Zelenskiy KXDRni urushda Rossiya tomonida qatnashishda aybladi

Jahon 08:55 / 17.10.2024 2696

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 16 oktyabr, chorshanba kuni Oliy radadagi nutqida «g‘alaba rejasi» taqdimoti oldidan Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Ukrainaga qarshi agressiv urushda Rossiya tomonida bevosita ishtirok etgani haqidagi tasdiqlangan faktlarni ma’lum qildi. «RF rahbariyati boshchiligidagi «hujumchilar koalitsiyasi» hozirda 20 million koreysni garovda ushlab turgan Kim oilasi boshchiligidagi Shimoliy Koreyani o‘z ichiga oladi, bizning razvedka xizmatlarimiz nafaqat KXDRdan Rossiyaga qurol-yarog‘, balki odamlar ham o‘tkazilganini qayd etyapti», — deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining aniqlik kiritishicha, gap «urushda halok bo‘lgan Rossiya fuqarolari o‘rniga Rossiya zavodlarining ishchilari» va «Rossiya armiyasi xodimlari» haqida bormoqda. «Va bu fakt. Aslida, bu ikkinchi davlatning Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida ishtirok etishi», — deya ta’kidladi Zelenskiy. U shuningdek, Eron rejimining RFga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordami haqida gapirdi. Ukraina prezidenti Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik ham davom etayotganini aytdi. «Bayonotlardan farqli o‘laroq, Pekin RF rahbariyatini, uning tajovuzkorligini va BMT Nizomi buzilishini to‘xtatish uchun haqiqiy qadamlar qo‘yishdan tiyilmoqda», — dedi Zelenskiy.

Putin Dumaga KXDR bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Davlat dumasiga 2024 yil 19 iyun kuni Pxenyanda imzolangan KXDR bilan har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda 14 oktyabr kuni «Interfaks» agentligi xabar berdi. Hujjat Rossiya parlamentining onlayn ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.

Shartnoma bandlarining birida «agar tomonlardan biri biron-bir davlat yoki bir necha davlat tomonidan qurolli hujumga uchrasa va shu tariqa urush holatiga tushib qolsa, ikkinchi tomon zudlik bilan barcha vositalar bilan harbiy va boshqa yordam ko‘rsatadi», deyiladi. 

Boshqa bir bandga ko‘ra, bir davlatga qarshi «qurolli tajovuzkorlik akti tahdidi yuzaga kelgan taqdirda» ikkinchisi so‘roviga ko‘ra darhol «o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va bir-biriga yordam berishi mumkin bo‘lgan amaliy choralarni kelishish» uchun ikki tomonlama kanallardan foydalanishi kerak».

Bundan tashqari, tomonlarning har biri uchinchi davlatlar bilan boshqa mamlakatlar suvereniteti, xavfsizligi, hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan kelishuvlar tuzmasligi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy tizimlarni rivojlantirish huquqiga ega ekani hamda boshqa asosiy manfaatlariga qarshi qaratilgan bitimlar tuzmaslik majburiyatini olishi aytilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: