Zelenskiy G7'ga Ukrainaga ko‘p milliardlik yordam uchun minnatdorchilik bildirdi

Jahon 11:05 / 24.10.2024 1659

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh va boshqa G7 davlatlariga Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam uchun ko‘p milliard dollarlik kredit ajratganiga minnatdorchilik bildirdi. «Amerika 20 milliard dollar berishga qaror qildi, bular muzlatilgan Rossiya aktivlaridan ta’minlangan mablag‘lar», dedi Zelenskiy 23 oktyabr, chorshanba kuni kechki videomurojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning G7 kreditining bir qismi bo‘lgan bu hissasi Ukrainaning himoyasi va barqarorligi uchun zarur. «Bu bizni qo‘llab-quvvatlaydigan narsa va buni shu yil amalga oshirish juda muhim», dedi Ukraina davlati rahbari.

Zelenskiy o‘zining an’anaviy kechki nutqini Make Russia small again («Rossiyani yana kichkina qilamiz») yozuvi tushirilgan futbolkada o‘qib eshittirdi. Bu ibora AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» saylovoldi shioriga ishoradir.

AQSh Ukrainaga 20 mlrd dollarlik yordam yuborishni rejalashtirmoqda

Qo‘shma Shtatlar o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainaga 20 milliard dollar (konvertatsiya qilinganda: 18,5 milliard yevro) miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. «Katta yettilik»ning 50 milliard dollarlik yordam paketiga shartli ravishda 20 milliard dollar hissa qo‘shishimiz mumkinligini aytmoqchiman», deya 22 oktyabr kuni AQSh moliya vaziri Janet Yyellenning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa.

Bu Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromaddan Ukrainaga 50 milliard dollar ajratish bo‘yicha «Katta yettilikka» a’zo davlatlar iyun oyida erishgan kelishuvga ishora qiladi.

Yyellenning aniqlik kiritishicha, Kiyevga Amerika hukumati tomonidan qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror «99 foizga qabul qilingan». Bu boradagi yakuniy qaror shu hafta oxirigacha qabul etilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, AQSh moliya vaziri Ukrainaga ushbu moliyaviy yordam ko‘rsatish yuki amerikalik soliq to‘lovchilarga tushmasligini ta’kidladi. «Bu yordam uchun Rossiya to‘laydi», dedi Janet Yyellen.

Ko‘proq yangiliklar: