RFda 2025 yilgi budjet loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi

Jahon 11:49 / 25.10.2024 1950

Davlat dumasi 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan federal budjet loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda 24 oktyabr, payshanba kuni Federal majlis quyi palatasi saytida ma’lum qilindi.

2025 yilda federal xarajatlar 41 trillion 469 milliard rublgacha oshadi. 2018 yildan buyon ularning hajmi 2,5 barobar oshdi – 16 trillion 713 milliard rubldan, dedi rais Vyacheslav Volodin.

2026 yilda tegishli ko‘rsatkich 44 trillion rublni, 2027 yilda 45,9 trillion rublni tashkil qiladi.

Milliy mudofaa uchun budjet mablag‘lari — ochiq va yopiq bandlar doirasida — 2025 yilda 13,49 trillion rublga yetadi, 2026 yilda 12,7 trillion rublga, 2027 yilda esa 13 trillion rublga yetishi kutilmoqda.

Armiya va xavfsizlik kuchlariga sarflanadigan xarajatlar budjetning 40 foizini tashkil etadi va ijtimoiy sohaga rejalashtirilgan mablag‘lardan (6,49 milliard) 2,5 barobar, sog‘liqni saqlashdan (1,86 milliard) esa 9 barobar ko‘p bo‘ladi.

2024 yilda RF xarajatlari 1,5 trln rublga oshishi mumkin

Rossiya 2024 yilda budjet xarajatlarini 1,5 trillion rublga oshirishi mumkin. Bu haqda Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov RBK'ga bergan intervyusida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli taklif parlamentga allaqachon kiritilgan va bu yil davomida «rejadan tashqari xarajatlar» yuzaga kelgani bilan bog‘liq.

So‘ralgan mablag‘ning katta qismi Markaziy bank tomonidan asosiy stavkaning oshishi fonida imtiyozli ipoteka kreditlarini subsidiyalashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan, dedi Siluanov. «6 foiz oilaviy stavkada yoki 8 foiz imtiyozli ipoteka kreditini olgan odamlar, ular uchun stavkalar barqaror bo‘lib qoladi, shuning uchun biz budjetdan bir trillion rubldan ko‘proq pul olamiz. U odamlarning ipoteka kreditlari stavkasi o‘zgarmasligi uchun yo‘naltiriladi», — deya vazirning so‘zlarini keltiradi RBK.

Qolgan xarajatlar davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishi, shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarining ehtiyojlari bilan bog‘liq. «Ehtimol, eng muhimi — bu maxsus harbiy operatsiyaning vazifalari. Biz birinchi navbatda frontda muvaffaqiyatni ta’minlash uchun Mudofaa vazirligining har qanday ehtiyojlarini moliyalashtiramiz», dedi vazir.

Shu bilan birga, Siluanovning so‘zlariga ko‘ra, yakunda hukumat 2024 yil oxirigacha 1,5 trillion rubldan kam mablag‘ sarflashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: