Shols: Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishda davom etadi

Jahon 10:20 / 17.10.2024 1235

Germaniya kansleri Olaf Shols amaldagi federal hukumatning Isroilga Hamas va «Hizbulloh» guruhlariga qarshi kurashda yordam berish uchun uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni davom ettirishga tayyorligi bo‘yicha shubhalarni rad etdi. «Yetkazib berish amalga oshirildi va kelajakda ham amalga oshiriladi», dedi Shols 16 oktyabr, chorshanba kuni Bundestagda. «Isroil hozir va kelajakda bizning birdamligimizga ishonishi mumkin», deb ishontirdi Germaniya hukumati rahbari va bu birdamlik «Isroilga o‘z mamlakatini himoya qilish qobiliyatini saqlab qolish»ni ham o‘z ichiga olishini aytib o‘tdi.

Olaf Shols insonparvarlik yordami G‘azo sektoriga bemalol kirib kelishi va «xalqaro qonunlarga doimo rioya qilish» kerakligini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra, «falastinliklar bilan mojaroni ikki davlat asosida hal qilishga olib keladigan» istiqbolni ishlab chiqish kerak. Bundan tashqari, Shols garovga olinganlarni ozod qilishga olib keladigan sulh muhimligini ta’kidlab, bu masala bo‘yicha Berlinga 18 oktyabrga tashrifi rejalashtirilgan AQSh prezidenti Jo Baydenning takliflarini keltirib o‘tdi.

Shuningdek, Shols Eronni Isroilga raketalar bilan hujum qilishni to‘xtatishga chaqirdi. «Mintaqada bundan keyin beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak, Eron esa o‘t bilan o‘ynamoqda. Buni to‘xtatish kerak», — deydi Shols.

OAV: Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba bermaydi

Isroil Eronga javob zarbasi berishda yadroviy yoki neft emas, balki Islom Respublikasining harbiy obektlarini nishonga oladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Jo Baydenga ma’lum qildi, deb yozdi The Washington Post 15 oktyabrga o‘tar kechasi. Aftidan, gap ikki yetakchi o‘rtasida 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida ketmoqda.

Isroilning faqat Eron harbiy obektlariga hujum qilish rejasi Vashingtonda «yengillik» bilan kutib olindi, deb yozadi WP. Nashrning qayd etishicha, tahlilchilar Eron neft obektlariga hujum dunyoda energiya narxining oshishiga, yadroviy inshootlarga hujum esa yanada keskinlashuvga olib kelishi va Qo‘shma Shtatlarni mojaroga tortishi mumkinligidan xavfsiragan. Bayden avvalroq Isroilni «boshqa variantlar haqida o‘ylashga» chaqirgan edi.

The Washington Post nashriga ko‘ra, Netanyahu hozir egallagan «nisbatan vazmin pozitsiya» AQSh prezidentining Yaqin Sharqdagi ittifoqdoshiga THAAD raketaga qarshi kuchli mudofaa tizimini yuborish qaroriga ta’sir ko‘rsatdi. Pentagon 13 oktyabr kuni Isroilda THAAD batareyasi joylashtirilishini ma’lum qildi.

Vashingtondagi manbaning WP nashriga aytishicha, Isroilning Eronga zarbasi AQShda 5 noyabrga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan amalga oshirilishi kerak. Agar Isroil o‘z hududining ommaviy o‘qqa tutilishiga javob bermasa, Tehron buni zaiflik belgisi sifatida talqin qilishi mumkin, deb yozadi gazeta. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar bilan maslahatlashuvlar natijasida Isroil «yaqin haftalarda» Livandagi operatsiyasini to‘xtatishini e’lon qildi, deb yozadi gazeta.

Ko‘proq yangiliklar: