Sankt-Peterburgda UUA urib tushirilganidan keyin yuzlab uylar «svet»siz qoldi

Jahon 13:03 / 21.10.2024 4013

Sankt-Peterburgning Primorskiy va Viborgskiy rayonlarida 300 ga yaqin uy elektr energiyasidan uzildi. Bu haqda 19 oktyabr, shanba kuni mahalliy «Fontanka» nashri xabar berdi.

«Fontanka» matnida aytilishicha, shahar shimoli-g‘arbida elektr energiyasining katta uzilishiga podstansiyadagi avariya sabab bo‘lgan. Keyinroq jurnalistlar favqulodda xizmatlarga tayanib, o‘sha kuni ertalab shahar uzra uchuvchisiz uchoq urib tushirilganini yozishgan. Bundan tashqari, eslatmada aniqlik kiritilishicha, mahalliy aholi o‘z uylarida chiroq o‘chishidan oldin «uchta portlash» ovozini eshitgan.

Smolniy matbuot xizmatining «Fontanka» nashriga ma’lum qilishicha, avariyadan zarar ko‘rgan hududlarda elektr ta’minotini to‘liq tiklash taxminan o‘n soat davom etadi. «Birinchi navbatda, energetiklarning asosiy e’tibori shahar suv ta’minoti va issiqlik ta’minoti obektlariga qaratildi», — deyiladi matnda.

RFning bir qancha mintaqalari uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchradi

20 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi poytaxti, Moskva, Lipetsk va Oryol oblastlari xavf ostida qolgan.

Poytaxt meri Sergey Sobyanin «Moskva tomon uchgan» dron Ramenskoye shahar okrugida urib tushirilganini aytdi. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar tushgan joyda vayronalar va qurbonlar bo‘lmagan», — deb yozdi Sobyanin Telegramʼdagi kanalida.

Rossiyaning boshqa mintaqalari ham dron hujumlariga uchragan. Xususan, Lipetsk oblasti gubernatori Igor Artamonov Lipetsk osmonida «UUA bostirilganini» aytdi. Artamonovning so‘zlariga ko‘ra, uchish apparati qoldiqlari Sirskiy Rudnikning mikrorayoniga tushgan. «Mutaxassislar voqea joyida va dronning qolgan qismlarini zararsizlantirmoqda», deb yozgan u.

Orel oblasti gubernatori Andrey Klichkov ham 19 oktyabr oqshomida yirik uchuvchisiz uchoqlar hujumi haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari mintaqa uzra 11 ta Ukraina dronini yo‘q qilgan.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz 19 oktyabr oqshomida kamida to‘rtta Ukraina dronining «yo‘q qilingani» haqida xabar berdi.

Bryansk, Lipetsk va Oryol oblastlariga qilingan hujumlar natijasida qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q, dedi mintaqa rahbarlari.

Ko‘proq yangiliklar: