Arxeologlar O‘zbekistonning janubi-sharqidagi tog‘larda o‘rta asrlarga tegishli ikkita shahar qoldiqlarini topdi. Ushbu yangilik insonlardagi afsonaviy Ipak yo‘li tushunchasini o‘zgartirib yuborishi mumkin, deb yozadi BBC.
Nature jurnalida e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, Tadqiqotchilar guruhiga Sent-Luisdagi Vashington universiteti antropologi Maykl Fraketti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov rahbarlik qilgan.
Aniqlangan shaharlardan biri — Tugunbuloq bo‘lib, uning maydoni kamida 120 gektarni tashkil etadi va u dengiz sathidan 2000 metr balandlikda joylashgan. Hozirda ushbu balandlik yashash uchun yaroqsiz hisoblanadi.
«Endi ushbu topilma tufayli Markaziy Osiyo tarixi o‘zgaradi», — deydi Farhod Maqsudov.
Tadqiqotchilar jamoasining ta’kidlashicha, Tugunbuloq va kichikroq shahar bo‘lgan Toshbuloq VIII va XI asrlarda gavjum shahar bo‘lgan. Hozirda bu kabi baland hududda dunyo aholisining 3 foizigina yashaydi — Tibet va Peruda.
Guruh dastlab 2011 yilda tog‘ga sayohat paytida kichikroq shahar bo‘lgan Toshbuloqni topgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, tog‘lardan birining cho‘qqisiga ko‘tarilayotib, ular g‘alati tepaliklar bilan qoplangan tekislikni payqab qolgan. Bu tepaliklar oddiy ko‘zga unchalik e’tiborli ko‘rinmagan. Shu joyda ular minglab sopol parchalariga ham duch kelgan.
2015 yilda Toshbuloqda qazishma ishlari olib borilayotganda, Frakettiga bu joydan bir necha kilometr narida oilasi bilan yashaydigan o‘rmon xo‘jaligi inspektori murojaat qilib, uyining orqa hovlisida ham shunday turdagi sopol idishlar borligini aytggan.
Frakettining so‘zlariga ko‘ra, tarixiy qaydlarda mazkur hududda shahar borligi haqida so‘z boradi, ammo guruh dengiz sathidan 2200 metr balandlikda maydoni 12 gektarni tashkil etadigan shaharga duch kelishlarini kutmagan.
Toshbuloq maydoni 12 gektardan 15 gektargacha yetgan. Tugunbuloqqa nisbatan kichikroq bo‘lishiga qaramay, unda ham qal’a bo‘lgan. Olimlar u yerda Tugunbuloqdagi uylar bilan o‘xshash shakl va o‘lchamga ega bo‘lgan kamida 98 ta ko‘zga tashlanadigan turar joy topgan. Tadqiqotchilarning fikricha, Toshbuloq VI—XI asrlar oralig‘ida, Tugunbuloq esa VIII—XI asrlarda joylashgan.
«Odatda olimlar aholi turar joylari mavjudligini isbotlash uchun vodiyning tekis hududlarini o‘rgangan, shu bois ushbu topilma e’tiborga molik», — deydi Oksford universiteti professori Piter Frankopan.