So‘nggi kunlarda benzin narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sezilarli darajada qimmatlashdi. Bu birjada narxlar oshgani fonida ro‘y beryapti.
16 oktyabr holatiga, AI-80 benzinining 1 tonnasi 10 mln 32 ming so‘mgacha qimmatlashdi. Bu rekord ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida o‘tkazilgan savdolarda ushbu markadagi benzinning har tonnasi 7 mln 293 ming so‘mdan sotilgan. Bir yil davomida birja narxlari 37,5 foizga oshdi.
Birjada taklif keskin kamaygan
16 oktyabr kungi savdolarda birjaga 1768 tonna AI-80 benzini qo‘yilgan. Solishtirish uchun, bir yil avval shu kuni birjaga 3180 tonna benzin chiqarilgan. Narxlarning oshishi ushbu mahsulotning savdoga qo‘yilish va sotish hajmi dinamikasi bilan bevosita bog‘liqligi ko‘rinadi, ya’ni taklif qisqargani ortidan narxlar oshmoqda.
Vaholanki, rasmiy raqamlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish ham, import hajmi ham ko‘paygan. Xususan, 2024 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 896 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda (2023 yilning yanvar-avgust oylarida 892 ming tonna) 4 ming tonnaga ko‘proq.
Shuningdek, joriy yilning dastlabki 8 oyida O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlarining importi 29,5 foizga ko‘payib, 1 mlrd 422 mln dollarni tashkil qilgan.
Kun.uz bilan suhbatlashgan xususiy AYoQShlar tarmog‘i egasining ta’kidlashicha, ayni paytda ularga birjadan olingan benzinning 1 litri 7900 so‘mga aylanmoqda. Shuningdek, bunga soliqlar, tashish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar ham qo‘shiladi. Natijada tannarxning o‘zi 8500 so‘mgacha yetishi mumkin.
“Narxlarning oshishiga hamma uchun bir xil qoidalar ishlamayotgani, birjaga chiqarilayotgan benzin hajmining keskin qisqartirilgani asosiy sabab bo‘ldi. Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekistonga K2 toifaga kiritiladigan benzinni import qilish taqiqlandi. AI-80 shu toifaga kiradi. Shuning uchun chetdan import qilish ham to‘xtab qoldi, biz uchun yagona yechim birjaga qo‘yiladigan miqdorni ko‘paytirish. Ayni paytda har bir MChJga kunlik savdolarda 4 tonnalik limit ham qo‘yilgan. Shuni ham 10 tonnagacha oshirish kerak”, dedi u.
Ayrim “xususiy” AYoQShlarga eksklyuziv imtiyozlar berilganmi?
2020 yil 1 maydan boshlab AI-80 markali avtomobil benzinining chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingandi. Bu “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorda AI-80 benzinini sotish neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Joriy yil boshida “O‘zbekneftegaz”ga tegishli bo‘lgan UNG Petro benzin shoxobchalari tarmog‘i “Petroleum Technology Group” MChJ egaligiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni davlatga tegishli bo‘lgan, mamlakatdagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i haligacha aniqlashtirilmagan shartlar asosida xususiy kompaniyaga berildi. Ayni paytda faqatgina UNG Petro brendi ostidagi zapravkalarda AI-80 benzini birjadagi joriy narxlardan ham ancha arzon, 6900 so‘mdan sotilyapti. Bu – UNG Petro xususiy qo‘llarga o‘tganidan keyin ham avvalgi imtiyozlaridan foydalanib kelayotganini ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni kompaniya boshqa benzin shoxobchalaridan farqli ravishda, benzinni birjadan emas, neftni qayta ishlash zavodlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Jahon bozorida neft narxi tushmoqda
O‘zbekistonda energetika ma’sullari benzin narxi oshishini qator holatlarda jahon bozoridagi narxlar bilan izohlaydi. Ammo global bozorlarda neft narxi tushsa, bu O‘zbekistondagi narxlarda mutanosib aks etmaydi.
Masalan, neftning Brent markasining 1 barreli o‘tgan yilning 19 oktyabr kuni 90,9 dollardan sotilgan bo‘lsa, ayni paytda narxlar 74,5 dollargacha arzonlashgan. Sentyabr oyida narxlar 68 dollargacha pasaydi.
Qo‘shni mamlakatlarda narxlar qanday?
Globalpetrolprices.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 14 oktyabr holati bo‘yicha yuqori sifatli 1 litr benzin narxi so‘mga taqriban olganda Turkmanistonda 5480 so‘m, Qozog‘istonda 6420 so‘m, Rossiyada 7760 so‘m, Ozarboyjonda 8280 so‘m, Qirg‘izistonda 11080 so‘m, Afg‘onistonda 11480 so‘mni tashkil etgan.
Tojikistondagi narxlar bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan. O‘zbekistonda esa 12590 so‘m ekani qayd etilgan.
Narxlarni solishtirganda ko‘rish mumkinki, O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan 2 barobar qimmatroq. Mamlakatda benzin narxi AQShdagi narxdan (11880 so‘m) ham yuqori.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston ichki bozordagi taqchillikni qoplash uchun chetdan benzin import qilishni ko‘paytirdi. Ushbu mahsulot asosan Rossiyadan xarid qilinyapti. Narxlar nisbatan arzonroq, geografik jihatdan ham yaqinroq qo‘shni Turkmaniston va Qozog‘istondan esa benzin importi umumiy import tarkibida katta ulushga ega emas.