Frontdagi vaziyat: Rossiya Ukraina kuchlarini Kursk oblastidan siqib chiqarishga urinmoqda, Vovchansk esa kultepaga aylangan

Jahon 21:05 / 17.10.2024 17585

Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi mudofaasini qulata olmadi. RF qurolli kuchlari bo‘linmalari — desantchilar va dengiz piyodalari — ikkinchi urinishda Zeleniy Shlyax va Novoivanovka qishloqlariga yetib kelishdi. Bu Sudja atrofidagi ukrain mudofaasida muhim tugunlar hisoblanadi. Ular egallab olingan taqdirda, Rossiya qo‘shini Malaya Loknya qishlog‘i tomon harakatlanib, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmining butun shimoli-g‘arbiy qismini kesib qo‘yadi. Ammo hozircha Novoivanovka egallanmadi, ukrain qo‘mondonligi esa qo‘shinni qurshov xavfi ostida olib ketishga harakat qilmayapti. 

Kursk oblasti

Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi front bo‘ylab mudofaaga o‘tdi. Bir hafta oldin Rossiya zaxiralarini o‘ziga jalb etish maqsadida hujum qilingan Glushkovo posyolkasi atrofida ham endi RF qo‘shini yurish qilmoqda.

Rossiya qo‘shini Lyubimovka qishlog‘i va Pokrovskiy xutorini egallashga muvaffaq bo‘ldi, janubda esa — Ukraina qurolli kuchlari Snagost daryosi ortiga chekintirildi. Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Korenevo posyolkasi tomondan Novoivanovka yo‘nalishida hujumga o‘tib, ushbu qishloq chekkalariga yetib borgan. Bu yerda Rossiya yurishi Ukraina qurolli kuchlarining yetib kelgan zaxiralari yordamida to‘xtatilgan.

Ukrainaning Olgovka va Pogrebki qishloqlari hududidagi qo‘shini qurshov ostida qolgan — bu guruh Lgov — Rilsk yo‘li bo‘ylab Kursk oblasti ichkarisiga yurishni rivojlantirish uchun tashlangandi, ammo allaqachon mudofaaga o‘tgan. Katta xavfga qaramay, guruh hali Sudja tomon chekinishga shoshilmayapti. Shu bilan birga, unga ta’minot yetkazib beriladigan asosiy yo‘l bo‘lgan Korenevo — Sudja trassasi RF qurolli kuchlari bo‘linmalari tomonidan to‘sib qo‘yilgan.

Rossiya qo‘shini Sudjaga janubi-sharqdan ham bosim qilmoqda. Plexovo qishlog‘i chekkalarida janglar ketmoqda. Rossiyaning yana bir guruhi Cherkasskaya Konopelka qishlog‘iga yaqinlashmoqda. Maqsad — Sumi — Sudja yo‘li ustidan olovli nazorat o‘rnatish va Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan chekinishga majbur qilish.

Pokrovsk, Selidove va Kuraxovo

RF qurolli kuchlari Tsukurino posyolkasi va Ostrovske qishlog‘ini egallagan. Ularning frontning mazkur uchastkasidagi maqsadi — Kuraxovo suv omboriga ikki tomondan: sharq va shimoldan yetib kelish ekani ko‘rinib turibdi.

Sharqda — Ostrovske hududida — vazifa amalda bajarib bo‘lingan. Katta ehtimol bilan, endi Rossiya qo‘shini mazkur platsdarmni kengaytirishga va qo‘shni Maksimilyanovka qishlog‘ini egallashga harakat qiladi.

Tsukurino egallanganidan keyin Gornyak va Kuraxovka posyolkalarida mudofaalanayotgan ukrain qo‘shini og‘ir ahvolga tushib qolgan. RF qurolli kuchlari janub tomon yurishda davom etishi ularni o‘z pozitsiyalarini tark etishga majbur qiladi.

Ukraina qurolli kuchlarining Selidovedagi bo‘linmalari ham qurshov xavfida qolgan. RF qurolli kuchlari allaqachon shaharni shimol va janubdan aylanib o‘tgan.

Seversk yo‘nalishi

RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining ikkita «qal’asi» — Grigorovka (Severskiy Donets daryosi sohilida) va Verxnekamenske (Lisichansk va Seversk oralig‘ida) ustida bayroq ko‘tardi. Bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari tez orada o‘zining mazkur hududdagi asosiy tayanchi — Lisichansk yaqinidagi Bilohorivka posyolkasi tepaliklarini tark etishga majbur bo‘ladi.

Shu bilan birga, «qal’alar» hududida Rossiya bayroqlari o‘rnatilgani videosi ko‘plab bahslarga sabab bo‘lgan. Bundan oldin RF qo‘mondonligining Seversk yo‘nalishidagi aholi yashash manzillari egallangani haqidagi ko‘plab bayonotlari ishonchsiz bo‘lib chiqqandi. Bu safar Verxnekamenskedagi binoga bayroq dron orqali o‘rnatilgani, Grigorovkaga — Ukraina qurolli kuchlari frontortiga qayiqda suzib borgan maxsus topshiriqli jangchilar guruhi tomonidan yetkazilgani aytildi. Keyinroq Verxnekamenskeda bir guruh harbiylar bayroq hilpiratayotgani videosi ham paydo bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham, Seversk atrofidagi vaziyat mavhumligicha qolmoqda. Agar RF qurolli kuchlari yurishni davom ettirsa, bu Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida yangi inqirozni keltirib chiqaradi.

Vovchansk

Rossiya qo‘shini Volchya daryosi bo‘yidagi Vovchansk agregat zavodining kamida bir qismini qayta egallab oldi.

Bir necha hafta muqaddam Ukraina qurolli kuchlari zavod xarobalarini ozod etgandi, bungacha bu yerda bir necha yuz nafar rossiyalik harbiy yarimqurshov holatida mudofaani ushlab turgandi. Shundan keyin RF qo‘mondonligi xarobalar ustiga o‘nlab og‘ir aviabombalar tashlagan va ukrain bo‘linmalarini chekinishga majbur etgan.

Katta ehtimol bilan, Vovchansk shahrini ham Maryinka taqdiri kutmoqda: Donetsk oblastidagi bu yirik rayon markazi ko‘p oy davom etgan ko‘cha janglari va ikki tomondan bombardimon qilinishi tufayli yer bilan yakson bo‘lgandi.

«Vovchansk ortiq mavjud emas. Hech narsa qolmagan. Faqat kul», — deydi hududga borgan fotograflar Konstantin va Vlada Liberovi

Ko‘proq yangiliklar: