Atmosferadagi metan chiqindilari: ular aslida qayerdan kelib chiqadi?

Jahon 17:59 / 23.10.2024 1682

Atmosferaga ajralib chiqadigan metan chiqindilari miqdorining so‘nggi vaqtlardagi keskin ko‘payishi, ilgari taxmin qilinganidek, qazib olinadigan yoqilg‘larga emas, balki atrof-muhitdagi mikroblarga bog‘liq. Boulderdagi Kolorado universitet olimlari va ularning hamkorlari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqda. Natijalar oktyabr oyida Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida e’lon qilindi.

“Metan manbalarini tushunish bizga uning chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha samarali strategiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi”, — dedi Arktika va alp tadqiqotlari instituti (INSTAAR) yetakchi ilmiy xodimi, Kolorado universitetining atmosfera va okean fanlari kafedrasi aspiranti Silviya Mishel. “Iqlim kelajagini yaxshiroq tasavvur qilish uchun bu ajralmalar haqida ko‘proq bilishimiz kerak”.

Metan issiqxona gazlaridan biri bo‘lib, u global sanoatlashuv boshlanganidan beri kuzatilgan global isishning uchdan bir qismi uchun javobgar. Atmosferadagi metanning konsentratsiyasi karbonat angidridga qaraganda ancha past, ammo u issiqlikni 30 baravar samaraliroq ushlab turadi, shuning uchun metan chiqindilarini kamaytirish iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

“1700 yillardan beri havodagi metan konsentratsiyasi deyarli uch baravarga oshgan”, — deb ta’kidladi tadqiqot hammuallifi, atmosfera va okean fanlari kafedrasi dotsenti Tszyanyanyan Li. Biroq atmosferada ming yillab saqlanib qolishi mumkin bo‘lgan CO2 dan farqli o‘laroq, metan o‘n yil ichida parchalanadi. Bu esa metanning kamayishi global isish sur’atini sekinlashtirishda alohida samaradorlikka ega ekanini ko‘rsatadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, qazib olinadigan yoqilg‘ini ishlab chiqarish global metan chiqindilarining taxminan 30 foizini, botqoqliklar, qishloq xo‘jaligi va chiqindixonalar kabi mikrobli manbalar esa 50 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. NOAA (Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi) qoshidagi Global monitoring laboratoriyasi mutaxassislari bu chiqindilarning manbalarini aniqlash uchun butun dunyo bo‘ylab havo namunalarini tahlil qilmoqda.

Olimlar kompyuter modellari yordamida atmosferaga chiqindi ajralishining uchta ssenariysini tahlil qildi, bu mikrobli manbalardan kelib chiqadigan metanga xos uglerod-13 izotopining kamayishi qaysi ssenariyga mos kelishini aniqlash uchun kerak edi. Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yildan 2022 yilgacha atmosferadagi metan darajasining o‘sishi deyarli to‘liq mikroblar tufayli yuz bergan va ularning hissasi 90 foizdan ortiqni tashkil etgan.

Ushbu mikrobli ajralmalarning aniq manbalari hozircha noma’lum: ular ham tabiiy (masalan, botqoqlik), ham inson omili bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin (qishloq xo‘jaligi, chiqindixonalar). Olimlar metanning aynan qayerdan kelib chiqishini aniqlash uchun davomiy izlanishlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

“Global isish sharoitida mikrob manbalarining faollashishi ajablanarli emas”, — deydi Mishel. “Mikroblar, odamlar kabi, issiq haroratda faollashadi, bu esa metan ajralib chiqishiga hissa qo‘shishi va global isishni tezlashtirishi mumkin. Aynan shuning uchun nafaqat metan muammosini hal qilish, balki karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish juda muhim”.

Ko‘proq yangiliklar: