Isroilning Eronga zarbasi, Anqaradagi terakt tashkilotchilari va Moskvada migrantlar uchun yangi tajriba - kun dayjesti

Jahon 13:33 / 26.10.2024 8102

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroilning Eronga hujumi

Kecha tunda Isroil Eronning harbiy obektlariga aviatsiya yordamida zarbalar bergan. Xususan, poytaxt Tehronga berilgan zarbalarning barchasini Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi bartaraf qilganini Al-Mayadin telekanali xabar qilmoqda. Isroil manbalari hujum muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ta’kidlamoqda.

Tungi soat 02:15 larda Tehronning g‘arbida bir necha portlash ovozlari eshitilgan. Tehron yaqinida yangragan bu portlash ovozlari Isroil raketalarining kelib nishonga tegishi natijasida emas, havo hujumidan mudofaa tizimining ishga tushishi natijasida ro‘y bergan.

Avvalroq Isroil armiyasi Eronning ayrim harbiy obektlariga aviatsiya vositasida hujum uyushtirilganini e’lon qilgan edi. Ma’lum qilinishicha, hujum faqat harbiy obektlarga qarshi uch to‘lqinda uyushtirilgan va unda 100 dan ortiq qiruvchi samolyotlar ishtirok etgan.

Yahudiylarning The Jerusalem Post nashri Eron tomoni Isroilning birorta raketasini tutib ololmaganini yozmoqda.

Tehronning janubidagi va Karaj shahridagi 5 ta nishon Isroil harbiy havo kuchlari tomonidan yo‘q qilingani aytilmoqda. Bular quyidagilar: Bidkondagi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining “Amir al Mo‘min” harbiy havo kuchlari raketa bazasi; Bidkondagi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining ballistik raketalar tadqiqoti markazi; Tehronning shimoli g‘arbidagi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy havo kuchlarining logistika markazi, Eron armiyasi yoki Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining havo hujumidan mudofaa tizimlari.

Tehrondagi Fath shossesi yonidagi kazarmalarga zarba berilgani ham rasman tasdiqlangan. Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining askarlari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Eronning Sheroz shahrida ham portlashlar ro‘y bergan.

Anqaradagi terakt tashkilotchilari

Turkiya huquq-tartibot idoralari Anqaradagi terakt ijrochilarini aniqladi. Ular Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zolari bo‘lib chiqdi. Ushbu partiya Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

«Hujum qilgan va o‘ldirilgan terrorchining shaxsini aniqladik. Xoin Rojger laqabli KIP a’zosi Ali O‘rek bo‘lib chiqdi», deb yozdi Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ijtimoiy tarmoqda.

Ichki ishlar vazirligi teraktda ishtirok etgan ayolning ham shaxsini aniqladi.

«Xoin KIP a’zosi Mine Sevjin Alchichek bo‘lib chiqdi. Shunday qilib, ikkala hujumchi ham KIP a’zosi», deb yozdi vazir.

23 oktyabr kuni Anqaraning Qahramonqozon tumanidagi TUSAŞ aviatsiya zavodiga hujum uyushtirildi. Avvaliga bino yaqinida portlash sodir bo‘ldi, shundan so‘ng qurollangan jangarilar odamlarga qarata o‘q uzdi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘ldi, 22 kishi yaralandi. Turkiya Ichki ishlar vazirligi ikki terrorchi yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashni davom ettirishga va’da berdi. Shu kuni mamlakat Mudofaa vazirligi Iroq va Suriyadagi Kurdiston ishchilar partiyasiga tegishli 32 ta nishon yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Guterrishni rad etgan Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning Qozondagi BRIKS sammitidagi ishtiroki uchun Kiyevga tashrifini rad etdi. Bu haqda Zelenskiy ofisiga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Qozondan keyin Guterrish Ukrainaga borishni istagan, ammo Zelenskiy uning tashrifiga tayyorgarlikni tasdiqlamagan.

«Shu bois Guterrish bu yerda bo‘lmaydi, xususan, Qozonda sog‘lom fikr va xalqaro qonunlar kamsitilgani uchun», — deydi AFP manbasi.

Ukraina prezidenti ofisi Guterrishning Kiyevga tashrifi bekor qilinganiga rasman izoh bermadi. BMT ham mazkur holat bo‘yicha biror munosabat bildirmadi.

Antoniu Guterrish 23 oktyabr kuni Qozonda o‘tkazilgan BRIKS sammitiga borgan va Vladimir Putin bilan uchrashgan. BMTning rasmiy press-relizida ta’kidlanishicha, Guterrish «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi BMT nizomi va xalqaro huquqni buzish ekanini tasdiqlagan» va muzokaralar o‘tkazilishini «to‘liq qo‘llab-quvvatlagan». Ammo sammitdagi chiqishi davomida Guterrish Rossiya tomonidan xalqaro huquqning buzilishi haqida biror gap aytmagan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Guterrishning BRIKS sammitiga tashrifini qoralab, u Shveytsariyadagi birinchi tinchlik sammitida ishtirok uchun Kiyev taklifini rad etgani, biroq «harbiy jinoyatchi Putindan» Qozonga taklifni qabul qilganini bildirdi.

«Bu tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashmaydigan noto‘g‘ri tanlov», — deyiladi Ukraina TIV bayonotida.

KXDR askarlari Rossiyada

Shimoliy Koreya Rossiyaga o‘z harbiylarining ikkinchi guruhini yuborishga tayyorlanmoqda. Bloomberg nashriga ko‘ra, Janubiy Koreya o‘zida mavjud razvedka ma’lumotlarining bir qismini NATOning 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida taqdim etish niyatida.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga 10 mingga yaqin shimoliy koreyalik askarlar kelishi kutilmoqda. Maxsus bo‘linmaning 1,5 ming jangchisidan iborat birinchi guruh allaqachon Uzoq Sharqda tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi xabariga ko‘ra, ular hozir Rossiyaning Kursk oblastiga yetib kelgan.

Bloomberg suhbatdoshlarining aytishicha, alyansning potensial javob qaytarish imkoniyati cheklangan, ammo Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirishi mumkin.

Razvedka hujjatlarida KXDR tomonidan Rossiyaga yetkazib berilayotgan qurollar ko‘lamiga ham oydinlik kiritilgan. 2023 yil avgustdan beri Rossiyaga 122 millimetrli va 152 millimetrli snaryadlardan 8 millionga yaqin, qariyb 100 ta Hwasong-11 raketalari hamda tankka qarshi Bulsae-4 qurollarini jo‘natgan. Bu avvalroq qilingan hisob-kitoblardan sezilarli darajada ko‘p.

Janubiy Koreya razvedkasi avvalroq KXDR Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z harbiylarini yuborishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Pentagon rahbari Lloyd Ostin ham KXDR harbiylari Rossiyada ekani to‘g‘risida dalillar qo‘lga kiritilganini ma’lum qildi.

Moskvada migrantlar uchun yangi tajriba

Moskva hukumati 2025 yilda tajriba tariqasida migrantlarga xorijlik fuqaroning elektron guvohnomasini tarqatishni boshlaydi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi.

«Migrantlar uchun keyingi yildan tajriba tariqasida federal qonunga asosan elektron pasport joriy etamiz», — deydi Sobyanin jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron hujjat «barcha ma’lumotlarni» o‘zida jamlaydi: Rossiyaga kirilgan sana, biometrik ma’lumotlar, ish joyi va ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi.

Sobyaninning qo‘shimcha qilishicha, politsiyachilar reydlar davomida maxsus qurilmalar yordamida migrantlarning guvohnomalarini tekshiradi. Agar hujjatda biror kamchilik bo‘lsa, politsiyachilar chora ko‘rishga majbur bo‘ladi.

«Gadjetiga ushbu holatni qayd etishi bilan, u qonunbuzarni qo‘yib yubora olmaydi: qurilmada qizil yonsa, fuqaro qidiruvda ekanini, migratsiya rejimini buzganini anglatadi», — deydi Sobyanin.

Moskva rahbarining qo‘shimcha qilishicha, 2025 yilda tajriba tariqasida Moskva aeroportlarida barcha, jumladan, RF hududiga kirishda viza talab etilmaydigan xorijliklar uchun ham biometrik nazorat joriy etiladi.

Avvalroq, o‘ndan ortiq oblastlar, jumladan, Novosibirsk, Samara, Tula, Magadan va Chelyabinskda xorijlik fuqarolar mehnatiga taqiq joriy qilingan edi. Bu chora-tadbirlar 22 mart kuni «Krosus Siti Xoll» konsert zalida Tojikiston fuqarolari tomonidan uyushtirilgani aytilayotgan teraktdan keyin kuchaytirildi.

Bundan tashqari, Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlar mehnati taqiqlangan sohalarda ularni ishga olganlik uchun katta miqdorda jarimalar joriy qilingan. Yuridik shaxslar million rublgacha, mansabdor shaxslar 50 ming rublgacha, migrantni yollagan jismoniy shaxslar esa 4 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: