek, 26 oktyabr kuni sanitar aviatsiyaning «Mi-2» vertolyoti ham halokatga uchradi. U Kirov oblastida qulab tushgan. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, vertolyot bortidagi uchuvchi va uch nafar tibbiyot xodimining barchasi halok bo‘lgan. Prokuratura favqulodda holat bo‘yicha tekshiruvni boshlagan. Bu hafta davomida sanaviatsiyaga tegishli ikkinchi vertolyotning qulashidir. 22 oktyabr kuni ham shu kabi mashina Nijniy Novgorod oblastida qattiq qo‘nishni amalga oshirgandi. Oqibatda besh kishi jarohat olgan, ularning to‘rt nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.