Isroilning suiqasdidan omon qolgan Xolid Mash’al. Hamasning yangi lideri kim?

Jahon 17:42 / 21.10.2024 15575

Hamasning yangi lideri bo‘lishi aytilayotgan Xolid Mash’al haqida nimalar ma’lum? Uning tashkilot askarlari orasidagi obro‘si qay darajada? Bu haqda “Geosiyosat” haftaligida siyosiy tahlilchi Bektosh Berdiyev so‘z yuritdi.

Xolid Mash’al – Yaqin Sharqdagi mashhur shaxslardan biri. 1996–2017 yillarda Hamas siyosiy byurosini boshqargan. Unga nisbatan bir necha bor suiqasdlar uyushtirilgan.

68 yoshli Mash’al G‘arbiy sohilda o‘sgan va otasi bilan Kuvaytga ko‘chib ketgan. O‘zining oliy nasabdan chiqqanini ko‘p bor ta’kidlaydi. 1999 yilda isroilliklar uning qulog‘iga zahar quyib, o‘ldirmoqchi bo‘lishadi, lekin Mash’al bundan omon qoladi. Suiqasd Iordaniyada ro‘y bergan, o‘shanda Iordaniyaning talabi bilan Isroil uning qulog‘iga tomizilgan zaharga qarshi dorini berishga majbur bo‘lgan. Qo‘lga tushgan agentlar uchun Isroil o‘zining qamoqxonalaridan HAMASning eng ko‘zga ko‘ringan 20 nafar yetakchisini ozod qilishga majbur bo‘lgan, ular orasida Yosir Arofat ham bor edi, deydi Bektosh Berdiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Mash’al o‘z vaqtida Turkiyaga katta delegatsiyani boshlab borgani, Rossiyada tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan uchrashgani siyosiy obro‘sini oshirgan. Xolid Mash’al – Hamasning terroristik tashkilotdan norasmiy tashkilot sifatida tan olinishi uchun harakat qilgan shaxs, deydi u.

Tahlilchining izohlashicha, Xolid Mash’al siyosiy erkinlikni xohlagani, ammo Hamasning liderlari doim qistovlar ostida yashagani uchun, qolaversa, AQSh va Isroilning bosimi ostida u Iordaniyadan chiqarib yuborilgan

Ismoil Haniya turli davlatlarga ko‘chib yurib, tashkilotni boshqarar edi. Ko‘chib yurish orqali Haniya suiqasdlardan himoyalanardi. Xolid Mash’al esa tashkilotni Qatardan turib boshqaradi. Qatardan turib tashkilotni boshqarish va buyruq berish oson, ammo uning ijrosini ta’minlash qiyin masala, albatta. G‘azodagi askarlar bu buyruqlarga itoat qilishadimi degan savollar ham bor. Ammo Xolid Mash’al muzokarachi siyosatchi sifatida tan olinadi va Amerika yoki Isroil unga muzokara qilish uchun imkon yaratadi degan taxminlar ham bor, deydi u.

Berdiyevning qo‘shimcha qilishicha, qator yetakchilaridan ayrilgan Hamasning holati ancha yomon. Tashkilot ichida bo‘linishlar kuchayishi mumkinligi aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: