“2 million vatandoshimiz chetda ishlab yurishi – tabiiy jarayon emas” - Botirjon Shermuhammad

O‘zbekiston 22:08 / 22.10.2024 23647

Ta’limdagi muammolarimiz tufayli bozor talab qilayotgan, malakali kadrlarni yetkazib berolmayapmiz. “Migratsiya bu tabiiy jarayon”, deya surishni targ‘ib qilish emas, balki iqtisodni rivojlantirishimiz kerak, deydi huquqshunos Botirjon Shermuhammad. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, demografik o‘sish va daromadlarning pastligi tufayli O‘zbekiston ancha vaqt ishchi kuchini eksport qilishga majbur bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Rossiyadagi o‘zbek migrantlari bilan bog‘liq dolzarb mavzuni huquqshunos Botirjon Shermuhammad va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan muhokama qildi.

Nima uchun millionlab vatandoshlarimiz, shuncha katta davlatimiz va boyliklarimiz bo‘lishiga qaramay, xorijga, bo‘lib ham Rossiyaga ishlash uchun borishga majbur bo‘lmoqda?

Kamoliddin Rabbimov:

– Buning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, O‘zbekiston possovet hududida demografik o‘sish bo‘yicha mutlaq lider davlat hisoblanadi. SSSR qulaganda O‘zbekiston aholisi 20 million atrofida bo‘lsa, bugun 37 millionga yetdi. 1,7 barobar aholi o‘sishi – katta raqam. Tojikistonda bu o‘sish 2,2 barobarni tashkil qilmoqda – 5 milliondan 11 milliongacha o‘sdi.

Ikkinchidan, Sovet ittifoqi davrida ham – Markaziy Osiyo ikkiga bo‘lingandi: O‘rta Osiyo va Qozog‘iston. Qozog‘iston – sanoatlashgan hudud. Sovet ittifoqining oxirgi 20–30 yilida iqtisodiy ulushining aksar qismi Rossiya, Ukraina (29 foiz) va Qozog‘istonga (10 foiz) to‘g‘ri kelgan. O‘zbekiston esa 4 foiz ulush bilan agrar davlat bo‘lgan. Albatta, sanoatlar ham bo‘lgan, lekin Qozog‘istonga nisbatan qiyoslaganimizda aholimiz ko‘proq, lekin iqtisodiy ulushimiz anchagina kam edi.

Ya’ni O‘zbekistonning ichkarisida iqtisodiy o‘sish yaxshi, iqtisodiy dinamika bor, yo‘q emas. Lekin aholimizni to‘liq ish bilan ta’minlay oladigan va bu ish haqi bilan oilani ta’minlay oladigan darajada emas. Buni hamma biladi. Ya’ni yalpi ichki mahsulot bo‘yicha ikki xil o‘lchov bor: nominal – to‘g‘ridan to‘g‘ri dollarga bo‘lganimizda har bitta jon boshiga. Unda nominal yalpi ichki mahsulot paydo bo‘ladi, lekin sotib olish qobiliyatiga ko‘ra bu nisbatan ko‘proq. Chunki ko‘pgina mahsulotlar O‘zbekistonda arzonroq va shuning uchun ham nominal o‘lchovda o‘lchaganimizda hali ham aholi jon boshiga 2,5-3 ming dollarga borgani. Bu juda kam ko‘rsatkich aslida. Endi sotib olish qobiliyati bilan o‘lchaganda, balki 3,5–4 ming dollarga borishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, demografik o‘sish, ichkarida ishchi o‘rinlarining kamligi, yalpi ichki mahsulotning kichikligi va mana bularning hammasini hisobga olsak, O‘zbekiston hali ancha vaqt tashqi dunyoga ishchi kuchi eksport qilishga majbur bo‘ladi.

Nega aynan Rossiya deganda, bu davlat bilan bizda viza yo‘q. Rossiyaning o‘zi ishchi kuchidan juda ham manfaatdor davlat. Rossiya agar Markaziy Osiyoga eshiklarni yopadigan bo‘lsa, boshqa davlatlarga ochishi kerak. Qayerga ochadi? Rossiyada Xitoydan qo‘rqish – sinofobiya juda ham yuqori. Yoki Afrika davlatlari, Osiyoning boshqa davlatlari bor. Rossiya umuman ularga ochilishni istamaydi.

Botirjon Shermuhammad:

— Menimcha, bizda eng katta muammolar ta’lim bilan. Ta’lim bo‘yicha dasturlarimizni radikal ko‘rib chiqish kerak deb o‘ylayman. Chunki OTM yoki kollejlarda o‘qitib, to‘rt yil odamning vaqtini olamiz. Lekin bugungi bozorga kerak bo‘ladigan malakani, bilimni bermaymiz. Balki 10 foiz berarmiz. Masalan, yuridik universitetda 4-kursni bitirgandan keyin ishga olib borib qo‘ysa, ishning o‘ndan birini ham bilmaysiz-da. Shunaqa bir ahvoldamiz-da. Ya’ni nega bu 4 yil o‘qidi, nima foydasi bo‘lardi? Kerak bo‘lsa ish beruvchiga kerak bo‘lgan malakani 3 oyda berish mumkin. Ya’ni juda ko‘p vaqtimizni bekor sarflayapmiz, iloji boricha zamonaviy, bozor talab qiladigan bilim va ko‘nikmalarni berishga sarflashimiz kerak.

O‘zim ish beruvchi sifatida aytsam, O‘zbekistonda eng katta muammo – kadrlar muammosi. Odam ko‘p, yaxshi kadr, mutaxassis bo‘lgan kadr yo‘q. Hammamiz o‘rtacha, o‘rtadan ko‘ra pastroq sifatdagi kadrmiz. Kerakli malakaga ega kadrlar juda kam. Maktablarni bitirgan bolalar attestat olyapti, lekin ba’zilarining savodi yo‘q, to‘g‘ri yozolmaydi ham…

Bundan tashqari, iqtisodiy siyosatimizda ham ancha muammolar bor. Oddiy energetika bilan bog‘liq muammolar tufayli qancha ishlab chiqaruvchilar ishini to‘xtatyapti. Majburlab ko‘mir deymizmi yoki majburlab quyosh panellari... Iqtisodchilar davlatni, hukumatni iqtisodiyotga aralashishini kamaytirish, minimallashtirish kerakligini aytmoqda. Davlat, hukumat biznes bilan shug‘ullanishi kerak emas, uni biznesmenlarga berish kerak. Hech qachon davlat asosiy ish beruvchi yoki ish yaratuvchi bo‘la olmaydi. Agar ish o‘rin yaratsa, yana o‘sha budjetga og‘irlikka tushadi.

Forumlar qilyapmiz, ba’zan hatto xayolimga kelib qoladi, dunyodagi barcha forum, konferensiya, festivallarni o‘zimizga taklif qilib olganmizmi, deyman-da. Shunday tadbirlar o‘zidan qanchalik effekt olib keladi, degan savollar bor. Har bir davlat tashkilotiga majburiyat berilganmi “ikki oyda bir festival yoki forum qilasan”, deb? Bu yerda maktablarda infrastruktura yetishmasligining o‘zi qancha katta muammo.

Bunga o‘xshagan muammolarimiz bor, ularni hal qilmasak, biz hech qanaqa migratsiya masalasini yecholmaymiz. Fikrimcha, noto‘g‘ri bir narrativ paydo bo‘ldi, qaysi ko‘rsatuvga borsam, gapni shundan boshlaydi. “Tepadan” tushgan bu gap: migratsiya bu tabiiy jarayon, deyishadi. Migratsiya tabiiy jarayon bo‘lishi mumkin, lekin bitta davlatdan ikki million odam chiqib ketishi tabiiy jarayon emas. Bunaqa davlat, dunyoda sanoqli – o‘ntadir, undan ko‘p emas, tushunyapsizmi?

Ikki million fuqarolarimiz chetda, Rossiyaning o‘zida yurishini tabiiy qabul qilish kerak emas. Nega Qozog‘istondan shuncha odam chiqmaydi? Bizning fokusimiz chetga ishga yuborish bo‘lishi kerakmas.

Oxirgi vaqtlarda Germaniyaga shifokorlarni, hamshiralarni yuboryapmiz, ikki ming yevro topib, ota-onasini Umraga yubordi, mashina olib berdi, deyapti. Bu – propaganda. Buni eshitgan, tumanda ishlayotgan oddiy hamshira ketishni o‘ylaydi. O‘zbekistonda chetga borish, “surish” moda bo‘lishi kerak emas. Hukumat bunaqa narrativ bermasligi kerak. Bu faqatgina vaqtincha muammoni hal qilish uchun chora bo‘lishi kerak xolos. Asosiy fokusimiz o‘zimizda ish bilan ta’minlashda, o‘zimizning iqtisodni rivojlantirishda bo‘lishi kerak.

To‘liq intervyu bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: