Nashrda ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar O‘zbekiston ushbu qit’aning 22 davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Ayni paytda Afrikada O‘zbekistonning yagona diplomatik vakolatxonasi – Misrdagi elchixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Afrikaning 11 davlati O‘zbekiston Respublikasidagi o‘z elchilarini, jumladan, Misr va Jazoirning Toshkentdagi elchixonalari bilan akkreditatsiyadan o‘tkazdi.
"Ayniqsa, Shimoliy Afrika mamlakatlari – Jazoir, Marokash, Tunis bilan ma’naviy yaqinlik va tarixiy aloqalar mustahkamlanib bormoqda, – deya qayd etilgan nashrda. – Shuningdek, Janubiy Afrika Respublikasi kabi nufuzli davlat bilan ham muntazam ravishda muloqot olib boriladi".
Ayni paytda Misr O‘zbekistonning Afrika qit’asidagi asosiy hamkoriga aylangan. Bu davlat bilan hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatorida alohida o‘rin tutadi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida yuqori darajadagi siyosiy ishonch saqlanib turibdi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashmoqda.
"O‘zbekiston-Afrika hamkorligi kun tartibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, shuni ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda O‘zbekistonning qit’a davlatlari bilan siyosiy aloqalari asosan BMT, IHT kabi ko‘p tomonlama tashkilot va birlashmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlikka qaratilgan", – deb ta’kidlangan materialda.