Amerikalik saylovchilarning 2,5 million nafari musulmonlar ekani aytiladi. Prezidentlik poygasi ko‘pincha minimal farq bilan tugashini inobatga olsak, bu – katta raqam. Lekin Falastindagi urush sabab ko‘plab musulmonlarning Trampdan ham, Harrisdan ham xafsalasi pir bo‘lgan.
Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida bu haqdagi savollar bilan Illinoys universiteti doktoranti Ikromjon To‘xtasinov va AQShdagi Salam madaniyat markazi direktori Auvad Auvadga murojaat qildi.
Auvad Auvadning so‘zlariga ko‘ra, AQShdagi musulmon jamoalari haqida gapirganda, avvalo, bir narsaga aniqlik kiritib olish kerak: ular turfa xil siyosiy qarashlarga qarashlarga ega, qolaversa, amerikalik arablarning aksariyati musulmon emas, balki xristianlardir.
“An’anaviy tarzda ayta olamanki, musulmon amerikaliklar asosan demokratlarga ovoz berishadi va oxirgi saylovlarda biz musulmon aholining taxminan 80 foizi Baydenga ovoz berganini ko‘rdik. Ammo G‘azoga qarshi urush sabab odamlar ovoz berishni qayta ko‘rib chiqmoqdalar. Ular demokratlar va respublikachilardan umidlarini uzib, muqobil nomzod izlashmoqda. Hozirda muqobil nomzod bu – yashillar partiyasidan Jill Stayn. U genotsidga qarshi va tomonlar o‘rtasida sulh tuzish haqida gapirmoqda.
Butun yil davomida biz G‘azodagi haddan tashqari vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lib turibmiz. Shu sababli musulmon saylovchilarga ichki muammolardan ko‘ra falastinliklar taqdiri ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda”, – deydi u.
Auvad Auvadning so‘zlariga ko‘ra, Tramp prezidentlik davrida Quddusni Isroil poytaxti deb tan olgan bo‘lsa-da, Trampga ovoz beruvchi musulmonlarni ham oz deb bo‘lmaydi. Musulmonlar kim prezident bo‘lishini hal qilishda katta ahamiyatga ega “ikkilanuvchi” shtatlardan biri – Michigan. Shuningdek, Detroytda ham musulmonlarning katta qismi istiqomat qiladi. Ular orasida falastinliklar va livanliklar talaygina, shuningdek, iroqliklar ham bor. Bu shaharning birinchi musulmon meri Trampni qo‘llab-quvvatlashi, Harrisga qarshi ekanini e’lon qilgan.
Illinoys universitetining siyosatshunoslik yo‘nalishidagi doktoranti Ikromjon To‘xtasinovning qayd etishicha, saylovda raqobat kattaligi sababli bir necha o‘n mingta ovoz ham kim prezident bo‘lishini belgilab berishi mumkin.
“Buni 2020 yilda Jo Bayden Donald Trampdan 165 ming ko‘proq ovoz yig‘ib g‘olib bo‘lganidan ham bilish mumkin. Ya’ni Michigandagi 250 mingdan ortiq musulmonlar saylov taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. 2020 yildagi saylovda demokratlarni qo‘llagan musulmon saylovchilar 65 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi saylovda bu ulush 12 foizni tashkil etmoqda.
Kamala Harrisni qo‘llovchi musulmonlarning soni kamayganiga sabab – Isroil tomonidan G‘azoda shafqatsizlarcha olib borilayotgan harakatlar. Agar Harris hukumat tepasiga kelsa, G‘azodagi voqealar yana davom etishi mumkinligini musulmon saylovchilar yaxshi tushungan holda partiyaning harakatlarini qo‘llamaslikni ma’qul ko‘rishmoqda. Tramp esa birinchi prezidentlik davrida 7 ta musulmon davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlab qo‘ygandi. Trampni qo‘llash ham Harris bilan bog‘liq masalaning takrorlanishiga olib kelishini bilgan holda, AQShdagi musulmonlar uchinchi partiya vakillarini qo‘llamoqda. Ammo migratsiya, soliqlar bilan bog‘liq muammolar borligi sababli saylovchilar demokratlar va respublikachilardan biriga ovoz berishi ham mumkin”, – deydi To‘xtasinov.
Eslatib o‘tamiz, saylov 5 noyabr, seshanba kuniga belgilangan.
NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.