“Isroil Eronga hujum qilishi aniq, asosiy masala – hujumning ko‘lamida” - turkiyalik tahlilchi Rahim Farzom

Jahon 15:15 / 17.10.2024 10852

“Temir gumbaz”ni yorib o‘ta olishini ko‘rsatgan Eronning hujumiga Isroil javob qaytarishni va’da qilmoqda. Bu javobga Tehronning munosabati qanday bo‘ladi? Arab davlatlarining-chi? Erondagi ehtimoliy notinchlik Markaziy Osiyoga qanday ta’sir qiladi? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan turkiyalik etnik o‘zbek tahlilchi, Eronni o‘rganish instituti eksperti Rahim Farzom bilan suhbatlashdi.

Eron hozirgacha ikki marta Isroilga raketalar bilan hujum qildi. Tel-Aviv oktyabr oyi boshidagi zarba uchun javob hujumi, albatta, bo‘lishini takrorlamoqda. Tehron rasmiylariga ko‘ra, agar Isroil javob qaytarsa, Eron yanada kattaroq zarba berishga majbur bo‘ladi. Bu o‘zaro zarba almashishlar esa urushga aylanishi mumkin.

1 oktyabrdagi hujumda Tehron “Hizbulloh” rahbari – Hasan Nasrulloh, HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xaniya hamda Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘limi uchun qasos oldi. Uchirilgan ballestik raketalarning 40 foizi nishonga tekkani aytiladi. Ya’ni bu gal apreldagi hujumdan farqli o‘laroq “Temir gumbaz”ning samarasi pastroq bo‘lgan.

Rahim Farzomga ko‘ra, Isroilning bu hujumga javob qaytarishi aniq. Ayni paytda Tel-Aviv ittifoqchilari bilan Erondagi qaysi obektga zarba berish masalasini muhokama qilmoqda. Eron esa siyosiy kanallar va AQSh orqali Isroilga javob hujumi yengilroq bo‘lsa, Tehron katta zarbalardan o‘zini tiyishini bildirgani haqida xabarlar bor. Lekin Isroil Eronning strategik obektlarini nishonga olsa va bu davlat tinchligi, xavfsizligi hamda iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazsa, xalqning o‘zi Eron rahbariyatini siquvga oladi, deydi Farzom.

“Eronning maqsadi aslida Isroilga ziyon yetkizish emas, balki u ishongan “Temir gumbaz”ni yorib o‘tishni uddalashini ko‘rsatish edi”, – deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Isroil nishonga olishi mumkin bo‘lgan obektlar yadroviy inshootlar va neft bazalari bo‘lishi mumkin. Har ikkala holatda ham Eron jiddiy zarar ko‘radi. Rahim Farzomning qayd etishicha, agarda yadroviy inshootlar hujumga uchrasa, bu atrofdagi davlatlar, qo‘shni mintaqalar uchun ham jiddiy xavf yaratishi mumkin: atrofga radiatsiya tarqaladi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Vashington uchun Eron – Xitoy va Rossiyadan ham oldingi o‘rinda turuvchi dushman. Biroq turkiyalik tahlilchining aytishicha, Eronning mavjudligi va oliy rahnamo rejimi AQSh manfaatlariga ham xizmat qilmoqda. Masalan, mintaqadagi arab va musulmon davlatlar Eron kuchayib borayotganidan xavotirda va bu ularning AQShga yaqinlashishiga turtki bo‘lmoqda. Shunday sharoitda ayrim arab davlatlari Isroilning Eronga hujumidan manfaatdor bo‘lishi ham mumkin, deydi u.

Eron shunday davlatki, ham aholi, ham Eronga ishonch belgisini bergan siyosiy-harbiy kuchlar, guruhlar rahbariyatdan javob choralarini talab qiladi. Isroilning bo‘lajak hujumi qaqshatqich bo‘lsa, Tehronni hujum boshlashga ular ham majbur qila oladi, deydi Rahim Farzom.

Eron diplomatik kanallar orqali arab davlatlari va qo‘shnilarini Isroil hujumida ularning hududidan foydalansa, javobi og‘ir bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Tehron bo‘lajak zarbalarga tayyorgarlik doirasida Moskvadan yordam so‘ragan, havo hujumidan mudofaa texnikalarini olgan bo‘lishi ham mumkin. Ekspertga ko‘ra, bu qanchalik rost yoki yolg‘onligi hujumdan keyin aniq bo‘ladi.

Eronning Isroil hujumiga javobi jiddiyroq bo‘lishi Yaqin Sharqdagi urushni kengaytirib yuborishi mumkin. Tel-Avivning maqsadi ham shu aslida, lekin Vashington ayni davrda mintaqada yanada kattaroq urush boshlanishini istamaydi, deydi Eronni o‘rganish instituti eksperti.

Markaziy Osiyo davlatlari – Eronning qo‘shnisi. Turkiyalik tahlilchi fikricha, bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita Erondagi notinchlik Markaziy Osiyoga ta’sirini o‘tkazadi. Lekin bu davlatlar ayni vaziyatda Eron tomonida ekanini ham bildira olmaydi. Ular uchun betaraflik eng yaxshi tanlov, deydi Farzom.

Eronning jiddiy zarbaga uchrab, katta iqtisodiy zarar ko‘rishi uning biznes sherigi hisoblangan Turkiya manfaatlariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Prezident Erdo‘g‘anga ko‘ra, davlat maxsus kuchlari Isroil va uning Turkiyaga qarashlarini ham ko‘zdan qochirmayapti. Bunday sharoitda Turkiyaning ham qo‘lidan bir ish kelishiga ishonish qiyin, deydi tahlilchi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: