Bir necha ming KXDR harbiy xizmatchisi Rossiyaning Kursk oblastiga yetib bordi, ular rossiyalik harbiylar bilan birga Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi jangovar harakatlarda qatnashishi mumkin. Bu haqda The New York Times Ukraina va ikki amerikalik rasmiyga tayanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, KXDR xalq armiyasining elita bo‘linmasi harbiy xizmatchilari 23 oktyabrdan buyon Kursk oblasti g‘arbiy qismiga joylashgan. Har kuni qo‘shimcha kuchlar yetib kelmoqda, 28 oktyabrga qadar oblastga besh minggacha harbiy yetkazilishi kutilmoqda. KXDR askarlari Il-76 transport samolyotlarida Uzoq Sharqdan olib ketilmoqda.
KXDR harbiylari hali jangga kirgani yo‘q va Rossiya qo‘mondonligi ularga qanday vazifa yuklashi, masalan, ular Ukraina hududiga yuboriladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas.
Nashrning qayd etishicha, KXDR qo‘shinlari 1950 yillardan beri urushlarda qatnashmagan va shuning uchun hatto elita bo‘linmalarining jangovar samaradorligi shubhali.
G‘arb ommaviy axborot vositalari va Janubiy Koreya razvedkasi avvalroq KXDR rasmiylari Ukraina bilan urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z harbiylarini yuborishga qaror qilgani haqida xabar bergan edi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 12 ming askari yuborilgan. KXDR askarlari allaqachon mashg‘ulotlar uchun Uzoq Sharqqa jo‘natilgan. Pentagon rahbari Lloyd Ostinning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyada ekanligiga oid dalillarni olgan, ammo ularning nima qilayotgani noma’lum.
Vladimir Putin KXDR askarlarining Rossiya tomonidan urushda ishtirok etishini tasdiqlamadi, biroq 24 oktyabr kuni BRICS sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda KXDR harbiylari borligi haqidagi savoliga javob berarkan: «Rasmlar jiddiy narsa. Agar suratlar bo‘lsa, demak, ular nimanidir aks ettiradi», degan edi.