Mumiyo izlovchi: 70 yoshida ham tog‘-u toshda rizqini terib yurgan farg‘onalik Yorqinjon ota

Jamiyat 21:26 / 15.10.2024 29457

Yorqinjon Dadajonovning 70 yoshga kirganiga ko‘pchilik ishonmaydi. U chin ma’noda tog‘ odami, kunini tog‘ cho‘qqilarida o‘tkazadi. Farg‘ona tumanining Yordon qishlog‘idan bo‘lgan mo‘ysafidning g‘orlardan dorivor mumiyo yig‘ish asosiy yumushiga aylangan. “Purviqor tog‘lar hayotimning mazmuniga aylangan, cho‘qqiga chiqib, toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olaman, dorivor giyohlar to‘playman”, deydi u.

Mumiyo izlovchi Yorqinjon ota bilan tog‘ga birgalikda ko‘tarilib, mumiyo izlash va uni toshdan qanday ajratish jarayonini tasvirga oldik. Xulosa shuki, mumiyo izlash ko‘pchilik o‘ylaganchalik oson ish emas ekan.

Lekin g‘or ichidan mumiyo izlashning gashti boshqacha, ayniqsa, soy suvidan choy damlab cho‘qqida ichish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.

Tog‘ odami g‘or ichidan oz bo‘lsa-da, mumiyo topishga muvaffaq bo‘ldi.

“Esimni tanibmanki, mumiyo olish yumushim bo‘lgan. Mumiyo tog‘ning yemirilishi natijasida paydo bo‘ladi, yumronqoziqlar ularni yalab, yanada ko‘paytiradi. Bu tabiiy giyoh turli yaralarga, singan, chiqqanga ham davo bo‘ladi. O‘q yeb yaralangan kiyiklar ham mumiyoni hididan topib kelib, yalab, o‘z dardlarini tuzatadi. O‘q tegsa yoki biror joyi sinsa, shuni yalab davo topadi.

Yorqinjon Dadajonov

Tabiiy malham ko‘p dardlarga shifo: qo‘l yoki oyoq sinsa, tez bitkazadi. Mumiyoni tozalash ancha qiyin. 6 yoki 7 kunlab suvga ivitib qo‘yib, suzma holiga kelganda suzib olinadi.

70 yoshga qarab ketyapman va shu kungacha dorivor o‘simliklar: zirk, na’mataklar yig‘aman. Mumiyo yig‘ib uni ajratib olaman. Zirkning tomiri ham ming dardga davo, mumiyo esa singanni 20 kunda tuzatadi. Oshqozon bilan bog‘liq muammolarni ham bartaraf etishda yordam beradi.

Bolalikdan kunim tog‘da o‘tyapti desam ham bo‘ladi. Tabiat qo‘ynida tog‘ga chiqib, sayr qilib yurishni yoqtiraman. Toza havodan nafas olganim va doimiy tog‘ga chiqqanim uchun bo‘lsa kerak, qon bosimi bezovta qilmagan shu vaqtgacha. Biror marta kasal bo‘lganimni eslay olmayman.

Kuz mumiyo yig‘ish uchun eng qulay fasl. Mumiyoni asosan kuz faslida tog‘lardan olishga harakat qilaman. Yoz va bahorda tog‘ orasida ilon, chayonlar ko‘p bo‘ladi. Mumiyo qidirish biroz xavfli. Menga tog‘da kun kechirish yoqadi, ayniqsa, tog‘ning tepasida choy ichishning gashti boshqacha. Charchoqlaringiz chiqadi shunda.

Ikki nafar o‘g‘lim bor, lekin ular mumiyo yig‘ishga qiziqmadi. Eng ko‘pi bilan tog‘ orasidan 300 kilogrammgacha mumiyo topganman. Ammo bir urinishda tonnalab yig‘adiganlar ham bor. Hozir 1 kg mumiyoning narxi 100 ming so‘mdan oshiq turadi. Men bu ishni pul uchun emas, qiziqish uchun ham bajaraman.

Tepalikka chiqish, ko‘p yurish sog‘liq uchun foydali. Yana qon bosimi, allergiyasi bor odamlarga ham tog‘da yurishni maslahat beraman”.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: