YeI KXDRni RFning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etmaslik haqida ogohlantirdi

Jahon 11:42 / 26.10.2024 2236

Yevropa Ittifoqi KXDR Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushida qatnashish uchun harbiy xizmatchilarni jo‘natayotgani haqidagi xabarlarning ortishidan chuqur xavotirda. Agar bunday ma’lumotlar tasdiqlansa, bu Yevropa va global tinchlik va xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga olib keladigan bir tomonlama dushmanlik harakati sifatida qabul qilinadi, deyiladi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel nomidan berilgan bayonotda. U 24 oktyabr, payshanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rasmiy saytida chop etilgan.

Shimoliy Koreyaning urushdagi ishtiroki «xalqaro huquqni, jumladan, BMT Nizomining eng fundamental tamoyillarini jiddiy buzish bo‘ladi», deb ta’kidlaydi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rahbari. Bundan tashqari, YeI Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning chuqurlashishini, xususan, «BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzayotgan» qurol-yarog‘ yetkazib berilishini keskin qoralaydi.

Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi Shimoliy Koreyani Rossiyaning noqonuniy harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi, shuningdek, o‘z harakatlarini, jumladan, javob choralarini xalqaro hamkorlar bilan muvofiqlashtirishini ko‘rsatdi.

Zelenskiy: RF bir necha kun ichida KXDR qo‘shinlaridan foydalanishni boshlaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Shimoliy Koreya askarlarini Ukrainaga qarshi urushga jalb qilishi haqida aytib o‘tdi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, ular jangovar zonada 27 va 28 oktyabr kunlari paydo bo‘ladi, deb yozdi u Telegramʼda 25 oktyabr kuni. U G‘arb ittifoqchilarini Moskva va Pxenyan hukumatlariga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham 25 oktyabr kuni mamlakati va Shimoliy Koreya kerak bo‘lganda harbiy yordam ko‘rsatishga qaror qilishi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: