Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi yo‘llarni portlatib yubordi

Jahon 16:20 / 15.10.2024 14687

15 oktyabr kuni Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga olib boruvchi yo‘llarni portlatib yubordi, natijada harbiy demarkatsiya chizig‘idan shimolda joylashgan Kyongi va Tonhe yo‘llari shikastlangan. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi Shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi bayonotiga asoslanib xabar bergan.

Janubiy Koreya tomonida shikastlanish va jabrlanganlar bilan bog‘liq holatlar yo‘q, ammo janubiy koreyalik harbiylar portlashlarga javoban 1950-1953 yillardagi urushdan keyin tinchlik kelishuvi imzolamagan va hamon sulh holatida bo‘lgan ikki mamlakatni ajratib turuvchi demarkatsiya chizig‘i tomon ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

2018 yil mayida ikki davlat rahbarlari uchrashib, ikki Koreya bundan keyin o‘zaro jang qilmasligini e’lon qilganidan keyin davlatlarni bog‘lovchi yo‘llar o‘zaro munosabatlarning iliqlashishi ramzi sifatida qaralardi, deya eslatadi Reuters agentligi.

Assosiated Press agentligi qayd etishicha, ikki yo‘ldan ham kamdan kam hollarda foydalanilgan va ularning portlatilishi «g‘azabning ramziy ifodasi» bo‘ldi.

Seshanba kuni Janubiy Koreya Birlashish vazirligi yo‘ldagi portlashlarni qoralab, buni Pxenyanning «o‘ta g‘alati harakati» deb atadi. U vayron qilingan yo‘llar qurilishiga Janubiy Koreya pullari ham (roppa-rosa 133 mln dollar) sarflanganini aytgan, bu mablag‘ Shimoliy Koreyaga uning iltimosiga ko‘ra zaym ko‘rinishida berilgandi, Pxenyan yo‘llar yo‘q qilinganidan keyin ham bu qarzni to‘lashi kerak bo‘ladi.

Portlashlar kutilmagan holat bo‘lmadi, bu ikki Koreya munosabatlaridagi navbatdagi keskinlashuv fonida ro‘y berdi.

O‘tgan haftada KXDR o‘z hududlarini Janubiy Koreyadan «butunlay ajratib olish» va chegara hududlarni «qal’aga aylantirish» niyatini ma’lum qilgandi.

Bayonot yaqinda Pxenyan uzra dronlar orqali tashviqot varaqalari tashlanganiga javoban yangragandi. KXDR dronlar Seul tomonidan uchirilganini da’vo qilgan.

Janubiy Koreya hukumati bu hodisaga harbiy yoki fuqarolik organlari aloqadorligi yuzasidan izoh bermagan, ammo agar javob harakatlari tufayli Janubiy Koreya fuqarolari jabr ko‘rgudek bo‘lsa, KXDR «rejim yakuniga guvoh bo‘lishi»dan ogohlantirgan.

Bunga javoban KXDR yarimorolning sharqiy va g‘arbiy sohillari bo‘ylab ikki davlatni bog‘lovchi avtomobil va temiryo‘llarga shikast yetkazilishini anons qilgandi. Yonhap eslatishicha, Seul 14 oktyabr kuni Pxenyan allaqachon bu yo‘llarning alohida uchastkalarini minalashtirgani va chegaraga qo‘shimcha og‘ir texnikalar olib kelgani haqida ogohlantirgan.

Shu kuni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In harbiylar bilan yig‘ilishda «dushman tomonidan KXDR suverenitetini buzuvchi jiddiy provokatsiya»larga Pxenyan qanday javob qaytarishi kerakligini muhokama qilgan.

Ikki Koreya ham vaqti-vaqti bilan bir-birini «provokatsiya»larda ayblaydi. Oxirgi vaqtlarda KXDR Janubiy Koreya tomonga chiqindi solingan minglab sharlar uchirmoqda, Seul esa chegara bo‘ylab joylashtirilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali tashviqot translatsiyasini tiklagan.

Ko‘proq yangiliklar: