Xitoy dunyodagi birinchi 6 tonnali uchuvchisiz samolyotni namoyish qildi

Fan-texnika 12:08 / 16.10.2024 5843

Xitoyning United Aircraft Group aviatsion texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyasi dunyodagi eng katta uchuvchisiz konvertoplan-samolyotni namoyish etdi.

Lanying R6000 nomli modelning og‘irligi 6 tonna, u 2 tonnagacha yuk tashiy oladi. Ushbu konvertoplan dunyodagi eng ilg‘or aviatsiya sinfidagi uchuvchisiz uchar apparat hisoblanadi. Samolyot ham uchuvchisiz, ham boshqariladigan operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi va xalqaro uzoq parvozlarni amalga oshira oladi.

Xitoyning Lanying R6000 samolyoti haqida nimalar ma’lum?

  • Sig‘imi: 10 nafargacha yo‘lovchi;
  • Uchish masofasi: 4000 kilometrgacha;
  • Maksimal tezligi: 550 km/soat;
  • Parvoz balandligi: 7620 metr.

Birinchi sinov parvozi 2024 yilning yozida amalga oshirilgan. U taxminan 20 daqiqa davom etgan, sinov davomida apparatning barcha tizimlari yaxshi ishlagan. Havo kemasi qanotlarining kengligi 16,1 metr, balandligi esa 4,6 metrni tashkil etadi. Yuk bo‘linmasining hajmi 12 metr kubga yetadi. Bugungi kunda u Xitoyda ishlab chiqarilgan eng yirik uchuvchisiz transport layneri hisoblanadi.

Ushbu dron samolyot vertikal ko‘tarilib, qo‘nishi, xuddi vertolyotga o‘xshab havoda muallaq turishi mumkin. United Aircraft Group kompaniyasiga ko‘ra, bu samolyotni transport, logistika, harbiy va boshqa sohalarda qo‘llash mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, Lanying R6000 mudofaa va qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini bajarish uchun mos keladi.

Kompaniya vakillarining aytishicha, Lanying R6000 ustida 10 yildan ortiq ishlangan. Uchoqning barcha afzalliklariga qaramay, uni ishlab chiqarish ancha murakkab ish.

Uchuvchisiz apparatni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida korporatsiya 200 dan ortiq korxonani birlashtirdi. Ular jarayonning butun zanjirini qamrab oladi: tadqiqot va ishlanmalar, texnik xizmat ko‘rsatish, foydalanish, kadrlarni tayyorlash, logistika va boshqa yo‘nalishlar.

Lanying R6000 ishlab chiqarilishi Hefei shahar okrugida joylashgan Uhu aviatsiya sanoat parkida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan, muddati hozircha e’lon qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: