BRICS+ formatini ham o‘z ichiga olgan sammitga 30 dan ortiq davlat rahbarlari, qator xalqaro tashkilotlar namoyandalari keldi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida haftaning bosh geosiyosiy voqeasi haqidagi mulohazalarini bayon qiladi.
Tatariston poytaxtida o‘tgan BRICS sammiti atrofida “Kimlar keladi?”, “Nimalar gapiriladi?”, “Boshqa davlat rahbarlari Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha, Isroil-Falastin mojarosi bo‘yicha, kollektiv g‘arb hokimiyati bo‘yicha nimalar deydi?” degan savollar ko‘pchilikni qiziqtirdi, intrigalarga sabab bo‘ldi.
Qisqacha bo‘lsa-da, BRICS tarixiga to‘xtalib o‘tsak. BRICS 2006 yilda tuzildi, boshida bu uyushmaga bor-yo‘g‘i to‘rtta davlat a’zo edi: Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy. 2011 yilga kelib tashkilotga Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shilishi oqibatida BRICS abriviaturasi paydo bo‘lgan edi. 2000-yillarning o‘rtalarida bu davlatlarning iqtisodiyoti hozirgiga qaraganda ancha zaif edi, qolaversa, bu davlatlar kollektiv g‘arbga qarshi tirashuv holatida emas edi. Shuning uchun BRICSning eng boshlang‘ich maqsadi – o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, mushtarak manfaatlar uchun birga loyihalar ishlab chiqish edi.
BRICS 2024 yilning yanvar oyida to‘rtta yangi a’zo davlat hisobiga yanada kengaydi, bular: Eron Islom Respublikasi, Efiopiya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari. Saudiya Arabistoni ham shu sanadan tashkilot a’zosi bo‘lishi kutilgan bo‘lsa-da, bu hali rasman sodir bo‘lgani yo‘q. Shuningdek, BRICSga a’zo bo‘lishga qiziqayotgan, ariza bergan va a’zolikni kutayotgan davlatlar soni ham ko‘payib bormoqda, bular: Malayziya, Indoneziya, Ozarbayjon, Suriya Arab Respublikasi. Qozog‘iston BRICSda kuzatuvchi maqomiga ega, lekin bir necha kun oldin a’zo bo‘lishga shoshilmasligini bildirdi. Turkiya ham BRICSga qiziqishini bildirib, G‘arb davlatlari bilan “savdolashmoqda”: “Agar menga Yevropa Ittifoqi eshiklarini tezroq oqmasangiz, BRICSga ketib qolaman...”
BRICS – bu to‘laqonli xalqaro tashkilot emas. Uning shtab kvartirasi yo‘q, tashkiliy tuzilmasi juda sodda, sekretariati yo‘q. Aslida, BRICSni klub deyish mumkin. Iqtisodiy va geoiqtisodiy klub. Xuddi “Yettilik guruhi” (G7) kabi. BRICSning yagona doimiy ishlab turuvchi tashkiloti – bu BRICS banki (Yangi taraqqiyot banki) hisoblanadi. A’zo davlatlar bankka teng ulushda pul kiritadi. Va bu pul a’zo davlatlardagi loyihalar uchun ishlatiladi. Lekin, qizig‘i shundaki, BRICS banki keyingi ikki yilda Rossiyaga nisbatan joriy qilingan barcha sanksiyalarga rioya etib kelmoqda. Ya’ni, Rossiya BRICS bankiga pul beradi, lekin ololmaydi, ishlata olmaydi.
BRICSga a’zo davlatlar o‘zaro uyushishdan ikki yo‘nalishdagi maqsadlarni ko‘zlaydi. Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va kabi davlatlar bu tashkilotni G‘arbning iqtisodiy va geosiyosiy gegemoniyasiga qarshi uyushma sifatida ko‘radi, shuning uchun bu tashkilot G‘arbga, AQShga qarshi loyihalarni jadallashtirishi kerak deb hisoblaydi.
Ikkinchi toifa davlatlar – bu shunchaki iqtisodiy va geoiqtisodiy loyihalar qilib, ichki iqtisodiy o‘sish uchun imkon va zamin izlayotgan davlatlardir. Ularning AQSh va kollektiv g‘arb bilan munosabatlari normal yoki ijobiy, shuning uchun BRICSning haddan tashqari siyosiylashtirilishiga shubha bilan qarashadi. Bunday davlatlar qatorida Hindiston, Arab Amirligi, Misr va Saudiya Arabistonini sanash mumkin.
BRICSdagi eng vaznli davlatlardan ikkitasi bu tashkilotni AQSh va G‘arbning iqtisodiy qudratiga qarshilik ko‘rsatish tayanchi sifatida ko‘rishni istaydi. Bular – Rossiya Federatsiyasi va XXR. Ularning fikrlashi quyidagicha: AQSh va G‘arb qudratining ikkita ustuni bor, bular iqtisodiy qudrat va harbiy salohiyat. BRICS esa G‘arbning iqtisodiy qudrati va monopoliyasi bilan kurashishi kerak. Shuning uchun, BRICS dollar monopoliyasini yo‘qotish yo‘lidagi eng asosiy platforma bo‘lishi kerak. Qozondagi intrigalardan biri ham shu bo‘ldi: BRICS doirasida o‘zaro savdolarni dollarda emas, milliy valutalarda amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi, Amerika boshqaradigan SWIFT tizimidan voz kechib, BRICSning o‘z tizimini yaratish ko‘p marta tilga olindi. Ya’ni kichik qadamlar bilan, BRICS G‘arb iqtisodiy tizimidan chiqish uchun yo‘l izlamoqda.
BRICS sammiti Putin uchun “izolyatsiyadan chiqish yo‘li” sifatida ko‘rildi. Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri, hali Rossiyaga bu qadar ko‘p liderlar kelmagandi. Bu liderlarning katta qismi – vazni og‘ir davlatlardan. Qolaversa, bu sammitga BMT bosh kotibi Antoniu Gutterrish ham keldi. Bu holat G‘arbni, Ukrainani juda g‘azablantirdi.
Nega Qozon sammiti Putin uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi? Sababi, keyingi bir yildan oshiq vaqt ichida davom etayotgan G‘azo qatliomi G‘arbga bo‘lgan o‘rtamiyona ishonchni yo‘qotdi, G‘arbning ikki standartli ekani juda ochiq ko‘rinib qoldi. Agar Ukraina urushi fonida, G‘azoda bu qadar katta qatliom bo‘lmaganida, yoki G‘arb Isroilni to‘xtata olganida edi, dunyo hozirgidek tashnalik bilan G‘arbga muqobil izlamagan bo‘lar edi.
Qozon sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham nutq so‘zladi. O‘zbekiston prezidenti BRICS borasida geosiyosiy ohangdagi chiqish qilmadi, ya’ni BRICSga na ijobiy, na salbiy baho bermadi. Balki, dunyodagi vaziyat qaltislashib borayotgani aytildi. Lekin, eng asosiysi – O‘zbekiston prezidenti Isroilning jinoyatlariga munosabat bildirib, “hech qanday siyosiy bahonalar tinch aholining, bolalar va ayollarning ommaviy o‘limini oqlay olmaydi” degan mazmunda chiqish qildi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos