Isitish mavsumida tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma va narxlar qancha bo‘ladi?

O‘zbekiston 09:43 / 24.10.2024 23213

Qishda havo harorati pasayadi, bu esa isitishga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi. Shu jihatdan 1 noyabrdan boshlab, tabiiy gaz uchun o‘rnatilgan ijtimoiy norma miqdori oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, maishiy iste’molchilar (aholi xonadonlari) uchun tabiiy gaz bo‘yicha ijtimoiy (bazaviy) me’yor mart–oktyabr oylarida oyiga 100 kubometrgacha, noyabr–fevral oylarida oyiga 500 kubometrgacha deb belgilangan.

Geografik va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi respublikaning boshqa hududlaridan farqli ravishda oktyabr–fevral oylari deb belgilandi.

Isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan 1 kub metr tabiiy gaz narxi quyidagicha:

  • 500 kub metrgacha iste’mol uchun 650 so‘mdan;
  • 501 dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan;
  • 2 501 dan 5 000 kub metrgacha 1950 so‘mdan;
  • 5 001 dan 10 000 kub metrgacha 2275 so‘mdan;
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘mdan hisob-kitob qilinadi.

Bunda iste’molchilar o‘zlarining kunlik iste’molini monitoring qilib borish muhim. Chunki belgilangan ijtimoiy normadan ko‘p ishlatilgan har kub metr gaz uchun narxlar 2 barobardan ko‘proqqa, 650 so‘mdan 1500 so‘mgacha va undan ortiqroqqa qimmatlashadi.

Kun.uz “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmatiga “Fuqarolar uchun o‘z iste’molini kunlik nazorat va monitoring qilib borishlari uchun alohida mobil ilova ishlab chiqiladimi?” degan savol bilan murojaat qilgandi. Ammo bu borada hali javob berilgani yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: