Xitoyda 1 milliarddan ortiq beshinchi avlod mobil aloqa foydalanuvchilari bor. Bu haqda China Mobile, China Unicom va China Telecom uchta asosiy aloqa operatlari hisobotida so‘z boradi.
XXR Sanoat va axborotlashtirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil sentabr oyi holati bo‘yicha Xitoyda 4 milliondan ortiq 5G bazaviy stansiyalari qurilgan. Beshinchi avlod aloqa tarmog‘i aholining 70 foizini qamrab olgan, o‘ta tezkor gigabit simli internet foydalanuvchilari soni esa 196 million kishini tashkil etmoqda.
Yevropa Ittifoqi va XXR hamkorlikda beshinchi avlod mobil aloqasi tizimini yaratish haqidagi shartnomani 2015 yilda imzolagan edi. O‘shanda Xitoy bu loyihaga 315 milliard yevro ajratishi ma’lum bo‘lgandi.
2019 yilda Berlin va Bonn shaharlarida beshinchi avlod mobil aloqa tarmog‘i, 2020 yilda esa Tibetda dunyodagi eng baland joylashgan 5G standartidagi mobil aloqa stansiyasi ishga tushgandi. Ushbu stansiya dunyoning eng baland cho‘qqisi Everestni mobil aloqa bilan qoplashni ta’minlaydi.
O‘zbekistonda esa 2023 yil mart oyidan mobil internet tezligini oshirish va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etish jarayoni boshlangan. Loyihaning birinchi bosqichida 5G tarmog‘i bilan Toshkent shahrini to‘laqonli qamrab olish, shuningdek, viloyat markazlari qisman qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Ishlar yakuniga yetgach, respublika bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi.