Islandiyada to‘rt kunlik ish haftasi joriy etildi

Jahon 22:15 / 26.10.2024 2876

Islandiya to‘rt kunlik ish haftasini joriy qilganidan beri ta’sirchan iqtisodiy o‘sishni kuzatdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Yangi tadqiqotga ko‘ra, Islandiya yalpi ichki mahsuloti 2023 yilda 5 foizga o‘sgan, bu rivojlangan iqtisodiyot uchun juda yuqori. Boy Yevropa mamlakatlari orasida faqat Malta bundan yuqori ko‘rsatkichga ega edi. Taqqoslash uchun, 2006-2015 yillar davomida Islandiyaning o‘rtacha iqtisodiy o‘sish sur’ati yiliga atigi 2 foizni tashkil etdi.

Tahlilchilar mamlakat iqtisodiy muvaffaqiyatini aynan ish haftasining qisqarishi bilan bog‘lamoqda. Shunday qilib, 2015 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatda bir qancha yirik tajribalar o‘tkazildi, bunda budjet sohasi xodimlarining ish haftasi maosh kamaytirmasdan, 40 soat o‘rniga 35-36 soatga qisqartirildi. Tajribada 2500 kishi ishtirok etdi - Islandiyaning mehnatga layoqatli aholisining 1 foizidan ortig‘i.

Tadqiqotchilar ko‘pchilik ish joylarida mehnat unumdorligi o‘zgarmagan yoki yaxshilanganini, ishchilarning farovonligi esa bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha «sezilarli darajada» oshganini aniqladi.

Keyinchalik Islandiya kasaba uyushmalari butun mamlakat bo‘ylab o‘n minglab a’zolari uchun ish vaqtini qisqartirishga kelishib oldi. 2022 yilga kelib, mamlakatdagi ishchilarning 51 foizi qisqartirilgan ish vaqti yoki to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. Bugungi kunda islandiyaliklarning 59 foizi ushbu formatda ishlaydi.

Garchi iqtisodchilar 2024 yil oxiriga borib iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishini bashorat qilsa-da, tahlilchilar yana bir muhim ko‘rsatkichga – mamlakatdagi ishsizlik darajasining pastligiga e’tibor berishadi. Bu «iqtisodiyotning kuchli ekanini ko‘rsatmoqda», dedi ular.

Ko‘proq yangiliklar: