«Hizbulloh» Isroil bilan mojaroda «keskinlashuvning yangi bosqichi» haqida e’lon qildi

Jahon 16:03 / 18.10.2024 5939

Livandagi shialarning «Hizbulloh» guruhi Isroil bilan urushda yangi bosqichga o‘tilayotganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Al Jazeera.

«Operativ shtab qarama-qarshilikdagi eskalatsiyaning yangi bosqichiga o‘tilishini e’lon qiladi», — deya guruh bayonotidan iqtibos keltirgan agentlik.

Eskalatsiyaning yangi fazasi deyilganda nima nazarda tutilayotgani yaqin kunlar ichida ma’lum bo‘lishi qo‘shimcha qilingan.

Bu bayonot Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektorida falastinliklarning Hamas guruhi yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilgani haqida xabar berishi ortidan yangradi. Livandagi guruh Isroil o‘tgan yil oktyabridan buyon G‘azoda kurashib kelayotgan Hamasni qo‘llaydi. «Hizbulloh» muntazam ravishda Isroil shimolidagi hududlarni o‘qqa tutadi, shu sababli bu joylar aholisi bo‘lgan minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Isroil 23 sentabr kuni «Hizbulloh»ga qarshi «Shimol o‘qlari» nomi bilan amaliyot boshlab, bundan maqsad shimoliy hududlar aholisi o‘z uylariga xavfsiz qaytishini ta’minlash ekanini ma’lum qildi. Amaliyot davomida guruh rahbari Hasan Nasrulloh va harakatning boshqa yuqori martabali mulozimlari o‘ldirilgan. 1 oktyabr kuni TsAHAL Livan hududida «cheklangan» quruqlik amaliyoti boshlaganini e’lon qildi, keyinroq bir necha bor amaliyot o‘tkaziladigan hududlar kengaytirildi.

«Hizbulloh» o‘z bayonotida chegara va ichkari hududlari bo‘ylab Isroil qo‘shinlari ustiga zarbalar soni oshirilganini ma’lum qilgan. Guruh ma’lumotiga ko‘ra, Isroil amaliyoti boshlanganidan buyon janglarda TsAHALning kamida 55 jangchisi halok bo‘lib, taxminan 500 ga yaqini yaralangan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroilning o‘tgan yil oktyabridan buyon qilgan hujumlari oqibatida halok bo‘lgan livanliklar soni 2,1 ming kishidan ortadi.

Ko‘proq yangiliklar: