Mark Ryutte Ukrainani NATOga qabul qilish muddatini ochiqlamadi 

Jahon 11:06 / 17.10.2024 1650

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Ukrainani alyansga qabul qilish bo‘yicha aniq muddatni aytmadi. 16 sentabr, chorshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u NATOning Vashingtondagi avvalgi sammiti yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan rezolyutsiyaga ishora qildi, xususan, Kiyevning yevroatlantik integratsiyasi yo‘lining «qaytarib bo‘lmasligi» haqida gapirdi.

«Vashingtonda NATO Ukraina uchun NATO a’zoligiga yo‘l ochishga (ortga qaytarib bo‘lmaydigan tarzda), qaror qildi», deya axborot agentliklari Ryutte so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, «kelgusi qadamlarni qanday qo‘yish va ularni qanday qilib muvaffaqiyatli qilish»ni tushunish uchun ittifoqchilar va Kiyev bilan «yaqindan aloqada» bo‘lib turibdi.

NATO bosh kotibi: Alyans Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

NATO Rossiya tahdidlaridan qo‘rqmaydi va Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte 14 oktyabr kuni Germaniyaning Visbaden shahridagi NATOning Ukraina uchun (NATO Security Assistance and Training for Ukraine - NSATU) missiyasi shtab-kvartirasiga ushbu lavozimdagi birinchi tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

«Bizning (Rossiya prezidenti Vladimir Putinga) xabarimiz shundan iboratki, biz u o‘z maqsadiga erishmasligi uchun davom etamiz, Ukraina g‘alaba qozonishi uchun zarur bo‘lgan ishni qilamiz», — dedi Ryutte Reuters agentligi va Germaniyaning Hessischer Rundfunk mediakompaniyasiga bergan intervyusida.

Reuters agentligining qayd etishicha, ko‘pchilik NATO bosh kotibining Ukrainani sobit qo‘llab-quvvatlashi haqidagi bayonotlarini Shimoliy Atlantika alyansini tanqid qilishi bilan tanilgan sobiq davlat rahbari Donald Trampning AQSh prezidenti lavozimiga saylanishi mumkinligi kontekstida baholamoqda.

Mark Ryutte Ukrainani qo‘llab-quvvatlash missiyasining Visbadendagi shtab-kvartirasiga tashrif buyurgan kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham u yerda bo‘lgan. U NATO bosh kotibi bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar olib bordi, deb yozadi HR o‘z veb-saytida.

Ko‘proq yangiliklar: