“Vatanparvar”. Navalniy qattiq rejimdagi koloniyada qanday qilib kitob yozishga muvaffaq bo‘ldi?

Jahon 13:42 / 26.10.2024 2023

Navalniyning kitobi haqida uning jamoasi siyosatchi qamoqda vafot etganidan ko‘p o‘tmay e’lon qildi.

“Men uni unutmasliklarini, butun dunyo bo‘ylab odamlar — hatto uni avvaldan bilganlar ham u haqida ko‘proq ma’lumot olishini xohlayman”, — dedi Yuliya Navalnaya BBC’ga bergan intervyusida. “Uning bolalik davri, qanday qilib siyosatchi va Rossiya siyosiy muxolifati yetakchisiga aylanib qolgani, ko‘plab odamlar uning tarafdoriga aylanib, qarashlarini qo‘llab-quvvatlay boshlagani haqida bilishlarini, uning ovozi hatto vafotidan keyin ham baland jaranglab turishini istayman”.

Navalniy kitob yozishga qachon qaror qilgan?

Aleksey Navalniy kitobining avtobiografik qismi ustida 2020 yil kuzida Germaniyada ishlay boshlagan. O‘sha paytda u hayotini xavf ostida qoldirgan “Novichok” bilan zaharlanganidan so‘ng sog‘lig‘ini tiklayotgandi.

Tomskdan Moskvaga ketayotgan samolyotda Navalniy o‘zini yomon his qilib, hushidan ketadi. U bir necha haftadan keyingina o‘ziga keladi.

O‘lish unchalik og‘riqli emas. Kitobning birinchi jumlasi hozir dahshatli bashoratdek tuyuladi”, — deb yozdi New York Times sharhlovchisi kitob haqidagi taqrizida.

Ammo faqat boshlanishi emas, balki butun kitob bashorat bo‘lib chiqdi. Kitob yozish tashabbusi Navalniyning o‘zidan chiqqan.

Umuman olganda, kitob menga juda kerak. Birinchidan, uni yozishni juda xohlayman, bularning barchasini o‘zim boshladim va aytadigan gaplarim bor”, — deydi u. Ushbu parchani “Mediazona” nashr etdi, uni siyosatchi Rossiyada qamoqda o‘tirganida yozgan.

Ikkinchidan, uning adabiy agentlari “juda muloyim va xushmuomala tarzda” bo‘lsa-da, buni tez-tez eslatib turishini Navalniy quvnoq ohangda yozgan.

Ammo kitob ustida ishlashga undagan boshqa ikki sabab uning o‘ziga ham “dramatik” tuyulgan. U qamoqxonada o‘ldirilishi mumkinligi haqida birinchi bor ochiq-oydin gapirgan: “Agar meni bu yerda baribir yo‘q qilib yuborishsa, bu men haqimdagi xotira bo‘lib qoladi”.

Navalniy agar uni o‘ldirishsa, oilasi hech bo‘lmaganda kitob muallifiga to‘lanadigan gonorar va uni sotishdan keladigan foizlarni oladi, deb o‘ylardi.

Menimcha, ular bo‘lishi kerak. Agar kimyoviy qurol bilan qilingan sirli suiqasd, so‘ng qamoqxonadagi fojiali o‘lim kitoblarni sotishga sabab bo‘lmasa, unda qanday kitoblar sotilishini bilmadim”, — deya yana hazillashadi Navalniy. U hali oldinda aynan shu, eng yomon ssenariy kutib turganini bilmasdi.

Endi Navalniyning kitobiga nafaqat xotiralar, balki rossiyalik muxolifatchi siyosatchining siyosiy vasiyati sifatida qaralmoqda.

“Men uchun bu shunchaki kitob emas, balki erimning so‘nggi maktubi, uning matonati, jasorati va mamlakatimizning yorqin kelajagiga ishonchi ifodasi”, — dedi Yuliya Navalnaya.

Navalniy kitob ustida qanday ishlagan?

“Vatanparvar” asari avtobiografik qism hamda Navalniy asosan qamoqda yozgan kundalik qaydlaridan tashkil topgan. Bu materiallardan kitob yaratishda Yuliya Navalnaya, Aleksiyning safdoshlari va hamkasblari yordam ko‘rsatgan.

Siyosatchi matbuot kotibi Kira Yarmish Aleksey o‘z tarjimai holi ustida ishlashni boshlagani haqida aytib bergandi. 2020 yil kuzida Navalniy undan Moskvadan Germaniyaga uchib kelishini va o‘zining adabiy kotibi bo‘lishni so‘raydi. U bo‘lajak kitobning parchalarini unga aytib turardi, chunki zaharlanish oqibatlari tufayli Navalniy uzoq vaqt kompyuterda ishlashga jismoniy jihatdan qiynalgan. Bunday ish sxemasini ular avvalroq Yarmish YouTube uchun bo‘lajak roliklar ssenariylarini yozayotganida sinab ko‘rishgan.

“Alekseyda ravon gapirish iste’dodi bor edi. Mening ishim unga yetib olish va ba’zan: “Bu so‘zni yaqinda ishlatgandik” deb qo‘yishdan iborat edi”, — eslaydi Yarmish. “Rossiyaga jo‘nab ketgunimizcha shu bilan shug‘ullandik”.

Rossiyaga qaytib, hibsga olinganidan keyin Navalniy qamoqxonada o‘z xotiralarini yozishda davom etdi, shuningdek, kitobga kiritilgan qamoqxona kundaliklarini ham yozdi. U hatto syujyet va janrning bunday o‘zgarishi ustidan istehzo bilan gapirdi: “Qamoqxona kundaliklari — bu juda ko‘p shtamplarga ega janr, ulardan foydalanmaslik mumkin emas”.

Navalniyning qamoqdagi yozuvlarida ham koloniyada vafot etish ehtimoli haqidagi fikrlar aks etgan. New Yorker jurnali kitob chiqishidan oldin e’lon qilgan ushbu yozuvlarning bir qismidan ma’lum bo‘lishicha, Navalniy nafaqat o‘zini qamoqda o‘ldirishlari mumkinligini o‘ylagan, balki bu fikrlarini koloniyadagi kam sonli uchrashuvlaridan birida xotiniga ham aytgan.

New York Times sharhida aytilishicha, kundalik uchun so‘nggi qaydlar Navalniy tomonidan 2022 yil sentabr oyida yozilgan. Bu paytda qamoq sharoitlarining yanada qattiqlashishi tufayli biror narsa yozish imkoniyati minimal darajaga tushirib qo‘yilgandi.

Qamoqxonada qanday qilib kitob yozish mumkin?

Qamoqxonada kitob yozish Navalniy tasavvur qilganidan ham qiyinroq bo‘lib chiqdi.

Kitobida Navalniy hazillashib, 2020 yil oxirida nashriyotchilariga Moskvaga qaytish rejalarini aytganda, mabodo qamoqqa olinsa, bu ishni tezroq tugatishi mumkinligini aytgan: “Meni qamashsa, sizlar uchun yaxshiroq bo‘ladi. Bunda, albatta, yozish uchun ko‘p vaqtim bo‘lardi”.

U qattiq yanglishganini tan oldi: aksincha, qamoqxonada yozish uchun vaqt topish juda qiyin edi: “Menga o‘xshagan “qizil zona”dagilarni doimo band qilib turishadi. Bu yerda yozish u yoqda tursin, o‘qishga ham vaqt yo‘q. Bu yerda sen yoningda bir dasta kitob turadigan aqlli mahbus emassan. Sen ho‘l mo‘yna qalpoqda doim qayoqqadir saf tortib ketayotgan ahmoqsan”.

2022 yil kuzida Aleksey muntazam ravishda ShIZOga (tartibni buzgan mahbuslar uchun jarima izolyatori) yuborila boshladi, u yerda yozish yanada qiyinlashdi.

Qog‘oz va ruchka kuniga 1 soat 15 daqiqaga beriladi, — deb ta’riflaydi Navalniy izolyatordagi sharoitlarni. — Mana hozir temir o‘rindiqda, temir stol yonida o‘tiribman. Bu postni yozib tugataman va qog‘ozni olib qo‘yishgunga qadar ish joyidagi mahbuslarga ularning huquqlari haqida yo‘riqnoma yozaman”.

Yuliya Navalnayaning aytishicha, Navalniy umrining so‘nggi oylarida yozish vaqti yarim soatgacha qisqargan. Bu muddat ichida u ham ish bo‘yicha hujjatlar ustida ishlashi, ham xatlarga javob berishi kerak edi.

Biroq u yozishga muvaffaq bo‘lgan taqdirda ham qaydlarni koloniyadan tashqariga yetkazib berishning o‘zi bir mahorat edi.

Qamoqxona kundaliklari qanday qilib “ozodlikka chiqdi”?

Chamasi, Navalniy kitobining dastlabki o‘quvchilari qamoqxona qo‘riqchilari va senzurachilar bo‘lgan. U o‘z xotiralarida shunday yozadi: “Men yozgan va saqlayotgan hamma narsa, xoh advokatim bilan uchrashuvga olib borganimda, xoh undan olib kelayotganimda, shunchaki sinchiklab o‘qib chiqilmaydi, balki qayta-qayta suratga olinadi; yozilganlarni esa bemalol, ahmoqona tarzda tortib olishadi”.

Yozuvlarni qamoqxonadan tashqariga yetkazish ba’zan josuslik romanlaridagi operatsiyalarga o‘xshab ketardi, deydi Navalniy. Masalan, sud majlislari paytida memuarlar bitilgan daftarlarni uzatish rejasini olaylik. New York Times gazetasida e’lon qilingan parchada Navalniy shunday yozadi: “Qo‘riqchilarni aldash uchun butun boshli maxfiy operatsiya o‘ylab topishimga to‘g‘ri kelgan. Buning uchun yozish maqsadida sotib olingan (tashqi ko‘rinishi) bir xil daftarlar bilan ularni almashtirishga majbur bo‘lardim”.

Bu ish vaqt talab qilardi. Ba’zan uning yozuvlari tashqariga chiqishidan oldin yarim yilcha o‘tib ketgan.

Yuliya Navalnayaning fikricha, ayrim yozuvlar yo‘qolgan yoki koloniyada qolib ketgan. Xarpdagi koloniyada vafotidan bir kun oldin Alekseyning ixtiyorida bo‘lgan shaxsiy buyumlaridan oilaga hech narsa qaytarilmagan, hatto sakkiz oy o‘tsa ham, deb ta’kidladi Yuliya BBC bilan suhbatda.

Bular kitobga ta’sir qildimi?

Bu qiyinchiliklar kitobga ta’sir qilmay qolmadi. New York Times nashri ta’kidlashicha, taxminan kitobning o‘rtasida hikoya qilish uslubi keskin o‘zgaradi.

Kitob chiqishidan oldin uni o‘qish huquqiga ega bo‘lgan gazeta sharhlovchisi shunday yozadi: “Kursiv bilan ajratilgan qisqa bo‘limda, Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish tomonidan yozilib, Yuliya tomonidan ma’qullangan, Navalniy qamoqqa olinib, uzoq shimoldagi Arktika koloniyasiga o‘tkazilgandan keyin sodir bo‘lgan voqealar bayon etiladi. Xotiralarning qolgan qismi asosan Navalniyning 2021 yil yanvaridan boshlangan hibsxona qaydlaridan iborat”.

Kitobning bu qismida Navalniy tekshirishlar, saflanishlar va ish paytida o‘zini qanday va nima bilan band qilishga uringanini yozadi: u ish vaqtida tikuv mashinasi ustiga egilib, “Hamlet”dan monolog yodlagan; meditatsiya qilishga uringan; qo‘liga tushgan barcha kitoblarni mutolaa qilgan.

U kameradoshlariga Yuliya bilan uchrashuvi, bel og‘rig‘i sababli ochlik e’lon qilgani hamda shifokorlarni chaqirishni talab qilgani haqida gapirib berardi.

Navalniyning o‘zi ham hibsga olinib, qamoqqa tashlangani sababli kitob butun emasligini tan oladi. “Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, men o‘z tarjimai holimni davom ettirishim, loyihalarni qanday amalga oshirganim va qanday qilib bugungi “men”ga yetishganimga urg‘u berishim kerak edi. Ammo natija qanday bo‘lyapti? Qandaydir bo‘lak-bo‘lak, uzuq-yuluq tartibsizlik”, — deb yozadi Navalniy kitobida. “Buni shunday gonzo-jurnalistika deb hisoblaylik. Faqat, meniki Xanter Tompsonnikidan ham gonzoroq bo‘lsa kerak”.

Ko‘proq yangiliklar: