Sotheby’s kimoshdi uyi eng mashhur va provokatsion san’at asarlaridan biri — italiyalik ijodkor Mauritsion Kattelanning Comedian nomli installyatsiyasini sotuvga qo‘ydi. Uning taxminiy qiymati 1-1,5 million dollarni tashkil etadi.
Comedian — bu devorga santexniklar ishlatadigan skotch yordamida yopishtirilgan banandan iborat konseptual san’at asaridir. U 2019 yili Art Basel Miami Beach yarmarkasida namoyish etilgan. Asarda rassom tomonidan Mayamidagi oziq-ovqat do‘konidan xarid qilingan banandan foydalanilgan.
Kattelan ushbu asarining uchta nusxasini yaratgan. Ularning ikkitasi shaxsiy kolleksionerlarga 120 ming dollarga sotilgan, uchinchisi esa eng qimmat narxga xarid qilingan (uning qiymati oshkor etilmagan) va keyinroq Nyu-Yorkdagi Solomon Guggenxaym muzeyiga sovg‘a qilingan.
Mazkur asar art-hamjamiyat va OAVda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Installyatsiyaga bo‘lgan qiziqish rassom Devid Datun devordagi bananni yulib olib, ko‘rgazmaga tashrif buyurgan yuzlab mehmonlar ko‘z o‘ngida yeb qo‘yganidan keyin yanada ortib ketgan.
San’atshunoslarning bu boradagi fikrlari ikkiga bo‘linadi. Bir qismi buni porvokatsiya deb ataydi. Qolganlar esa unda rassom Marsel Dyushanning konseptual ishlariga ishorani ko‘radi. Ijodkorning o‘zi esa 2021 yilda Art Newspaper’ga bergan intervyusida bananni «izoh-ish» va «biz qadrlaydigan narsalar haqida mulohaza» deb atagandi.
Endi esa uchta banandan biri 1-1,5 million dollar oralig‘ida kimoshdi savdolariga qo‘yilmoqda. Buncha mablag‘ni to‘lagan inson uning evaziga banan, yelim tasma, haqiqiyligini isbotlovchi sertifikat va installyatsiyani o‘rnatish bo‘yicha rassomdan batafsil qo‘llanmaga ega bo‘ladi.