O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Livandagi vaziyat
Isroil harbiy havo kuchlarining Livan janubidagi An-Nabatiya shahriga bergan yopirilma aviazarbalari 6 kishining qurbon bo‘lishiga olib keldi. Yana 43 kishi yaralangani ma’lum qilinmoqda.
Livanning NNA agentligining xabariga ko‘ra, An-Nabatiyaning kamida 7 ta nuqtasi aviatsiya zarbalari nishoniga aylangan. Shuningdek, Livan janubidagi Xaneyn, Ayta ash-Sha’ab, Qilaylah va boshqa bir qator aholi punktlari ham aviatsiya zarbalari nishoniga aylangan.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligining xabariga ko‘ra, An-Nabatiya munitsipaliteti binosiga ham hujum qilingan.
Livan mamlakatning shahar va qishloqlariga qilinayotgan davomli hujumlar yuzasidan Isroil ustidan BMT xavfsizlik kengashiga shikoyat yo‘lladi. Shikoyatda hujumlarni bartaraf qilish uchun chora ko‘rish talab qilingan.
Livandagi Isroil agressiyasi qurbonlari 2367 kishiga yetgan. So‘nggi sutka ichida kamida 17 kishi halok bo‘lgani va 182 kishi yaralangani ma’lum qilinmoqda. Yaralanganlarning umumiy soni 11 mingdan oshgan. O‘z turar joylarini tashlab, ko‘chishga majbur bo‘lgan livanliklarning soni esa 1,4 milliondan oshgan.
G‘azodagi vaziyat
G‘azo hukumati sog‘liqni saqlash tizimini saqlab qolish, Isroil armiyasining yopirilma zarbalari va qamalidan qutulish uchun eksklavning shimolida zudlik bilan «xavfsiz yo‘lak» tashkil qilishga chaqirdi.
«G‘azo sektorining shimoliy qismi okkupatsiya bilan shug‘ullanayotgan Isroil tufayli falokatli va misli ko‘rilmagan vaziyatni boshidan kechirmoqda. Biz sog‘liqni saqlash tizimini bu halokatli vaziyatdan qutqarish uchun zudlik bilan va chindan ham xavfsiz yo‘lak ochilishini talab qilamiz», — deyiladi G‘azo hukumati matbuot xizmatining bayonotida.
Isroil AQShning bosimi ostida G‘azoning shimoliga insonparvarlik yuklari ortilgan 50 ta furani o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Isroil armiyasining xabar qilishicha, oziq-ovqat mahsulotlari, toza ichimlik suv, dori-darmonlar va qurilish ashyolari Iordaniya tomonidan berilgan. Yuklar G‘azo sektorining shimolidagi «Allenbi» va «Erez» nazorat-o‘tkazish punktlari orqali yetkazilgan.
G‘azo sektorida Isroil agressiyasi tufayli shu paytgacha qurbon bo‘lganlar soni 42 ming 409 kishini tashkil qilmoqda.
So‘nggi sutka ichida turli joylarga qilingan hujumlar oqibatida 65 kishi qurbon bo‘lgan, 140 kishi yaralangan. Shu paytgacha yarador bo‘lganlar soni 99 ming 153 kishiga yetgan.
Zelenskiyning «g‘alaba» rejasi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat parlamenti — Oliy Radada chiqish qilib, Rossiya ustidan g‘alaba rejasining ayrim jihatlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Agar hamkorlarimiz rejani qo‘llab-quvvatlasa, biz urushni kelgusi yilgacha yakunlaymiz. Agar hamkorlarimiz va biz hoziroq kuchayishni boshlamasak, Putin kelgusi yilda ancha kuch to‘plab oladi», — degan Zelenskiy.
Zelenskiyning g‘alaba rejasiga ko‘ra, quyidagilar amalga oshirilishi kerak.
Ukraina NATOga taklifnoma olishi lozim.
Ukraina o‘z havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirib, hamkorlarining havodagi qalqoni evaziga Rossiyada harbiy operatsiyalarni davom ettirishi kerak.
Dushmanning harbiy obektlariga uzoq masofani nishonga oluvchi qurol-yarog‘lar bilan zarba berishga o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlanishi kerak.
Ukraina hududida hamkorlarning yadroviy bo‘lmagan salohiyatini Rossiyani tiyib turish maqsadida joylashtirish lozim.
AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan umumiy himoya, qimmatbaho resurslarni ishlatish va investitsiya kiritish, urushdan so‘ng AQShning Yevropadagi kontingentini ukrainalik askarlar bilan almashtirish bo‘yicha kelishuvlar imzolash.
Ammo NATO ayni paytda Ukrainaning «g‘alaba rejasi»ning barcha punktlarini qo‘llab-quvvatlay olmaydi, degan alyans bosh kotibi Mark Ryutte.
«Biz rejani ma’lumot sifatida qabul qildik, uning alohida jihatlarini muhokama qilamiz, ko‘p masalalar bo‘yicha bizning tushunishimizni chuqurlashtirishiz kerak, biz yopiq eshiklar ortida muloqotlar o‘tkazamiz, hozircha men rejaning barcha punktlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, deya olmayman», — degan Ryutte.
U shuningdek, Ukraina «mos vaziyat paydo bo‘lganida» NATOga qo‘shilishini, mamlakat alyansga qabul qilinish bo‘yicha «ortga qaytmas» yo‘lda ekanini takidlagan.
Kremldagilar esa Kiyev tinchlik o‘rnatish bo‘yicha siyosati «istiqbolsiz» ekanini tushunishi lozim, deyishmoqda.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevdagi rahbariyat o‘z siyosatining «istiqbolsiz» ekanini tushungandagina Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi mumkinligini ta’kidlagan.
«Ularda boshqacha reja bo‘lishi va u chindan ham tinchlik rejasi bo‘lishi mumkin. Bu Kiyevdagilarning o‘zlari o‘tkazayotgan siyosat istiqbolsiz ekanini, hushyorlik zaruriyatini tushunish, hozir Ukraina atrofida bo‘layotgan mojarolarga olib kelgan sabablarni anglashni bildiradi», — degan Peskov.
Qozog‘iston BRICS’ga yo‘q dedi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev BRICS a’zosi bo‘lish haqida taklif olgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston yaqin orada bu tashkilotga qo‘shilmaydi.
Qozog‘iston hozircha BRICS a’zosi bo‘lishni rejalashtirmayapti, degan To‘qayevning matbuot kotibi Berik Vali.
«Hozirgi vaqtda va ehtimol, yaqin kelajakda Qozog‘iston BRICS a’zosi bo‘lishdan tiyiladi, shu jumladan, a’zolik masalasini ko‘rib chiqishning ko‘p bosqichli ekani, shuningdek, ushbu tashkilotning istiqboliga oid boshqa masalalar sababli», degan u.
Valining so‘zlariga ko‘ra, BRICS a’zosi bo‘lish bo‘yicha takliflar davlat rahbari tomonidan «Qozog‘iston milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan» ko‘rib chiqilgan. Ammo hozircha To‘qayev «barcha dolzarb xalqaro muammolar muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan va muhokama qilinishi kerak bo‘lgan universal va muqobili yo‘q tashkilot sifatida» BMT ustuvor ekaniga ahamiyat bermoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.
Valiga ko‘ra, To‘qayev BRICS evolyutsiyasini «qiziqish bilan kuzatmoqda» va blokning 24 oktyabrda Rossiyada o‘tadigan sammitida ishtirok etadi.
Afrikadagi qurg‘oqchilik
Afrika janubidagi qurg‘oqchilik oqibatlari tufayli 15 mln kishi shoshilinch oziq-ovqat yordamiga muhtoj bo‘lib turibdi. Shu oydan boshlab odamlarga ocharchilik xavf solmoqda.
Butunjahon meteorologiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 40 yil ichida kuzatilgan eng kuchli qurg‘oqchilik Zambiya, Malavi, Zimbabve, Mozambik, Namibiya, Angola, Botsvana va Lesotoni qamrab olgan.
Qora qit’ada yaqin yillar ichida misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilikni 2023 yilning iyulidan buyon harakatga kelgan El-Ninyo iqlim hodisasi yuzaga keltirgan.
Afrikaning janubidagi bu davlatlarda qurg‘oqchilik tufayli so‘nggi besh yil ichidagi eng past hosil olingan. Mamlakatlarning oziq-ovqat zaxiralari tugab borayotgani tufayli ular jiddiy ocharchilik xavfiga to‘qnash kelishgan.
Mintaqada yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi ham vujudga kelgan. Boz ustiga, ichimlik suv zaxiralari ham tugab bormoqda.
Qurg‘oqchilik elektr energiyasini asosan gidroeloyektr stansiyalarda generatsiya qiladigan mamlakatlar uchun energetika krizisini ham keltirib chiqarishi taxmin qilinmoqda.
Mintaqada kelgusi oydan yomg‘irlar mavsumi boshlanadi. Biroq yangi hosil aprel oyida pishib yetiladi. Ungacha mamlakatlar krizisni yengib o‘tishi kerak bo‘ladi.
AQShdagi to‘fon oqibatlari
AQSh janubidagi Shimoliy Karolina shtatiga yopirilgan «Helen» to‘fonidan so‘ng 92 kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
«Helen» to‘fonidan jabr ko‘rgan shtatda hanuzgacha 92 kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Bedarak yo‘qolganlar soni yaqin kunlar ichida yanada oshishi mumkin», — degan shtat gubernatori Roy Kuper.
Hukumat va milliy gvardiya qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda.
Kuperning qayd etishicha, «Helen» to‘foni tufayli Shimoliy Karolina shtatida halok bo‘lganlar soni 100 kishidan oshgan.
Avvalroq AQShning to‘fonlarni kuzatish markazi 25-26 sentabr kunlari Floridaning shimoliy-g‘arbiy qismiga yopirilgan «Helen» to‘fonida shamolning tezligi soatiga 225 kilometrni tashkil etganini xabar qilgan edi.
To‘rtinchi toifaga mansub vayronkor to‘fon Jorjiya, Virjiniya, Janubiy va Shimoliy Karolina, Tennesi kabi shtatlarda 230 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan. To‘fon yetkazgan zarar 45 mlrd dollarga baholanmoqda.