Demokratiyaning iqtisodiy qiymatini ochgan trio. Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel kimlarga berildi?

Iqtisodiyot 18:33 / 16.10.2024 3738

Iqtisodiyot bo‘yicha bu yilgi Nobel mukofoti AQSh universitetlarida ishlovchi uch iqtisodchi Daron Ajemo‘g‘li, Saymon Jonson va Jeyms Robinsonga mamlakatlar o‘rtasidagi boylikdagi tafovut, xususan, Yevropa mustamlakasi ba’zi mamlakatlarning boy bo‘lishiga, boshqalari esa kambag‘al bo‘lib qolishiga olib kelganini ko‘rsatuvchi tadqiqotlari uchun berildi.

O‘zbek jamoatchiligi Ajemo‘g‘li va Robinsonni o‘zbek tiliga o‘girilgan “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi orqali taniydi. 2012 yilda nashr etilib, bessellerga aylangan kitobning to‘liq nomi – “Nima uchun xalqlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi: kuch, farovonlik va qashshoqlikning kelib chiqishi”. Bu ularning eng mashhur kitobi. Saymon Jonson esa Daron Ajemo‘g‘li bilan birgalikda “Kuch va taraqqiyot: Texnologiyalar va farovonlik uchun ming yillik kurash” kitobini yozgan.

Mamlakatlar o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish – eng katta muammolardan biri

Foto: Getty Images

Nobel qo‘mitasiga ko‘ra, laureatlarning tadqiqotlari qonun ustuvorligi past bo‘lgan jamiyatlarda aholini ekspluatatsiya qiluvchi institutlar taraqqiyotga g‘ov bo‘lishini ko‘rsatib bergan.

“Mamlakatlar o‘rtasida daromadlardagi katta tafovutni kamaytirish zamonamizning eng katta muammolaridan biridir. Mukofotlanganlar ushbu maqsadga erishishda davlat institutlarining muhimligini ko‘rsatib berishdi”, deb yozadi iqtisodiyot bo‘yicha mukofot qo‘mitasi raisi Yakob Svensson o‘z bayonotida.

Ajemo‘g‘li Massachusets texnologiyalar universitetida makroiqtisodiyot va siyosiy iqtisod bo‘yicha mutaxassis. Jonson esa ushbu universitetning Sloan menejment maktabida global iqtisodiyot va menejment guruhini boshqaradi. Robinson Chikago universiteti qoshidagi Harris davlat siyosati maktabida global konflikt tadqiqotlari professori.

Nyu-York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, bu olimlarning, ayniqsa Daron Ajemo‘g‘lining ertami-kechmi Nobel bilan taqdirlanishi aniq edi.

“Ajemo‘g‘li, Robinson va Jonson – dunyodagi eng samarali va ta’siri kuchli iqtisodchilar. Ularga Nobel berilishi vaqt masalasi edi. Bilsangiz, kanalimda ham 2019 yildan beri, Facebook'da 2016 yildan beri har yili Jeyms Robinson va Ajemo‘g‘li bu yil yutadi deb kelayotgan edim. Butun ilm-fan jamiyati shuni kutayotgan edi. Ajyemo‘g‘li qaysidir ma’noda Nobel olmaganining o‘zi mukofotga shubha tug‘dirib qo‘yishi mumkin edi. Olim nihoyatda nufuzli edi, shuning uchun bu kutilgan bo‘ldi. Hech kim uchun ajablanarli yangilik bo‘lmadi”, – deydi Hoshimov.

Daron Ajemo‘g‘li / Foto: Reuters

Harvard universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilovning fikricha, Daron Ajemo‘g‘li kelgusida boshqa tadqiqotlari uchun yana bir marta Nobel mukofotini olib, ikki marta Nobel olgan tarixdagi birinchi iqtisodchiga aylanishi mumkin.

“Uning ishlari, va ta’sir etgan yo‘nalishlari shunchalik kengki, barchasi e’tirofga sazovor. Masalan, bugungi Nobel mukofoti Daronning texnologiya va mehnat bozori haqidagi tadqiqotlarini umuman qamrab olmaydi. Shuning uchun keyingisini kutib qolamiz”, – deya yozdi Qobilov Telegram-kanalida.

Nobel bilan taqdirlangan izlanishlar

Mukofotlangan olimlar o‘z tadqiqotlarida yevropalik mustamlakachilar tomonidan bosib olingan hududlarda o‘rnatilgan siyosiy va iqtisodiy tizimlarni ko‘rib chiqqan. Ularning nuqtayi nazariga ko‘ra, mustamlakachilar o‘zlari bosib olgan hududlarga ikki xil munosabatda bo‘lishgan va shunga qarab iqtisodiy va siyosiy tizimlarni barpo etishgan.

Bu tizimlar (institutlar)ni tushuntirishda olimlar inklyuziv va ekstraktiv atamalariga murojaat qiladi. Inklyuziv institutlar hamma uchun teng imkoniyatlar va huquqlar yaratishga yo‘naltirilgan, ekstraktiv institutlar esa iqtisodiy resurslar va siyosiy qudratni bir necha shaxslar yoki guruhlar qo‘lida to‘plashga qaratilgan.

Iqtisodchilarga ko‘ra, tabiiy resurslarga boy, aholisi ko‘p, iqlimi esa yevropaliklar uchun noqulay bo‘lgan hududlarda (masalan, Afrika va Janubiy Amerikada) mustamlakachilar mahalliy aholini qul qilib ishlatib, tabiiy resurslarni tashib ketish payida bo‘lgan. O‘z-o‘zidan, bu hududlarda uzoq muddatli inklyuziv institutlarni yaratish emas, faqat iqtisodiy foyda olish maqsadida ekstraktiv institutlar o‘rnatish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan.

Yevropalik bosqinchilarning boshqa ayrim manzillari, masalan Shimoliy Amerika aholisi nisbatan kam, iqlimi va sharoitlari esa Yevropa aholisiga mos edi. Bu joylarda mustamlakachilar o‘zlarining kelajagini o‘ylab, uzoqroq vaqt qolishga qaror qilishgan, natijada inklyuziv institutlar yaratishga harakat qilishgan. Inklyuziv institutlar esa teng imkoniyatlar, qonun ustuvorligi va iqtisodiy taraqqiyotga yo‘l ochib, bu joylarda barqarorlik va rivojlanish uchun zamin yaratgan.

Demokratiyaning qadr-qiymati

Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson

Harvard Kennedi maktabining xalqaro siyosiy iqtisod professori Dani Rodrikning so‘zlariga ko‘ra, odatda, barcha uchun teng maktab ta’limi, qonun ustuvorligi va monopoliyaga qarshi siyosat kabi inklyuziv institutlar o‘sish uchun rag‘bat va imkoniyatlar yaratadi. Qullik va krepostnoylik kabi ekstraktiv institutlar esa keng aholi qatlamlariga zarar yetkazib, hokimiyat va resurslarni bir necha kishining qo‘lida to‘playdi.

Rodrikning tushuntirishicha, Nobel mukofoti bilan taqdirlangan trioning izlanishlari institutlar va iqtisodiy tarixni o‘rganishni iqtisodiy tahlilning eng markaziga olib keldi.

“Ular har xil turdagi institutlar, demokratiya va inklyuziv institutlarning qiymati haqida juda muhim, yangicha nuqtai nazarni ilgari surdi”, deydi Rodrik.

Nobel mukofoti veb-saytida bu haqda shunday deyilgan: “Inklyuziv institutlarni amalga oshirish hamma uchun uzoq muddatli afzalliklar yaratadi, ammo ekstraktiv institutlar hokimiyatdagi odamlarga qisqa muddatli afzallik beradi. Siyosiy tizim ularning hokimiyatda qolishini ta’minlasa, hech kim ularning kelajakdagi iqtisodiy islohotlar haqidagi va’dalariga ishonmaydi”.

Saymon Jonson / Foto: Associated Press

Mukofot e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida Saymon Jonson hayratda va xursand ekanini aytdi. Professorning so‘zlariga ko‘ra, hamkasblari Ajemo‘g‘li va Robinson o‘zlarining tadqiqotlariga undan ko‘ra biroz boshqacha yondashgan. Kommunizm qulagandan keyin Sharqiy Yevropada 10 yil ishlagan Jonson standart iqtisodiy tahlil nima uchun ko‘p narsa haqida ma’lumot bermaganidan hafsalasi pir bo‘lgan.

“Qaysi mamlakatlar boyib ketgani va bunda institutlar qay darajada rol o‘ynagani haqidagi savollar men oliy ta’limdan keyingi ta’limda o‘qigan iqtisodiyot fani uchun haqiqatan ham muhim ahamiyatga ega emas edi. Biz odamlarni institutlar muhimligiga ishontirish uchun ko‘p ish qilishimiz kerak edi”, – deydi u.

Daron Ajemo‘g‘lining aytishicha, mukofotga sazovor bo‘lgan tadqiqot demokratik institutlarning qadr-qiymatini urg‘ulaydi.

“Menimcha, biz qilgan ishimiz demokratiyaga yordam beradi”, dedi u Stokholmdagi Nobel qo‘mitasi va jurnalistlar bilan telefon orqali suhbatda.

Ammo u qo‘shimcha qildi: “Demokratiya – davo emas. Demokratiyani amalga oshirish juda qiyin ish. Saylovni joriy qilganingizda bu ba’zan nizolarni keltirib chiqaradi”.

Jeyms Robinson / Foto: Kun.uz

Jeyms Robinson Assosiated Press nashriga bergan intervyusida Xitoy repressiv siyosiy tizimini saqlab qolgan ekan, iqtisodiy farovonligini ham saqlab qolishi mumkinligiga shubha bildirdi.

“Jahon tarixida u yoki bu jamiyat 40, 50 yil davomida yaxshi rivojlangan ko‘plab misollar bor, – deydi Robinson telefon orqali. – Ko‘ryapsizmi, bu hech qachon barqaror emas. [...] Sovet ittifoqi 50-60 yil davomida rivojlandi. Qo‘shma Shtatlarga qarang. Bu qullik, imtiyozlar mamlakati edi, u yerda ayollarga iqtisodiyotda qatnashish yoki ovoz berish taqiqlangandi. Hozirda nisbatan inklyuziv va ochiq bo‘lgan har bir mamlakat bu o‘tishni amalga oshirgan. Zamonaviy dunyoda siz buni Janubiy Koreya, Tayvan, Mavrikiyda ko‘rgansiz”.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: