Keyingi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayadi yo ko‘payadi – prognozlar qanday?

O‘zbekiston 17:46 / 24.10.2024 13976

2023 yilda O‘zbekiston tarixida ilk marta bir yil ichida 1 millionga yaqin chaqaloq tug‘ildi. O‘zbekistonliklar soni 37 milliondan oshgan. Xo‘sh, bu trend keyingi yillarda ham saqlanib qoladimi, taxminiy prognozlar qanday? Nikohlar yildan yilga kamayib boryapti, biroq tug‘ilish o‘syapti. Bunga sabab nima?

Ko‘p bolali oilalar

Adiba Mengliyeva 29 yoshda, u oilasi bilan Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yashaydi. U salkam qahramon ona. Chunki 7 yil ichida 4 nafar farzandni dunyoga keltirgan. Adibaning uchinchi qizi esa o‘tgan yilning rekordchi chaqaloqlaridan biri. Boisi 2023 yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor 1 yil ichida 1 millionga yaqin chaqaloq tug‘ildi. Adibaning uchinchi qizi ham shu rekordni o‘rnatishga yordam bergan. Adiba 22 yoshida oila qurgan va ilk farzandini 23 yoshida dunyoga keltirgan. “Keyingi farzandim 25 yoshimda, 28 yoshimda esa uchinchi va 29 yoshimda to‘rtinchi farzandim tug‘ildi”, – deydi u.

29 yoshli Adiba Mengliyeva

Iqtisodchi, demografik tadqiqotchi Muhabbat Ahmedovaning aytishicha, O‘zbekistonda tug‘ilishning o‘sishiga Adibaga o‘xshagan ayollar katta ta’sir ko‘rsatyapti. Tug‘ilish o‘sayotganiga sabab yangi oilalar ko‘payayotgani emas, balki oilalar ko‘p farzandli bo‘lish modeliga o‘tayotgani bo‘lishi mumkin. Bu haqda 2022 yilda o‘tkazilgan tadqiqoti natijalaridan misol keltiradi. “So‘nggi 5 yilda, ayniqsa 2018 yildan boshlab har bir oilaga 3 va undan ko‘p farzandlar to‘g‘ri kela boshlagan. Buning sababini bilish uchun 2022 yilda O‘zbekistonda tug‘ilish ko‘rsatkichlariga qanday omillar ta’sir qilishi bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazganmiz. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi 3 va undan ortiq farzandli ayollar qatnashgan”, – deydi u.

Shuningdek, ko‘p bolali oilalarning ko‘payishiga O‘zbekistonda daromadlar oshishi ham ta’sir qilayotgani aniqlangan. Ya’ni daromad oshsa, oilalar farzandlarini ko‘paytirishgan. “Bu Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlardan keskin farq qiladigan bir tendensiya”, – dedi iqtisodchi.

Tadqiqotda so‘nggi yillarda ayollar orasida kontratseptiv vositalardan foydalanish pasayib borayotgani va aholi orasida diniy qarashlarning mustahkamlanishi kabi sabablar ham ayollarning ko‘proq farzand ko‘rishiga kam foizda ta’sir qilayotgani aniqlangan.

Muhabbat Ahmedova, demografik tadqiqotchi

Nikohlar kamaygan, tug‘ilish ko‘paygan

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yili – 1991 yilda O‘zbekistonda 723,4 ming bola tug‘ilgan va keyingi 10 yil davomida tug‘ilishda o‘sish kuzatilmagan. Tug‘ilishlar 2000 yildan keyin ko‘tarila boshlagan.

Shuni aholida aytish kerakki, 2000 yildan beri oila qurish trendlarida tushish va qayta o‘sish yoki o‘sish va qayta kamayish holatlari kuzatilgan. Biroq tug‘ilishda oxirgi 23 yil davomida faqat o‘sish kuzatilgan.

Oxirgi 3 yilga qaraladigan bo‘lsa, nikoh tuzilishi yildan yilga kamaysa ham, tug‘ilish o‘sib boravergan.

  • 2021 – nikohlar – 305 100 ; tug‘ilish – 905,2
  • 2022 – nikohlar – 296 689; tug‘ilish – 932 192
  • 2023 – nikohlar – 283 808 ; tug‘ilish – 961 962

Bu yog‘iga-chi, O‘zbekiston aholisi kamayadimi yo ko‘payadimi, keyinchalik aholining o‘sishiga asosiy ta’sir ko‘rsatadigan yoshlar necha nafar farzandlari bo‘lishi istashadi, umuman ular necha yoshda oila qurishni ma’qul ko‘rishadi?

Yoshlar qancha farzandlari bo‘lishini xohlaydi?

Ayni kunlarda o‘zbekistonlik yoshlar necha yoshda oila qurishni va qancha farzandlari bo‘lishini bilish uchun Kun.uz kichik so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda qatnashgan aksar yoshlar qizlar uchun 21-22 yosh, yigitlar uchun esa 24-25 yoshda oila qurish uchun me’yor deb hisoblagan.

Ayrimlar qizlarning 25 yoshda oila qurishini qo‘llab-quvvatlagan. “Chunki qiz bola ertaga farzand tarbiyalaydi. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak. Ungacha karera qilib olishi kerak”, – deb fikrini asoslagan ulardan biri.

So‘rovnomada qatnashgan yigitlarning bir guruhi esa oila qurish uchun aniq bir yoshni ko‘rsatmagan. “Yigitlar hamma narsani eplagandan keyin oila qurishga tayyor bo‘ladi”, – degan ishtirokchilardan biri.

Bir ishtirikchi esa erta yoshda oila qurishni qo‘llab-quvvatlab, yigitlarga 20, qizlarga 18 yosh norma ekanini aytgan.

Bir oilaga nechta farzand bo‘lishi kerak degan savolga esa aksariyat ishtirokchilar 2-3 nafar deb javob berishdi. “Chunki biz bolalarimizni ma’rifatli, o‘qimishli, bilimli qilib tarbiyalashimiz kerak, 2 o‘g‘il 1 qiz yetadi”, – deb fikrini izohlagan ishtirokchilardan biri.

Nega ko‘p farzandli oila xohlayapsiz degan savolga ishtirokchilardan biri qariganda yordam olish imkonini ko‘paytirish uchun deb javob bergan.

Adiba-chi?

Adiba 22 yoshida oila qurgan. 7 yillik kichik oilaviy hayotidan kelib chiqib, yoshlar necha yoshdan oila qurgani ma’qul degan savolga u ham javob berdi.

Uning fikricha O‘zbekiston sharoitida 22-23 yoshda oila qurgan ma’qul. Chunki bu yoshda qizlar o‘qishni bitirib, mustaqil hayot uchun yetarli bilimni olishadi. “Men 2 yil yiqilganim hisobiga bu menda ozgina kechikkan. Menda turmushga chiqish 2-bosqichda o‘qiyotgan vaqtimga to‘g‘ri kelgan, 2 nafar farzandim o‘qish davrida tug‘ilgan. Bular men bilan birga diplom tayyorlashgan. Bu menga juda ham qiyinlik qilgan. Chunki men juda katta orzu-umidlar bilan o‘qishga kirgan edim", – dedi u.

Adiba Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida ulg‘aygan. O‘zining aytishicha, u yashagan joyda 4 nafargacha farzandlilar ko‘p.

O‘zimning oilamda ham shunday. Shu muhitda katta bo‘lganim uchun bizning ham farzandlarimiz 4 nafar bo‘ldi. Lekin shaharda asosan 1 qiz, 1 o‘g‘il ko‘radi oilalar. Men buni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Chunki kelajakda o‘g‘il bola otasi, qarindosh tog‘avachchalari bilan o‘rtoq bo‘lishi mumkin. Qiz bolaga sirdosh kerak. Shuning uchun 2 ta qiz bir o‘g‘ilmi, ishqilib 3 farzand yaxshi deb hisoblayman”, – dedi u.

Bu yog‘iga tug‘ilish oshishi kutilmayapti”

Keyingi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish o‘sib boradimi yoki kamayadimi degan savolga aniq javob hali yo‘q. Lekin dastlabki, statistikaga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekistonda tug‘ilish pasayganini ko‘rasiz. 2023 yilning yanvar-iyun oyida tug‘ilish soni O‘zbekistonda 434 519 nafar bo‘lib, 2022 yil yanvar-iyunga nisbatan 5,1 foizga ko‘paygan edi. 2024 yilning dastlabki 6 oyida esa 419 856 ta tug‘ilish kuzatilgan va bu 2023 yildagidan 14663 taga yoki 2023 yilning mos davridagidan 3,3 foizga kamaygan degani.

Muhabbat Ahmedova ham 2024 yilda O‘zbekistonda tug‘ilish bo‘yicha rekord yangilanmasligiga ishora qildi va umuman o‘zi keyingi yillarda ham tabbiy o‘sish kuzatilmasligi mumkin degan fikrda. Iqtisodchiga ko‘ra, buning sabablaridan biri O‘zbekistonda ayollarning ham oliy ta’lim bilan ko‘proq qamrab olinayotgani bo‘lishi mumkin.

“Hozirgacha bo‘lgan ko‘rsatkichlardan kelib chiqsa, 2024 yilda yo 962 ming tug‘ilish saqlanib qoladi yoki undan biroz kamroq bo‘lishi kutilmoqda. Chunki 2023 yilning sentabrida tug‘ilgan bolalar 2024 yilning sentabrida tug‘ilgan bolalardan ko‘p bo‘lgan. Shunga ko‘ra ham 2024 yilda tug‘ilish kam bo‘lishi kutilmoqda”, – dedi u.

Tug‘ilish kamayishi sabablari

Ahmedovaning aytishicha, keyingi yillarda tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasayib borishi mumkin.

Chunki ayollar asosiy vaqtini o‘qishga sarflab, tug‘ilishni keyinroqqa rejalashtirishi mumkin. Bundan tashqari mehnat bozorida ham ayollarning keng qo‘llab-quvvatlanishi, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilishi oshgan. O‘zi umuman tahlil qilinganda, tug‘ilish ko‘rsatkichi kamaygan yillarda ayollarning iqtisodiy faolligi kamaygan. Ya’ni ayollar mehnat bozoridan vaqtincha bo‘lsa ham chiqib ketib, tug‘uruq ta’tilida uyida farzand tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Ekspert sifatida 2024 yil va undan keyingi yillar ham ayollarning iqtisodiy faolligi va oliy ta’lim bilan qamrab olinishi oshib boradi va buning natijasida tug‘ilish ko‘rsatkichlari sekin-asta pasayishi kutiladi deb o‘ylayman”, – dedi Muhabbat Ahmedova.

Adibaning aytishicha, u ham endi boshqa farzand ko‘rmoqchi emas. U shu 4 farzandini sog‘lom, bilimli qilib ulg‘aytirib, o‘zi ham tezroq ishga qaytishni xohlaydi.

Farzandlarimning orasi yaqin bo‘lgani sababi – men juda qattiq azob chekib o‘qiganman oliygohga kirguncha. Qizim o‘qishga kirsin deb otam Rossiyadan kelmagan. Uyimni sotib bo‘lsa ham seni o‘qitaman degan. Menda shu o‘qiganimni oqlashim kerak. Jamiyatga foydam tegishi kerak, degan fikr bo‘lgan. Shuning uchun bolalarimni tezroq tug‘ib katta qilib, keyin to‘liq karera qilishga o‘tishni xohlaganman. Lekin oilada o‘g‘il farzand bo‘lishini ham istaganmiz. Mana, hozir bizga shular yetadi”, – deb suhbatni yakunladi Adiba.

Zuhra Abduhalimova jurnalist
Tasvirchi va montaj ustalari Nuriddin Nursaidov,
Javohir G‘ayratov, Ziyaddin Mamatjonov

Ko‘proq yangiliklar: